21:16 / 01.02.2021
2 378

Sudlar faoliyatida 2021 yildan boshlab nimalar o‘zgarmoqda?

Sudlar faoliyatida 2021 yildan boshlab nimalar o‘zgarmoqda?
So‘ngi to‘rt yil ichida sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, sud tizimini malakali va halol pok kadrlar bilan to‘ldirish, sud organlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish bo‘yicha davlat rahbarining tashabbusi bilan izchil ishlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6127-sonli Farmoni, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshirishga qaratilgan yana bir muhim hujjat bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz.

Jumladan, mazkur Farmon bilan sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni ta’minlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash belgilandi.

Shuningdek, 2021 yil 1 fevraldan boshlab sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Sudyalar oliy Kengashi va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida, ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini Internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yish hamda sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta’minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish joriy etilmoqda.

2021 yildan boshlab, sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik holatlari yuzasidan Kengash raisi tomonidan kiritilgan taqdimnoma prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko‘rib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi yoki qo‘zg‘atish rad etilganligi haqida Sudyalar oliy Kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan xabar berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Farmonda belgilangan yana bir muhim tartiblardan biri, joriy yildan boshlab sudyalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga tegishli malaka hay’atlari roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi hamda sud hokimiyati mustaqilligini va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish holati yuzasidan Kengash raisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakuni bo‘yicha axborot taqdim etib borilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, shu davrgacha faoliyat yuritib kelgan sudyalar daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha sud inspeksiyasi negizida, Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tuzildi.

Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirishni maqsadida, “Ibratli sudya” mukofotini, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib pensiyaga chiqqan sudyalar uchun “Sud faxriysi” ko‘krak nishonini joriy etish va Kengash huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubini tashkil etish belgilab qo‘yildi.

Prezident Farmoni, sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olishga qaratilganligidan dalolat beradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining raisi
Avazjon Ibodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sudlar faoliyatida 2021 yildan boshlab nimalar o‘zgarmoqda?