
6-7 iyul kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida BRICS-plyus tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit fonida AQSH prezidenti Tramp BRICSga a’zo davlatlarga tahdid qilib, ularga nisbatan katta sanksiyalar va tariflar joriy qilish haqida gapirdi.
Bilamizki, Tramp – izolyatsionist siyosatchi, u AQSHning global mas’uliyati va xarajatlarini qisqartirish tarafdori. Unda savol tug‘iladi: agar Tramp ma’muriyati izolyatsiya, ihotalanish tarafdori bo‘lsa, unda nega u BRICSdan norozi, nimadan qo‘rqyapti?
Trampga qadar ham, AQSHning oldingi prezidentlari ham BRICSga salbiy munosabatda bo‘lgan edi. Xo‘sh, nega AQSH va G‘arb davlatlari BRICS+ tashkilotidan qo‘rqmoqda? Qo‘rquvning sababi nimada?
Keyingi asrlar G‘arb sivilizatsiyasining asri bo‘ldi. Taxminan keyingi besh asrda G‘arbiy Yevropa va biroz so‘ngra Shimoliy Amerika davlatlari dunyodagi eng qudratli davlatlarga aylanishdi. Dunyoning bu qismini birlashtirib, “Shimoliy Atlantika” deyish mumkin. Eng avvalo, Angliyada, so‘ngra G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikada sanoat inqilobi yuz berdi. Dunyodagi eng katta inqilobiy o‘zgarishlar, ixtirolar ushbu mintaqada amalga oshirildi. Elektr toki o‘ylab topildi, parovoz va poyezdlar ixtiro qilindi, avtomobil sanoati barpo bo‘ldi, ko‘plab boshqa texnologik yangiliklar yaratildi.
16-18 asrlarga kelib, misli ko‘rilmagan qudrat va boylik to‘plagach, G‘arbiy Yevropa davlatlari dunyoni o‘ziga bo‘ysundirish uchun yurish boshlashdi. Kolonializm davri yuzaga keldi. 19-asrda dunyoning G‘arb tomonidan bosib olinmagan sarhadi deyarli qolmadi. Faqatgina 20-asrning birinchi yarmida, ikki jahon urushi sabab, G‘arbiy Yevropa holsizlandi va o‘zining kolonial yerlarini ushlab qolishga qiynala boshladi. Shu sabab ham, 20-asrning ikkinchi yarmi kolonial imperiyalarning parchalanish davri bo‘lib tarixda qoldi.
Bugun G‘arb zaiflashayotgani yo‘q, u so‘nayotgani yo‘q, rivojlanishdan to‘xtagani yo‘q. Hali ham G‘arb davlatlari eng sanoatlashgan, katta va qudratli iqtisodiy va harbiy mashinaga ega davlatlar hisoblanadi. Unda nima o‘zgaryapti? O‘zgarayotgan narsa shuki, G‘arb bo‘lmagan mintaqalar va davlatlar ham rivojlanib boshladi, ular ham sanoatlashish borasida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Bugun G‘arb zaiflashayotgani yo‘q, balki Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari ham rivojlanib boshladi.
Misol uchun, BRICSning asoschilaridan biri Xitoy Xalq Respublikasi sanoatlashuvda, ishlab chiqarishda AQSHdan ancha o‘zib ketdi. Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi yoki Braziliya ham iqtisodiy o‘sishda, salohiyatda shiddat bilan o‘sib bormoqda. Bu davlatlar kecha juda zaif edi. Bugun esa, ular shakllangan o‘yin qoidasini ko‘rib chiqish tarafdori.
Ikkinchi jahon urushidan keyin dutun dunyo xonavayron bo‘lgan edi. Faqat AQSH iqtisodiy va harbiy qudrat markazi edi. Shuning uchun ham keyingi 80 yil ichida shakllantirilgan xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq, savdo-iqtisodiy aloqalar, vositalar, institutlar va instrumentlar markazida AQSHning qoidalari va instrumentlari turadi. Bu esa rivojlanib borayotgan dunyoda jiddiy xavotirlarga sabab bo‘ladi. Misol uchun, dunyodagi eng katta rezerv valyuta – AQSH dollari, biroq bu valyuta hech bir narsaga bog‘lanmagan. Yoki, SWIFT tizimini ishlab chiqishda ham AQSH asosiy rol o‘ynagan va Vashington istagan vaqtda Yevropadagi ittifoqchilari bilan birga bu tizim orqali qolganlarga bevosita yoki bilvosita ta’sir qila oladi.
Bugun BRICS-plyus a’zolarining strategik maqsadi – G‘arbning iqtisodiy va geoiqtisodiy gegemoniyasidan tashqariga chiqish. Ya’ni iqtisodiy va geoiqtisodiy munosabatlarda Vashington irodasidan tashqari bo‘lgan, AQSH tizimiga muqobil bo‘lgan tizim yaratish hisoblanadi. Lekin, BRICS-plyusning maqsadi – g‘arbni iqtisodiy va geoiqtisodiy qulatish, so‘ndirish emas, balki o‘zlarining iqtisodiy va geoiqtisodiy mustaqilligini ta’minlashdir.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio ko‘p qutblilikka Amerikaning munosabati ijobiy ekani haqida vaqti-vaqti bilan gapirib turishi mumkin, lekin Tramp hammaga ko‘rsatma berish huquqi borligiga ishonadi, jumladan, Braziliyaga, JARga, Xitoy yoki Rossiyaga ham. Tramp bir tomondan izolyatsionist, ya’ni u AQSH resurslarini tejash maqsadida tashqi dunyodagi mas’uliyat va majburiyatlarni qisqartirmoqchi. Lekin Tramp ayni paytda imperialist, chunki u “dunyoni men boshqarishim kerak” deb hisoblaydi.
BRICS deklaratsiyalarida erkin savdo, BMT va Jahon savdo tashkiloti qoidalari urg‘ulanadi, lekin AQSH buni “bizga qarshi tashkilot” deb qabul qiladi. Chunki bugun AQSHning o‘zi BMT va JST qoidalariga qarshi ish ko‘rmoqda. Trampning savdo-iqtisodiy urushlari, tariflari va sanksiyalari JST qadriyatlari va qoidalarini yer bilan yakson qildi, qadrsizladi.
BRICS-plyus borasida AQSH oldida ikkita yo‘l turgan edi. Birinchisi, ko‘p qutbli dunyoni qabul qilish va o‘yin qoidalarini, to‘g‘ri raqobat va hamkorlik qoidalarini qolganlar bilan kelishib olish edi.
Ikkinchi yo‘l, o‘z gegemonligini saqlab qolish uchun, bor resurslarni ishga solib boshqalarning rivojlaniishini ortga surish, boshqalarning rivojlanishini izdan chiqarish, sanksiyalar, tariflar qo‘llash, savdo-iqtisodiy urushlar yo‘li edi. Hozircha AQSH faqat ikkinchi yo‘ldan ketyapti.
Dunyoga ko‘p qutblilik kerak. Qolaversa, bu – obyektiv jarayon. Bu jarayonni hech kim to‘xtata olmaydi, jumladan, AQSH va kollektiv G‘arb ham. O‘zbekiston, Markaziy Osiyo uchun BRICS-plyus kabi iqtisodiy ko‘p qutblilik shamolini olib keluvchi tashkilotlar, loyihalar – albatta foydali. Lekin bu borada ma’lum chaqiriqlar va vazifalar ham bor. BRICSning asoschilaridan biri hisoblanmish Rossiya – biz uchun kechagi kolonial imperiya, bugun esa – revizionist. XXR ham demokratik bo‘lmagan, yaqin qo‘shnimiz.
Demak, dunyoda ko‘p qutblilik shakllanib borar ekan, biz – Markaziy Osiyo, turkiy dunyo, musulmon dunyosi o‘zimizning siyosiy, geosiyosiy mustaqilligimizni, subyektligimizni oshirish uchun o‘zaro hamkorlik, birdamlik, integratsiya loyihalari borasida har doimgidan kuchliroq o‘ylanishimiz va sa’y-harakat qilishimiz kerak bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! siyosatshunos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar