
Yaqin Sharq osmoni yana havf bilan to‘ldi — Isroil armiyasi Damashq markaziga yangi zarbalar yo‘llagani ortidan AQSH ma’muriyati xavotir bildirib, harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi, deb xabar berdi axios.com.
16 iyul kuni Tramp ma’muriyati Isroil hukumatiga murojaat qilib, Suriyaga nisbatan havo hujumlarini to‘xtatishni va Damashq bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishni tavsiya etdi. Bu haqda jurnalist Barak Ravid o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mazkur talab Isroil tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi zarbalardan oldin yoki keyin bildirilgani aniq emas.
Ayni paytdagi vaziyat ancha keskin. 15 iyul kuni Isroil armiyasi Suriyadagi zirhli texnikalarga hujum qilgan bo‘lsa, 16 iyul kuni bu zarbalar yanada jiddiy tus oldi — Suriya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi binosi va prezident saroyi yaqinida joylashgan harbiy inshootlar nishonga olindi.
Bu harakatlar fonida, As-Suvayda viloyatida Suriya hukumat kuchlarining kiritilishi va u yerdagi druz jamoasi himoyasining kuchaytirilishi turli tahlillarga sabab bo‘lmoqda. Isroil rasmiylari ushbu harbiy zarbalarni aynan shu himoyani neytrallashtirish harakati sifatida izohlashmoqda.
Bu holat Vashingtonda ham jiddiy xavotir uyg‘otgan. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bergan bayonotga ko‘ra, Amerika tomoni mojaro tomonlari bilan faol diplomatik muloqot olib bormoqda. Uning ta’kidlashicha, vaziyat nazoratdan chiqishi mumkin va ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotning yo‘lga qo‘yilishi — bugungi kundagi eng aqlli yo‘ldir.
Tahlilchilar fikricha, agar harbiy to‘qnashuvlar shiddati pasaytirilmasa, butun mintaqada yangi mojaro alangalanishi mumkin. Chunki har bir yangi hujum nafaqat ikki davlat, balki ularning xalqaro ittifoqchilari o‘rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Yaqin kunlarda mintaqa atrofidagi diplomatik faollik yanada ortmoqda. Masalan, BMT va Yevropa Ittifoqi diplomatlari ham bu mojaroni bartaraf etish bo‘yicha shaxsiy muloqotlarga tayyor ekanini bildirishdi.
Bir narsa aniq: Yaqin Sharq osmonidagi har bir raketa, har bir zarba ortida nafaqat harbiy, balki geosiyosiy muvozanatlar ham silkinayotgani sezilyapti. Endi esa barcha diqqat — Isroilning keyingi qadami va Vashingtonning diplomatik bosimi darajasida bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar