15:28 / 17.11.2020
2 230

50 ming AQSH dollarli Al-Xorazmiy xalqaro mukofoti kimlarga taqdim etiladi?

50 ming AQSH dollarli Al-Xorazmiy xalqaro mukofoti kimlarga taqdim etiladi?
MATЕMATIKA - mushohadalarga asoslangan bilimlar haqidagi fan. Aynan shunday ta’riflanadi manba’larda.
Dastlab oddiy sanoq sonlar va ular ustidagi arifmetik amallardan boshlangan matematik bilimlar umuminsoniy taraqqiyot bilan birga kengayib va chuqurlashib borgan.

Faxr bilan ta’kidlash lozimki, ulug‘ allomalarimiz Abu Abdulloh Al-Xorazmiy, Abu Nosir Farobiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, G‘iyosiddin al-Koshiy, Umar Xayyom, Nasriddin at-Tusiy, Mirzo Ulug‘beklarning matematikaga qo‘shgan hissalari beqiyos.

Bugungi kunda yurtimizda matematika fanini rivojlantirishga yanada katta e’tibor berilmoqda.
Prezidentimiz imzolgan «Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, matematika sohasidagi yutuqlar uchun Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofot uchta yo‘nalishda beriladigan bo‘ldi.
16 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti borasida press-brifing o‘tkazildi.

Unda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan mamlakatimiz va xorijda faoliyat yuritayotgan matematika sohasidagi olimlar jamoasini keng tanishtirish va jamoatchilikka ushbu mukofot taqdirlash tartibi haqida ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion vazirligi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori Shahlo Turdiqulova:
- Ta’lim va ilm-fanning rivojlanish darajasi bugungi kundagi jamiyat taraqqiyotining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. 2020 yilni yurtimizda “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deya nomlanishi hamda joriy yilda ilm-fanning matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarida fundamental, amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fan, ta’lim tizimining o‘rni nihoyatda beqiyos ekanini anglatadi. Ilm-fan yo‘nalishlariga bunday e’tibor kelajakda o‘z samarasini berishi shubhasiz.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada katta qadam bo‘ldi. Chunki mazkur qaror mamlakatimizda ta’limning barcha sohalarida matematika fani darslarining, mazkur fanga oid o‘quv adabiyotlar sifatining oshishiga, matematika faniga qiziquvchi yoshlarning ko‘payishiga, iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish mexanizmini tashkil etib, ularni ixtisoslashtirilgan maktablarga, keyinchalik oliy ta’lim muassasalariga, ilmiy maktablarga qamrab olish masalalarini samarali yechishga imkon beradi.

Darhaqiqat, Matematika fanini o‘rganayotgan yoshlarda mantiqiy fikrlash rivojlanadi, kelajakda iqtisodiyotning istalgan tarmog‘ida malakali kadr bo‘lib yetishishiga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion vazirligi, Boshqarma boshlig‘i Abbos Boboxonov:
- Bu mukofot, birinchidan, xalqaro miqyosdagi matematika bo‘yicha fundamental yutuqlar uchun, ikkinchisi, matematikani amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingani uchun, uchinchisi esa yosh matematiklarga beriladi. Albatta, katta miqdordagi rag‘batlantirishning bu turi olimlarimiz, yoshlarimizni bu fan yo‘nalishlarida izlanishlar olib borishga undaydi. Mazkur mukofotni xorijlik olimlarga ham berilishi ko‘zda tutilgan.

Eng asosiysi, Matematika sohasidagi yutuqlarni aniqlash va mukofot bilan taqdirlanadigan nomzodlarning dastlabki ro‘yxatini tayyorlash uchun Matematika jamiyatida doimiy asosda faoliyat olib boruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tayyorlash Qo‘mitasi tuziladi. Qo‘mita Matematika jamiyatiga a’zo bo‘lgan ekspertlardan iborat tarkibda tuziladi va Matematika jamiyatining umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi.
  • Xalqaro mukofot bilan taqdirlanish bu katta yutuq hisoblanadi. Ayniqsa, yosh olimlar uchun oldinga intilishga yordam beradigan katta qadam bo‘ladi. G‘olib bo‘lganlar ilmiy izlanishlarini amaliyotga joriy etishlari kerak. Bunda ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda;
  • davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
  • iqtisodiyotning real sektoridagi muayyaan muammoning yechimini ta’minlagani to‘g‘risida Internet jahon axborot tarmog‘ida e’lon qilingan ilmiy natijalar ko‘rib chiqiladi.

Mukofot 1 ta yo‘nalish bo‘yicha 1 ta olimga yoki olimlar jamoasiga teng taqsimlanish asosida beriladi. Shu bilan birgalikda, Mukofot har 2 yilda 3 ta yo‘nalishga ham beriladi degani emas, agar mukofot talablariga mos nomzodlar bo‘lmasa yo‘nalishlar bo‘yicha mukofot taqdim etilmasligi mumkin.

Mukofot 50 ming AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Innovatsiya Vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida taqdim etiladi. Al-Xorazmiyning ilmi Islom olamida universitetlarning matematika va astronomiya darsliklariga asos bo‘lib xizmat qildi. "Algebra” so‘zi olimning Al-Jabr nomli kitobi nomidan olingan.

Borlig‘imizni qamrab turuvchi har qanday texnologiyalar uchun asos sifatida xizmat qiladigan fan nomidagi "Algoritm” atamasi esa aynan olimning Al-Xorazmiy ismidan olingan.

Yevropalik olimlar bir necha asrlar davomida barcha hisob-kitoblarning tagiga «diksit Algoritmi» ya’ni «AlXorazmiy shunday deydi» deb qo‘shib ketishni o‘zlariga sharaf deb bilishgan. Bu olimlarning hisob-kitoblarni aynan Al-Xorazmiy ko‘rsatmalari asosida o‘tkazganini bildirar edi.

Endi aytingchi, biz bu nomni oqlashga albatta haqlimiz. Bu sa’y-harakatlar yangi davr uchun, mukammal bilimlar manba’i bo‘lsa ajab emas.

Nargiza Kamalova jurnalist.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 50 ming AQSH dollarli Al-Xorazmiy xalqaro mukofoti kimlarga taqdim etiladi?