11:50 / 04.02.2021
3 161

Abdukarim Mirzayev uch kun tuz totmay, kasalxonaga tushib qolgani haqida gapirib berdi (video)

Abdukarim Mirzayev uch kun tuz totmay, kasalxonaga tushib qolgani haqida gapirib berdi (video)
Foto: «Daryo»
«Daryo» muxbiri Feruz Muhammad uzoq yillar mobaynida poytaxtda ijara uylarda yashab, ijaraning turli xil qiyinchiliklarini boshidan o‘tkazgan va o‘tkazayotgan taniqli insonlar bilan intervyu qildi.

Taniqli jurnalist, rejissyor Abdukarim Mirzayev talabalik vaqtidagi ijara va ochlik azobi, uch kun tuz totmagani sababli kasalxonaga tushib qolgani haqida gapirib berdi.

- "Biz talaba bo‘lgan paytda men onam bilan bir oyda bir gaplasha olardim yoki yo‘q. Uyda telefon yo‘q edi, qo‘shnining uyiga telefon qilish kerak edi, uning uchun telegrafga borish kerak, nomer berib, navbat kutish kerak, ular bir amallab tushgandan keyin, uyoqdagi qo‘shnilar bizning uyga yugurishi kerak edi, onam yana yugurib qo‘shnining uyiga chiqishi kerak edi, buning uchun unga otam ruxsat berishi kerak edi, buncha uzoq vaqtdan keyin «Allo, bolam...» degan gapni eshitgandan keyin tomog‘imga bir narsa tiqilardi, suhbat bitardi.

Hozirgi yoshlar bunday narsalarni his qiladimi, his qilmaydimi, bunday sog‘inch bormi, yo‘qmi, bilmayman. Lekin bizda shunaqa edi.

Uni aytaman, buni aytaman, mana bu muammoni aytaman... Kimgadir dardihol qilgingiz keladi, kichkinaligingizdan onangizga qilgansiz dardiholingizni. Endi u onaizorni halloslab yugurib kelib, «bolam» deyishi bilan muammolarni aytolmay qolardik.

Men Toshkentda eski uyda yashardim, 40—50 yillarda qurilgan bo‘lsa kerak, hozir bormi, yo‘qmi bilmayman. «Bobur» bog‘ining u tomonida, «Rakat» mahallada edi. Judayam eski edi. Bir kuni ertalab uyg‘onsam, ko‘cha ko‘rinib turibdi, uyning devori yiqilib tushibdi-da, yomg‘ir yog‘gani sabab. Men devorga qarab yotardim, ko‘zimni ochsam oyoqlar, ko‘chadagi odamlar egilib qarab o‘tyapti.

Suv sizib, devorga oqqan, xom g‘isht sabab o‘pirilgan. Keyin amallab uni to‘g‘irladik. Shundan keyin derazaga, umuman hamma joyiga konserva idishlarini qo‘yib chiqadigan bo‘ldim, yomg‘ir yog‘sa, taqirdab tovush chiqadi, uyg‘onardimda, keyin tashqariga chiqib turardim. «Uy qulab tushsa tagida qolib ketmay», deb o‘zimni himoya qilardim. Bir o‘zim yashardim.

Ijara hovlining o‘rtasida bir o‘rik daraxti bor edi. Bahorda g‘o‘rasini yerdim, yozda mevasini yerdim, kuzda yerga tushgan qoqisini yerdim, qishda danagini yerdim. Shu birgina daraxt meni 4 ta faslda boqardi. Ilhom aka degan akamiz bor edi, rahmatli, rassom edi, birga yashardik. Ikkalamizni quruq choy olishga pulimiz bo‘lmasdi, suvni qaynatib, buxanka nonni botirib nonushta qilardik. Kechki ovqatga ham qaynagan suv va buxanka. Tushlikda institutdan 2 ta kartoshkali perajki yoki bo‘lmasa, yotoqxonada birorta o‘rtog‘imizning xonasida yana buxanka yerdik.

Yotoqxonada haykaltarosh o‘rtog‘im bor edi, Shohruh degan. Turg‘un degan bir do‘stimiz bo‘lardi, qashqadaryolik. Bir kuni kirib keldi, juda hazilkash yigit edi. Biz Shohruhni xonasida buxankani yeb bo‘ldik, buxankani ushog‘i ko‘p bo‘ladi, ushoqlari qoldi. Turg‘un ushoqlarga qarab, «Ooo, bu shohona dasturxon» deb barmog‘ida ushoqlarni terib yedi.

Juda ajoyib davrlar edi. Lekin biz «qornimiz och, nima yeymiz, nega qiynalib yashayapmiz», deb o‘ylamasdik. Tojiniso xolam, haftada bir marta yakshanba kuni osh qilardi, yakshanba kuni borib bir tovoq osh yerdim. Mastava qilib berardilar, yog‘li-go‘shtli ovqatlar haftada bir marta bo‘lardi. O‘sayotgan paytlarimiz edi...

Masalan, bir voqeani aytib beraman, hech qayerda aytmaganman. Pul qolmadi, yeyishga hech narsa yo‘q. G‘urur ham shu qadarki, buni birovga aytishning ilojisi yo‘q. Oradan bir kun o‘tdi, suv ichaman, yotaman. Ikkinchi kun yana suv ichaman, yotaman, 3 kun o‘tdi, yana suv ichaman, yotaman. Suvni ham ko‘p icholmayman, ozgina ichaman. Chunki och qoringa suv ichaversangiz, xuddi bo‘sh idishga suv solib chayqatgandek, yursangiz ichingiz g‘ult-g‘ult qilib qimirlab, bezovta qiladi.

Boshqa narsa yo‘q. Holim yo‘q, uxlab qolaman. 3-kunmi, 4-kunmi kechqurun, eslolmayman, eshik taqillab qoldi. Ochsam bir o‘rtog‘im, qishloqdan kelibdi, uydagilar pul berib yuborgan ekan, «Men hozir kiyinib chiqay, birdan ovqatlangani boramiz» dedim. Pul yo‘q, ham bir o‘zim, yoshman, ichimda bir g‘azab ham bor. Nafs isyon qilib turgan bir payt. O‘rtog‘im kelishi bilan g‘azab va alam aralash «ketdik» dedim.

«Bobur» bog‘ining oldida shashlik qilishardi. O‘rtog‘imdan nechta shashlik yeyishini so‘radim, ikkita dedi, buyurtma olgani ham kelib turibdi, men 10 ta dedim. Xullas 12 dona shashlik olib keldi, o‘tirdim, yedik, u ham yedi, men ham yedim, choyni ichdik, nonni yedik, shakarobni yedik. O‘rnimdan shunday turaman desam turolmadim, oshqozonim «pristup» berib qoldi, o‘tirgan o‘rnimdan to‘g‘ri bo‘lolmadim, tez yordam chaqirishdi, o‘sha yerdan «infeksionniy»ga olib ketishdi. To‘rt kun deganda shifoxonadan chiqdim.

Bu narsalarning hammasini bugun men xursandchilik bilan eslayman, hech qanday og‘riq, hech bir alam yo‘q. Bunday bosqichlardan odam o‘tishi kerak edi. Insonlar har doim qiyin yo‘llardan yoshligida o‘tsa, uning hayoti go‘zal bo‘ladi. Qiyin yo‘llar qariganda kelsa, kuchsiz bo‘lib qolganda kelsa, undan yomoni yo‘q.

Shunday ekan, Alloh taolo bizga yosh ekanmiz, baquvvat ekanmiz, qiyinchilik davrlarni bersa, biz yengib o‘tsak o‘shanda haqiqiy oltin davr bo‘ladi. Bizga eng ko‘p saboqlarni bergan hayotimizning eng qimmatli davri o‘sha bo‘ladi.

Masalan, bunday qiyinchiliklarni ko‘rmasdan ham talaba bo‘lish mumkin. Albatta, talabalar shunday qiyinchiliklarni ko‘rishi kerak degan qoida yo‘q. Men aytmoqchi bo‘lganim, bunday sinovlar, ochlik sinovlari, pulsizlik sinovlari, yolg‘izlik sinovlari, bu narsalarni yoshlikda yengish oson
", - dedi jurnalist, rejissyor Abdukarim Mirzayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abdukarim Mirzayev uch kun tuz totmay, kasalxonaga tushib qolgani haqida gapirib berdi (video)