00:20 / 04.02.2021
1 379

O‘zbekiston va AQSH harbiy shifokorlari COVID-19ga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdi

O‘zbekiston va AQSH harbiy shifokorlari COVID-19ga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdi
Missisipi shtati Milliy gvardiyasi vakillari va O‘zbekiston Mudofaa vazirligining Tibbiyot direksiyasi, Markaziy harbiy klinik gospitali rahbariyati o‘rtasida onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi. Tadbirda tomonlar COVID-19ga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar bo‘yicha tajriba almashdi.

Elchi Javlon Vahobov tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz aholisi orasida koronavirus bilan kasallanganlar sonining sezilarli darajada kamaygani haqida ma’lumot berdi. Respublikada iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlari faoliyati tiklangani, ilgari joriy qilingan cheklovlar bekor qilingani qayd etildi. Biroq tibbiy niqobda yurish va ijtimoiy masofani saqlash majburiyati saqlab qolingani ta’kidlandi. MDH, Janubiy Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharq davlatlarining ba’zilari bilan xalqaro reyslar tiklangani ma’lum qilindi.

Markaziy harbiy klinik gospital vakillari Mudofaa vazirligi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda COVID-19ga qarshi kurashish bo‘yicha 815 o‘rinli tibbiyot markazi tashkil etganini ta’kidladi. Bu yerda pandemiya boshlanganidan beri 18 mingdan ziyod bemor davolangan. E’tiborlisi, markazdagi bemorlarning atigi 10-15 foizi intensiv terapiyaga zarurat sezdi.

Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general Jenson Boylzning aytishicha, mintaqada anjuman o‘tkazilgan kungacha 268 ming 672 kishi yangi virusli infeksiyani yuqtirgan. Ulardan 5 ming 917 nafari koronavirus bilan bog‘liq asoratlar tufayli vafot etgan. Hududda har kuni o‘rtacha 2 ming 100 kishi ushbu yaxshi o‘rganilmagan virusga chalinmoqda, o‘lim holati 35-45 kishini tashkil qilmoqda. Ta’kidlanishicha, shtatda hanuzgacha aholi uchun karantin cheklovlari mavjud, ommaviy tadbirlar bekor qilingan, ta’lim muassasalari yopilgan.

Amerikalik generalning so‘zlariga ko‘ra, Milliy gvardiya shtatda 250 dan ortiq harbiy xizmatchi ishlaydigan 15 ta yirik tibbiy markaz tashkil qilgan. O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida shtatda aholini, birinchi navbatda 65 yoshdan oshgan qariyalar, tibbiyot xodimlari va ijtimoiy sohada ishlaydigan mutaxassislarni virusga qarshi emlash boshlandi. Har kuni 17-18 ming kishi koronavirusga qarshi yangi vaksina olmoqda. Biroq shtat aholisining 30-35 foizi yangi dori-darmonga ishonchsizlik tufayli COVID-19 vaksinasini qabul qilishdan bosh tortmoqda.

Missisipi Milliy gvardiyasi tibbiyot mutaxassislari, shuningdek, koronavirus bilan kasallangan bemorlarning aksariyati uyda davolanayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, kasallikning dastlabki besh kuni davomida Markaz xodimlari bemorlarning ahvolini masofadan nazorat qilmoqda. COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarga, odatda, ibuprofen asosidagi virusga qarshi preparatlar buyurilmoqda. Missisipidagi tibbiyot muassasalari koronavirusga qarshi uch turdagi testlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega: ko‘chma laboratoriyalardagi ekspress-tahlil (aniqlik darajasi - 60-70 foiz), statsionar tibbiyot maskanlaridagi tahlil (95 foiz aniqlik), PZR-test (100 foiz aniqlik).

Muzokaralar natijasida Missisipi Milliy gvardiyasi tomonidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi uchun ekspress-testlar taqdim etishda amaliy yordam berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, pandemiya sharoitiga qaramasdan, general Jenson Boylz ichida Missisipida mamlakatimiz Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini yaqin kunlarda qabul qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasidagi hamkorlikning poydevori 2012 yilda qo‘yilgan edi. O‘sha yil Pentagon ushbu shtat Milliy gvardiyasini respublikamiz Mudofaa vazirligining hamkori etib belgilagan edi. Hozirgi kunda O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasida ko‘p qirrali va izchil hamkorlik amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil sentabr oyida Milliy gvardiya qo‘mondoni Jenson Boylz va kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi avvallari asosan harbiy aloqalar bilan cheklangan munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

2019 yil fevral oyida O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi Missisipi shtatida bo‘ldi. Mazkur tashrif davomida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va shtat Qishloq xo‘jaligi va savdo departamenti, Missisipi shtati rivojlanish administratsiyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Shtat innovatsion assotsiatsiyasi («Innovate Mississippi») o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

2019 yil may oyida O‘zbekiston-Amerika munosabatlari tarixida birinchi marta shtat gubernatori Filipp Brayant O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Qishloq xo‘jaligi, ta’lim, investitsiya va madaniyatlararo almashinuv sohalarida muhim kelishuvlarga erishildi. Klinton va Zarafshon shaharlari o‘rtasida birodarlashgan shaharlar munosabatlari o‘rnatildi. Missisipi davlat universiteti va Alkorn universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasida akademik hamkorlik o‘rnatildi.

2019 yilda Klinton shahri meri Fil Fisher va Zarafshon shahri hokimi Anvar Rajabov ushbu shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini rivojlantirish doirasida o‘zaro tashriflar almashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va AQSH harbiy shifokorlari COVID-19ga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdi