O‘zbekistonlik xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar orasida Rossiyaning “qora ro‘yxati”ga tushib qolish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi rasman ogohlantirish berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil holatigacha Rossiyadagi xalqaro avtoyuk tashishlarning 25 foizini o‘zbek haydovchilari amalga oshirmoqda. Biroq migratsiya va chegara qoidalariga rioya etmaslik ko‘plab fuqarolarning Rossiya ichki ishlar organlari tomonidan “kirishi taqiqlangan shaxslar” ro‘yxatiga kirib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Agentlik haydovchilarni bir nechta muhim talablarga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Xususan, chegaradan o‘tishda migratsion kartani to‘g‘ri to‘ldirish zarur — “maqsad” grafasida “turizm” emas, balki “slujebnaya” yoki “tranzit” deb ko‘rsatish lozim. Shuningdek, Rossiyaga kirgandan so‘ng 15 ish kuni ichida migratsiya ro‘yxatiga qo‘yilish shart.
90/365 muddat qoidasini doimiy nazorat qilish ham muhim. Agar transport vositasi buzilsa yoki boshqa fors-major holat yuz bersa, rasmiy akt yoki dalolatnoma olish talab qilinadi.
“Har bir harakat faqat rasmiy hujjat bilan asoslanishi lozim. Qoidalarni takroriy buzish 3–10 yilgacha Rossiyaga kirishni taqiqlashga sabab bo‘ladi”, — deyiladi agentlik ma’lumotida.
Mutaxassislar haydovchilarni hujjatlariga jiddiy munosabatda bo‘lishga va safar oldidan barcha talablarni tekshirib chiqishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!