23:26 / 21.08.2020
2 451

Deputatlar UzAuto Motors ustidan bosh prokurorga so‘rov kiritdi

Deputatlar UzAuto Motors ustidan bosh prokurorga so‘rov kiritdi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Oliy Majlisning 6 nafar deputati bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxonovga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Deputatlar Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan «UzAuto Motors» AJda o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari bo‘yicha olingan ma’lumot va hujjatlarda qonunbuzarliklar, korrupsion holatlar va iste’molchilarning huquqlariga putur yetkazish kabi alomatlar ko‘rinayotgani sababli mazkur masalani alohida o‘rganib, jinoyat alomatlari bor-yo‘qligi yuzasidan huquqiy baxo berish va vakolat doirasida choralar ko‘rishni so‘ramoqda.

So‘rovni parlament a’zolaridan Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev, Nodir Jumayev, Bekmirza Eshmurzayev, Zafar Jalolov va Anvarxon Temirov imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi xulosasiga ko‘ra, monopolist kompaniya «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgan. Xususan, mart oyida avtomobillar narxi o‘rtacha 10,29 foizga asossiz oshirilgan.

Shu boisdan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi avtomobillar narxini rusumi va modifikatsiyasiga qarab 3 million so‘mdan 15,7 mln so‘mgacha kamaytirish talabini qo‘ydi.

O‘z navbatida, UzAuto Motors bu ayblovni rad etdi va qaror ustidan sudga shikoyat qilishini bildirib, narxlarni pasaytirmasligini e’lon qildi. Kompaniyaning hisoblashicha, komissiya qarori «bir taraflama» va «noto‘liq ma’lumotlarga asoslangan».

UzAuto Motors bayonoti ortidan, deputat Doniyor G‘aniyev bu masalada «oxirigacha kurashishlari»ni bildirdi.
«UzAuto Motors sud orqali jarayonni qanchalik cho‘zishga va shu orqali masalani kun tartibidan chiqarishga harakat qilmasin, biz baribir qo‘mita bilan birgalikda kompaniya bilan oxirigacha kurashamiz», – dedi G‘aniyev.

Deputat Nodir Jumayev esa monopolist korxonaga «o‘zini oqlashni emas, raqobat sharoitida ishlashni o‘rganish»ni tavsiya qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikning bir qismi deputatlarni bu harakatlari uchun olqishlagan bo‘lsa, yana bir qismi sabablar bilan emas, oqibatlar bilan kurashilayotganiga e’tibor qaratdi – ular avtosanoatdagi proteksionizmdan voz kechishga, xorijdan avtomobil olib kirishga qo‘yilgan boj cheklovlarini keskin kamaytirishga chaqirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)