21:33 / 19.08.2020
3 088

Yumor ostiga yashiringan achchiq haqiqat

Yumor ostiga yashiringan achchiq haqiqat
Nega yapon yuz yil yasharu,
O‘zbek buncha yoshga bormaydi.
Chunki yapon bizdek qorong‘u
Sahar turib oshga bormaydi...


Shoir Erkin Vohidovning bu satrlarida naqadar achchiq haqiqat yumor ostiga yashirilgan. Bugun vujudga kelayotgan yangidan yangi kasalliklarning ham aksariyati inson o‘z salomatligiga o‘zi befarqligidan, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga, tozalikka rioya qilmaslikdan, kamharakatlilikdan, qolaversa, badantarbiya bilan shug‘ullanmaslikdan paydo bo‘lyapti, desak yanglishmaymiz.

Prezidentmizning xalq bilan muloqotlarda Ibn Sino hikmatlarini, «Tib qonunlari»ni o‘qishga da’vat etishlari ham bejiz emas. Barvaqt uyg‘ongan kuningizni bir eslang, kun mobaynida qanchalar tetik va bardam yurasiz. Sahar turib, ish kuningizni badantarbiya bilan boshlasangiz nafaqat taningiz, balki ruhiyatingiz ham tetiklashadi. Ammo...

Ammo ish, o‘qish, turmush tashvishlari sabab ertaroq turishga erinamiz. Garchi nahorgi osh, to‘yu bazmlar, ma’rakalarga vaqt va kuch topsak-da. Bugun karantin davrida ko‘p vaqtimiz uyda o‘tmoqda. Tabiiyki, bunda kamharakatlilik yuzaga keladi va o‘z-o‘zidan turli kasalliklar xavfi ortib boradi. Bunday paytda salomatligimizni asrash uchun nimalar qilishimiz kerak? Mavzu yuzasidan yig‘ilgan rang-barang fikrlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Insonning hayot tarzi bir xil bo‘lmasligi kerak.

— Odam boshqa mavjudotlarga qaraganda ijtimoiy mavjudot bo‘lganligi uchun jamoa oldida burch, mas’uliyat degan hislarga ko‘proq e’tibor qaratadi, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan narsani puxta bajarishga harakat qiladi, — deydi Boboyor To‘rayev, psixolog. – Ya’ni ko‘pchilikning salomatligi, farog‘ati, omma oldida ado etiladigan tadbirlar uchun ham vaqt topadi, ham kuch topadi. O‘ziga nisbatan jamoaning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Ko‘pchilikning nazari, ko‘pchilikning bahosi bilan ko‘proq hisoblashadi. Odatda buning zamirida qo‘rquv, hadik yotadi, juda ham qadimiy qo‘rquv. Odamlar oldida xijolatli yoki aybdor bo‘lib qolmaslik uchun tongda bo‘ladigan marosimlarga, hatto majlislarga ham kechikmay boramiz. Ayniqsa, Sharq xalqlarida jamoa oldidagi burch tushunchalari ancha yuqori o‘rinda turadi.

Kaykovusning «Qobusnoma» asarida inson uchun bir kunda uhlash me’yori to‘rt soat qilib belgilangan. Ammo bugungi zamon olimlari normal uyqu sifatida 8 soatni qayd etadi. Umuman olganda, uyquga to‘ygan miya yaxshi ishlaydi. Ayni paytdagi karantin sharoiti ko‘pchiligimizni uyquchi, lanj va tez-tez nimadir tanovul qilishga moyil qilib qo‘yayotgani sir emas. Uzluksiz uzoq vaqt davom etgan bir xil ish-harakat inson salomatligi va ruhiyatiga qattiq ta’sir o‘tkazadi.

Bunday sharoitda inson o‘ziga o‘zi «shifokor», o‘ziga o‘zi «psixolog» bo‘lishi kerak. Bugungi zamonaviy psixolog olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, badantarbiya refleks bo‘lib qolishi uchun uzluksiz 66 marta mashq qilganidan so‘ng odatga aylanadi. Demak, uy sharoitida sahar turib, toza havoda jismoniy mashqlar bajarishni odat qilish, ko‘proq ho‘l meva va sabzavotlar yeyish, suyuqlik ichish foydalidir. Birinchi, ikkinchi urinishda inson ko‘ngildagidek badantarbiya qila olmas, ammo keyingi safarlarida o‘zida chiniqish hosil qiladi.

— Bir so‘z bilan aytganda, inson hayot tarzini o‘zgartirsa, ruhiyat gigiyenasiga rioya qilsa, ya’ni xayolidagi xavotirlardan xalos bo‘lsa, uyqu gigiyenasi (uhlashdan oldin ovqat yemaslikka, xonani shamollatib olish)ga amal qilsa u ertalab tiniqib uyg‘onadi, — deydi psixolog. — Va erta uyg‘ongach asta-sekin jismoniy mashqlarni shartli refleksga aylantiradi.

Badan tarbiyasi — ruh tarbiyasi
Ibn Sinoning «Tib qonunlari» kitobi bugungi kunda nafaqat yurtimizda, balki jahon tibbiyot sohasida ham keng foydalanilishi sir emas. Ushbu asarda badantarbiya qilgan kishiga dard yaqin kelmaydi, deya ta’kidlangan. Buning isboti sifatida sog‘ligingda yugurmasang, kasal payting chopa-chop qilasan, deydi dono xalqimiz. Aslida tan chiniqishi ruh chiniqishidir. Muqaddas kitoblarda, ulug‘ ajdodlar hikmatlarida ham bu to‘g‘rida olam-olam fikrlar yozib qoldirilgan.

— Bugun koronavirusni yuqtirib olganlar soni 36 mingdan oshdi, – deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Dildora Nabiyeva. – Aslida har qanday dardni yengish vaksinadan ham ko‘proq sizu bizga, o‘zimizga bog‘liq. Davlatimiz rahbari ushbu pandemiyaga qarshi kurashishni «o‘ziga xos jang maydoni»ga qiyoslagani bejiz emas. Bu maydonda hamma barobar kurashishi kerak. Uyda qolish va karantin qoidalariga amal qilish eng oddiy, ayni paytda eng kerakli va zarur yordam hisoblanadi.

Bilamizki, islom dini inson salomatligiga, erta turishga, jismoniy harakatga katta ahamiyat qaratgan din hisoblanadi. Ko‘plab diniy kitoblarda ham, xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Mo‘minning me’roji» kitobida quyidagicha fikr keltiriladi: «Namozda bajariladigan harakatlar yengil, oson bo‘lgani uchun yurakka zo‘r kelmaydi (toliqtirmaydi) va kunning ma’lum bir vaqtlarida bajarilgani uchun insonni doimo tetik tutadi. Miya hujayralarining qon bilan yaxshi to‘yinishi tufayli namoz o‘qiydigan odamlarda xotira sustligi va skleroz kamroq uchraydi. Bunday kishilarning turmush tarzi sog‘lom bo‘ladi».

Qarang, barvaqt turishda qancha hikmat bor! Yuqorida she’rda, yumor ostiga olingan achchiq haqiqat ham aynan o‘z sog‘lig‘imizga o‘zimizning qanchalar befarqligimizni anglatadi, desak yanglishmaymiz. Shunday ekan, ertadanoq barvaqt turib, badantarbiya qilishni odat qiling. Zero, harakatda barakat deydilar. Shunday emasmi?

Yulduz O‘RMONOVA

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yumor ostiga yashiringan achchiq haqiqat