12:43 / 02.12.2020
8 471

Odam savdosi o‘zi nima?

Odam savdosi o‘zi nima?
Inson insonni sotishi naqadar ayanchli va jirkanj holat ekanligini hammamiz bilamiz.
Ammo, ming afsuski oramizda shunday qabix ishlarni qiladigan nobakor insonlar ham mavjud.

Odam savdosi o‘zi nima?
Odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish.

Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini, to‘qimalarini va (yoki) hujayralarini ajratib olishni anglatadi.

Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha barcha mamlakatlar odam savdosiga qarshi kurashishmoqda, hatto odam savdosini oldini olish maqsadida turli qonunlar ham chiqarilmoqda.

Lekin hozirgi kunda ushbu jirkanj jinoyatga qo‘l urayotgan insonlar o‘zimizning davlatimizda ham mavjud. Shu sababli, mamlakatimizda 2020 yil 17 avgustda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-633-sonli O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirda qabul qilishi ayni muddao bo‘ldi.

Mazkur qonunning odam savdosiga qarshi kurashish sohasida quyidagi asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish belgilangan. Jumladan:
  • odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
  • odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • odam savdosini o‘z vaqtida aniqlash va unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipini ta’minlash;
  • odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ijtimoiy himoya qilish;
  • odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferensiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag‘batlantirish;
  • odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik.

Bundan tashqari, davlatimizda Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari ham tuni kuni o‘z hizmat faoliyatini olib bormoqda. Bular jumlasiga.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.
Ammo davlatimiz tomonidan ushbu jinoyatchilikka qarshi ko‘plab qonunlar chiqishiga qaramasdan, ayrim insonlar tomonidan odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchrab turibdi.
Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi muqarrar.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining sudya yordamchisi
G.Davronov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Odam savdosi o‘zi nima?