13:03 / 07.09.2020
2 649

Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasi ilm minbarida

Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasi ilm minbarida
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda ushbu sohalar samaradorligini oshirish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–4166-son qarori shular jumlasidandir.

Mazkur qaror bilan Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etilgan bo‘lib, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 14 maydagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasi — huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qo‘llaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlari tizimi ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda ichki ishlar organlari tizimin isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida probatsiya xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Probatsiya “sinov” degan ma’noni anglatib, xalqaro tajribada ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning ijro etilishini ta’minlash va nazoratini olib borish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Bunda sud hukmi yoki ajrimi bilan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslar tomonidan jazoning ijro etilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 fevraldagi “Ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2020-2021 yillarda ichki ishlar organlari probatsiya xizmati faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlari rejasida probatsiya faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish masalasi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2020 yil davlatimiz tomonidan Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinib, bu boradagi ustuvor maqsadlar belgilandi. Endilikda mazkur ustuvor maqsadlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi Raisining joriy yilning 28 avgustdagi qaroriga binoan Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali huzurida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tuzildi. Ilmiy Kengash 12.00.14 – “Huquqbuzarliklar profilaktikasi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash. Probatsiya faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyalar himoyasini o‘tkazadi.

Bu esa, mamlakatimizda avvaldan shakllangan ilmiy maktablar salohiyatini hisobga olib, hozirgi bosqichdagi milliy manfaatlarimiz va taraqqiyotimiz yo‘lida aynan ushbu sohalarni ilmiy salohiyatini rivojlantirish uchun ayni muddao desak bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu sohadagi ta’lim va ilm-fanga alohida e’tibor qaratilganligi mazkur sohalarni yangi bosqichga ko‘tarishni talab qiladi. Bu esa jamiyatimiz oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz yechish qiyinligidan kelib chiqib, mazkur sohani va olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri ekanliginini ko‘rishimiz mumkin.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, aynan huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat xavfsizligini ta’minlash va probatsiya faoliyati sohalari bo‘yicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar shu sohalarning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ular orqali yangi bilimlar o‘zlashtiriladi va nazariyalar shakllantiriladi, kelgusi amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalar uchun mustahkam asos yaratiladi.

Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali
Xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b.
Dilfuza Abdullayeva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasi ilm minbarida