14:21 / 21.12.2020
2 288

Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksida yangi shartnomaning shartli deponentlash (Eskrou) turiga oid normalar

Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksida yangi shartnomaning shartli deponentlash (Eskrou) turiga oid normalar
Jahonda ro‘y berayotgan ilm-fan taraqqiyoti, iqtisodiy aloqalarning takomillashuvi hamda mol-mulkka oid yangi amaliyotlarning vujudga kelishi, shatnoma turlarining ham rivojlanishiga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillash- tirish konsepsiyasida ham shartnomaviy-huquqiy munosabatlarning sifat jihatdan yangi mexanizmlarini joriy qilish zarurligi alohida vazifa qilib belgilangan.

Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasiga rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, yangi shartnoma turi sifatida shartli deponentlash (Eskrou) turi kiritish taklif qilinmoqda.

Ushbu shartnoma turi anglo-sakson huquqiy tizimiga ega bo‘lgan davlatlarda tadbirkorlik faoliyatida, ayniqsa banklar tomonidan keng qo‘llaniladi. Shuningdek, kontinental huquqiy tizimga ega davlatlar ham ushbu shartnomani joriy qilgan.

Bizda ham ushbu yangi shartnoma turining tegishli asoslari va normalarini belgilab olish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga ko‘ra, amaldagi Fuqarolik kodeksi loyihasida Shartli deponentlash (eskrou) deb nomlangan, 940-947-moddalardan iborat bo‘lgan, yangi 50-bob kiritilmoqda.

Mazkur yangi bob shartli deponentlash shartnomasi (eskrou), eskrou-agentning haqi, benefitsiarga mol-mulkni o‘tkazish uchun asoslarni tekshirish, deponentlangan mol-mulkni ajratib chiqarish, ashyolarni deponentlash xususiyatlari, hujjatsiz qimmatli qog‘ozlarni va naqdsiz pul mablag‘larini deponentlash xususiyatlari, eskrou shartnomasi taraflari-ning talablarini mol-mulkka qaratish xususiyatlari, eskrou shartnomasi-ning bekor bo‘lishi bilan bog‘liq qoidalarni tartibga soladi.

Yangi bobda qanday moddalar ko‘zda tutildi
Yangi bob loyihasi 8 ta moddadan iborat bo‘lib, quyidagi normalar nazarda tutilgan:
Shartli deponentlash shartnomasi (eskrou)ning mohiyati, kimlar o‘rtasida tuzilishi, amal qilish muddati, qanday hollarda notarial tasdiqlanishi, deponentlash obe’ktlari hamda o‘zaro eskrou kabi normalar 940-moddada yoritilgan.

Xususan, shartli deponentlash shartnomasi (eskrou) bo‘yicha deponent eskrou-agentga mol-mulkni deponentning boshqa shaxsga o‘tkazish majburiyatini bajarish uchun uni deponentlashga berish majburiyatini oladi, eskrou-agent esa ushbu mol-mulkning saqlanishini ta’minlash
va shartnomada ko‘rsatilgan asoslar yuzaga kelganda uni benefitsiarga topshirish majburiyatini oladi.

Eskrou shartnomasi deponent, benefitsiar va eskrou-agent o‘rtasida tuziladi hamda mol-mulkni deponentlash muddatini nazarda tutishi kerak. Eskrou shartnomasini amal qilish muddati besh yildan oshmasligi kerak. Ko‘proq muddatga tuzilgan yoki muddatsiz tuzilgan eskrou shartnomasi besh yilga tuzilgan hisoblanadi.

Eskrou shartnomasi notarial tasdiqlanishi shart bo‘lib, naqdsiz pul mablag‘lari va (yoki) hujjatsiz qimmatli qog‘ozlarning deponentlash holatlari bundan mustasnodir.

Deponentlash ob’ektlari bo‘lib ko‘char mulk (jumladan, naqd pul, hujjatli qimmatli qog‘ozlar va hujjatlar), naqdsiz pul mablag‘lari, hujjatsiz qimmatli qog‘ozlar hisoblanadi.

Shuningdek, taraflar eskrou-agentda ikki taraflama shartnoma taraflarning o‘zaro topshirilishi kerak bo‘lgan mol-mulk deponentla-nishini nazarda tutuvchi shartnoma ya’ni o‘zaro eskrou tuzishlari mumkin.

Eskrou-agentning haqi to‘g‘risidagi normalarga ko‘ra, agar shartnomada boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa:
- eskrou-agent o‘z majburiyatlarini bajarganligi uchun haq to‘lanishini talab qilishi mumkin;
- deponent va benefitsiarning eskrou-agentga to‘lash bo‘yicha majburiyati solidar bo‘ladi;
- eskrou-agent o‘zining haqi to‘lanishi yoki ta’minlanishi hisobiga deponentdan olingan mol-mulkni hisobga kiritishi yoki ushlab turishi mumkin emas.

Benefitsiarga mol-mulkni o‘tkazish uchun asoslarni tekshirishga oid normalarga ko‘ra, agar eskrou shartnomasida benefitsiarga mol-mulkni o‘tkazish uchun asoslar yuzaga kelganligini tasdiqlashi uchun benefitsiar tomonidan hujjatlarni taqdim etish majburiyligi nazarda tutilgan bo‘lsa, eskrou-agent ularni tashqi belgilari bo‘yicha tekshirishga majbur hamda taqdim etilgan hujjatlar oqilona ravishda ishonchli emas deb hisoblanganda, mol-mulkni topshirishdan bosh tortishi mumkin, agar shartnomada boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa.

Bundan tashqari eskrou shartnomasida eskrou-agentning benefitsiarga mol-mulkni topshirish asoslari mavjudligini tekshirish majburiyati nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Deponentlangan mol-mulkni ajratib chiqarishga oid normalarga ko‘ra:
- eskrou-agentga topshirilgan mol-mulk uning mol-mulkidan ajratilishi kerak. Ushbu mol-mulk alohida balansda aks ettiriladi va (yoki) u bo‘yicha mustaqil hisob yuritiladi;
- eskrou-agentning unga deponentlash uchun topshirilgan mol-mulkni
shu turdagi boshqa (shu jumladan, o‘zining) mol-mulk bilan aralashtirib yuborishi eskrou-agentning deponent va benefitsiar oldidagi majburiyat-larini tugatmaydi;
- agar shartnoma bilan boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki majburiyatning mazmunidan kelib chiqmasa, eskrou-agent unga deponentlash uchun topshirilgan mol-mulkdan foydalana olmaydi va uni tasarruf qila olmaydi.

Agar eskrou-agent bank bo‘lmasa, naqdsiz pul mablag‘lari uning nominal hisob raqamida deponentlanadi. Eskrou-agent tomonidan ochilgan nominal hisob raqamining benefitsiari mol-mulkni shartnomada ko‘rsatilgan benefitsiarga topshirish asoslari yuzaga kelish sanasiga qadar deponent bo‘ladi, ko‘rsatilgan sanadan so‘ng esa benefitsiar eskrou shartnomasi bo‘yicha nominal hisob raqami bo‘yicha benefitsiar bo‘ladi.

Eskrou-agentning qarzlari bo‘yicha undiruvni deponentlangan mol-mulkka qaratish, bunday mulkka band qo‘yish yoki unga nisbatan ta’minlash choralarini qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Deponent qarzlari bo‘yicha undiruvga qaratish eskrou shartnomasi bekor qilinganda yoki u bo‘yicha majburiyatlar buzilganida deponentning benefitsiarga yoki eskrou-agentga nisbatan huquqi (talabi) bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. Benefitsiarning qarzlari bo‘yicha undiruv uning eskrou-agentga nisbatan deponentlangan mol-mulkni topshirish to‘g‘risidagi huquqiga (talabiga) qaratilishi mumkin.

Eskrou shartnomasi eskrou-agent bo‘lgan fuqaroning vafot etishi, uni muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilishi, eskrou-agent bo‘lgan notariusning vakolatlari tugatilishi, yuridik shaxs bo‘lgan eskrou-agentning tugatilishi, eskrou shartnomasining muddati tugashi natijasida, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra bekor bo‘ladi.

Deponent va benefitsiar yozma ravishda yoki eskrou shartnomasida belgilangan boshqa usulda eskrou-agentga qo‘shma xabarnoma bergan holda eskrou shartnomasidan voz kechishi mumkin.

Eskrou shartnomasi bekor bo‘lganda, agar deponent va benefitsiar kelishuvi bilan boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa, deponentlangan mol-mulk deponentga qaytariladi, ushbu mol-mulkning benefitsiarga topshirish uchun asoslar paydo bo‘lganida u benefitsiarga topshiriladi.

Agar eskrou shartnomasi mazkur moddada nazarda tutilgan holatlar paydo bo‘lguniga qadar boshqa shaxsga o‘tkazilmagan bo‘lsa, deponentlangan mol-mulk deponentga qaytariladi, ushbu mol-mulkni benefitsiarga topshirish uchun asoslar paydo bo‘lganida u benefitsiarga topshiriladi.
O‘zgartirishlardan kutilayotgan natijalar

Taklif etilayotgan yangi normalar mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishi mumkin bo‘lgan yangi shartnoma turini joriy etish va tadbirkorlik faoliyati uchun qulayliklar yaratish va ularning huquqiy himoyasini kuchaytirishda ijobiy natijalarni berishi kutilmoqda.

Mazkur takliflarni ishlab chiqishda xorijiy davlatlardan AQSH, Buyuk Britaniya, BAA, Singapur, Rossiya va boshqa MDH davlatlarining shu yo‘nalishga oid tajribalari o‘rganildi.

Nazarali Norbayev,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksida yangi shartnomaning shartli deponentlash (Eskrou) turiga oid normalar