19:22 / 20.01.2021
1 311

O‘zbekiston bo‘yicha pensiya va nafaqa oluvchilar soni ma’lum qilindi

O‘zbekiston bo‘yicha pensiya va nafaqa oluvchilar soni ma’lum qilindi
Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy tuman (shahar) bo‘limlarida hisobga olingan pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3,824 million kishini, ya’ni aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda pensiya va nafaqa oluvchilarning soni 2020 yil 1 yanvar holatiga nisbatan 147,2 ming nafar yoki 4 foizga ko‘paygan.

Shundan, 2 million 849 ming nafarini (74,3 foizi) yoshga doir pensiya, 386,5 ming nafarini (10,1 foizi) nogironlik pensiya, 189,1 ming nafarini (5,0 foizi) boquvchisini yo‘qotgan pensiya oluvchi oilalar va 400,3 ming nafarini (10,6 foizi) nafaqa oluvchilar tashkil qildi.

2021 yil 1 yanvar holatiga pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni to‘g‘risida ma’lumot
Pensiya jamg‘armasining «Daryo» ma’lum qilishicha, 400 mingdan ortiq nafaqa oluvchilar kesimida yoshga doir nafaqa 37,2 ming shaxsga, bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandli onalarning 5,2 ming nafariga, ish staji bo‘lmagan 1—2 guruh imkoniyati cheklangan 37,4 ming shaxsga haq to‘lanmoqda. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan 35 ming oilaga, 16 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan 117 ming bola hamda 16 yoshdan katta 1—2 guruh bolalikdan nogironligi bo‘lgan 167 ming shaxsga nafaqa to‘lanmoqda.

2020 yilda 333 ming 450 nafar fuqarolarga yangi pensiya va nafaqalar tayinlangan.

Pensiya jamg‘armasining 2020 yil uchun daromadlar rejasi 20 trillion 134 milliard so‘m bo‘lib, ijrosi 20 trillion 592 milliard so‘mni (shundan, soliqlardan tashqari tushumlar miqdori 176,2 milliard so‘mni) tashkil etgan.

Ma’lumot uchun, nafaqa — muhtoj odamlarga davlat, korxona, muassasa va ayrim shaxslar tomonidan beriladigan yordam puli.

O‘zbekistonda mehnat stajiga ko‘ra beriladigan pensiyadan farqli holda nafaqalar davlat tomonidan, asosan, bolalikdan nogiron, yolg‘iz qariya va yolg‘iz nogironlarga, mehnatga vaqtinchalik qobiliyatsizlarga, homilador va tug‘gan ayollarga, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalari tarbiyasi bilan band bo‘lgan ayollarga, ishsizlar, kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga beriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)