17:30 / 08.01.2021
4 024

Ota qudratli bo‘lsa, o‘g‘il ham qudratli bo‘ladimi?

Ota qudratli bo‘lsa, o‘g‘il ham qudratli bo‘ladimi?
Epigraf: Yirik bir tadbirkor tanishim bor edi. Bir kuni o‘g‘lidan shikoyat qilib yonimga kelib qoldi: Mana bu lapashangni qarang. Hamma sharoitni muhayyo qilib qo‘yganman, birovning oldida ikki og‘iz so‘zini eplab gapira olmaydi. Judayam bo‘sh, 25 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, bor narsani yurgiza olmaydi. Men noldan tiklanib shu darajaga yetganman, otam kambag‘al bo‘lgan. Ertaga men o‘lsam, qiyinchilik bilan yaratgan shuncha davlatimni rivojlantirish u yoqda tursin, hech bo‘lmasa uni o‘sha holida ushlab tura oladimi, bu zang‘ar?! Bu gaplarni o‘g‘il boshi egik holatda eshitib o‘tirardi. Haqiqatan ham ota oldida o‘tirgan o‘g‘ilning juda bo‘shangligi shundoq ko‘zga tashlanib turibdi.

Xo‘sh! Ota qudratli bo‘lsa, o‘g‘il ham qudratli bo‘ladimi? Afsuski yo‘q. Har doim ham emas. Kerak bo‘lsa, Ota qudrati, bolada endi nish urayotgan motivatsiyani mutlaq yo‘qotishi ham mumkin. Ko‘rdingizmi?! Hammasi ham biz, ya’ni ota-onalar o‘ylaganidek bo‘lavermaydi. Ha, hayotda mana shunaqa teskari psixologiya mavjud. Yana bir holatga e’tibor qarating: Bu – bechoraxol otadan, qudratli o‘g‘il voyaga yetishi. Bu ajoyib fenomenni nafaqat tarixdan bilamiz, balki atrofimizda ham ro‘y berib yotibdi. Xo‘sh nega shunday?! Bunday holatlarning psixologik negizi nimada?! Sabab va oqibatlar orasidagi bog‘liqliklarni ko‘rsatib o‘tishga harakat qilaman:

1.Ota o‘z qudratini farzandlari, ayniqsa o‘g‘li oldida ko‘z-ko‘z qilaverishi kerak emas, aks holda ularda endi nish urayotgan motivatsiya so‘nadi yoki rivojlanmay qoladi. Ayniqsa, “Men qilayotgan ishlarni ko‘rdingmi?! Sen bo‘lsa, lapashangsan!”, “Sen ham otangga o‘xshab qudratli bo‘la olarmikansan” va h.k. Bunda iboralar yosh bolaning psixologiyasini albatta sindiradi. Chunki hali u bunday savollarga javob berishga tayyor emas.

2.Ota qilayotgan ishlariga bolani jalb qilmasa, mashaqqat bilan erishilgan qudrat, obro‘-e’tibor va boyliklar bolani qiziqtirmay qo‘yadi, ularning qadriga ham yetmaydi. Demak, ota bolani ish joyiga olib borib, u yerdagi sharoitni ko‘rsatib turishi, kerak bo‘lsa ota zavod qurayotgan bo‘lsa, bolasiga o‘sha yerdagi oddiy ishchilar mehnatini ko‘rsatishi kerak. Ana shunda bola uning stolida turgan yoki papkasida yurgan oddiy narsalar, katta mehnat evaziga yaratilishini o‘zi guvoh bo‘ladi, birovlar mehnatining qadriga yetadigan bo‘ladi.

Shu bois ham buyuk sarkardalar o‘z taxtiga voris tayyorlaganda o‘g‘illariga ilk bolalik davridan qilich va qalqon ushlashni o‘rgatishgan, yurishlarga olib chiqishgan, g‘alaba qanday azoblar bilan qo‘lga kiritilishini ularga ko‘rsatishgan. Bobir Mirzoni ko‘z oldingizga keltiring.

3.O‘g‘il bolaga 12 yoshgacha bo‘lgan davrda pul qadri, mehnat mashaqqati va ilm bilan pul topish yo‘llari haqida so‘zlab berish emas, balki ularning o‘zi bu jarayonda ishtirok etishi kerak. Bir e’tibor qilingga, temirchi, duradgor, o‘ymakor ustalar, ya’ni qo‘l mehnati bilan oila yurgizadigan hunarmandlarning farzandlari aksariyat hollarda aqlli va mehnatkash bo‘lishadi. Ularning ota-onasiga hurmati ham boshqacha. Chunki hunarmandlar ota-bobomdan qolgan kasbim menga kelib o‘zgalar qo‘liga o‘tib ketmasin, deb faqat o‘z farzandlarini ilk bolalik davridan boshlab hunar o‘rgatishadi.

Eng qizig‘i, hunarmandlarning ustaxonasi, aksariyat hollarda o‘z uyida bo‘ladi. Tarbiyasi uchun bu juda zo‘r vaziyat. Chunki bola har doim otasi oldida, ota esa bolasi oldida bo‘ladi. Bola bor-yo‘g‘i 300 gramm turadigan mo‘’jazgina o‘sha kichkina likopchani qanchalik azoblar bilan bir necha kun ichida yaratilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib-kuzatib boradi, bu matox qachon tayyor bo‘lishini intiqlik bilan kutadi, uni qo‘lga kiritgach juda ayab tutadigan bo‘ladi va h.k. Hunarmandlar o‘z farzandlari uchun ham turli xil kichik asbob-uskunalar tayyorlab berishadi va “Qani o‘zing ham ishlab ko‘rchi toychog‘im” deydi.

Besh yasharlik bola, ya’ni jajji hunarmand o‘zi mustaqil ravishda ishlayotib bir-ikki marotaba qo‘liga bigiz tiqib oladi, qo‘li va yuz-ko‘zlari qorayadi, ozgina shilinadi va mashaqqatli mehnat nimaligini hamda uning rohatini maktabga bormasdan o‘z tanasida his qilib ulg‘ayadi. Tabiiyki, bunday bolaga mehnat nimaligi va pul qadri haqida uzundan-uzoq vaazxonlik qilishga hojat ham qolmaydi, kerak ham emas. Chunki uni hayotning o‘zi tarbiyalayapti.

4.Ko‘p ota-onalar topgan pulini o‘z farzandlari oldida ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘rishadi. Bu yaxshi emas. “Nima qipti, o‘z farzandlarimku! Ular hursand bo‘lishadi, ko‘ngli ko‘tariladi”. Bular – xato fikrlar! “Mana qara! Men bir kunda qancha pul topdim”, kabi iboralar maktab yoshidagi bola ruhiyati uchun o‘ziga yarasha zarbadir. Hali endi matematika, adabiyot, iqtisodiyot, mehnat darsi hamda insof va diyonatni o‘rganayotgan bolaning miyasiga pul haqida quyilayotgan bunday gaplar, albatta, unda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni so‘ndiradi va endi nish urayotgan motivatsiyani yo‘qqa chiqaradi.

Hozirda qudratli bo‘lgan ota-onalar, kambag‘al oiladan voyaga yetgan bo‘lishadi, dedik. Quyidagi omillar va vaziyatlarni yoritish orqali bu savolga javob berishga harakat qilaman:
Kambag‘al ota omili. Deylik, maktab yoshidagi bola o‘z otasining doimo o‘choq boshida yurganini ko‘rib katta bo‘lyapti. Bu ham mayli. Agar g‘ururli yosh bolaning ko‘zi oldida uning otasiga to‘y-marakalarda “Hey tez bo‘l, o‘tin olib kel, olovni yoq, mehmonlarni kutib ol” deb ish buyuraverish o‘sha voqeani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rayotgan yosh bola ruhiyatida o‘chmas iz qoldiradi: “Hamma kattalar mazza qilib mehmonxonada o‘tirsa, nega mening otam mehnatdan qabargan qo‘llari bilan o‘choq boshidan ketmaydi?”, “Otamning boshqa otalardan qayeri kam?” va h.k.

Deylik, otasi doimo o‘choq boshida yuradigan yigitcha faqat a’lo baholarga o‘qiydi. Uning partadosh o‘rtog‘i esa nuqul ikkiga o‘qiydi, savodsiz va tarbiyasiz. Biroq o‘sha ikkichi bolaning otasi katta lavozimda ishlaydi va o‘ta puldor odam. Tabiiyki bundaylar har doim izzat-hurmatda bo‘lishadi. Bola esa ilmli odamlar hurmat-e’tiborda bo‘lishi kerak, degan fikrda. Chunki unga maktabda ham, uyda ham “Ilmli xor bo‘lmas va doim izzat-hurmatda bo‘lur” deb ta’lim-tarbiya berishyapti. Biroq ushbu bolaning ko‘z oldida boshqacha voqealar ro‘y beryapti.

O‘sha ikkichi bolaning to‘yga kelgan qudratli otasini yuqori tavozelar bilan to‘rga o‘tkazishyapti, biroq a’lochi bolaning otasi bilan hech kimning ishi yo‘q. Chunki u oddiy ishchi va uning joyi qora o‘choq boshida. Bu holatni ko‘rgan maktab o‘quvchisi otasi oldiga kelib “Ota u kim?” deb so‘raydi. U katta odam bolam, katta institutlarda o‘qigan, katta lavozimda ishlaydi, katta karxonaning rahbari, uni barcha hurmat qiladi. Qara! Uning to‘yga kelganiga uy egasi hursand!

Qo‘llari qora, ellik yoshga kirmay bellari bukchaygan va doimo to‘y-marakalarda uyga, bola-chaqalarimga bir lagan osh olib ketarman, to‘yga kelgan konfetlardan berib yuborishar, deb to‘yda yelib-yugurib qora mehnatdan qo‘llari qabargan otaning bu ahvolini hadeb kuzatavergan bolaning miyasida bir umrga o‘chmas iz qoladi: “Bunday bo‘lishi mumkin emas, bu vaziyatni men o‘zgartiraman, men qudratli odam bo‘laman, otamni qora mehnatdan olib chiqaman...”. Hayotning o‘zi bolaning miyasiga solgan bunday fikrlar unda kuchli motivatsiyani uyg‘otadi, u butun vujudi bilan ilmga sho‘ng‘iydi, otasiga rahmi kelib o‘choq boshida yuradi, unga yordam beradi, ilk bolaligidan mehnatga mehr qo‘yadi va hayot nimaligini ko‘rib boradi va h.k.

Kambag‘al ona omili. Agar o‘sha a’lochi bolaning onasi maktabda farrosh bo‘lsa-yu, unga maoshingni ikki barobar oshirib beramiz, maktab ichkarisini ham, hovlisini ham supurib-sidirasan, deyishsa va bu holat o‘sha maktabda o‘qiyatgan bolasi oldida ro‘y berib tursa, bu holat zehnli bolada kuchli motivatsiya uyg‘onishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Maktabdan charchab kelgan ona uyga kelib mol-holga qaraydi, farzandlariga ovqat tayyorlaydi, go‘shtni grammlab soladi va h.k.

Bu vaziyatlarni ko‘rib ulg‘ayayotgan zehnli bolada: “Bu holat uzoq davom etishi kerak emas, otamni ham, onamni ham qora mehnatdan olib chiqishim kerak, ular ham boshqa ota-onalarga o‘xshab rohat-farog‘atda yashashlari kerak” kabi fikrlar paydo bo‘ladi va kelajakda kuchli inson bo‘lishim kerak, degan motivatsiyani uyg‘otadi. Albatta bolaga yo‘l-yo‘rig‘ ko‘rsatib yuborish o‘ta muhim.

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ota qudratli bo‘lsa, o‘g‘il ham qudratli bo‘ladimi?