date

Samarqandda mast holatda avtomobil boshqargan haydovchilarga qattiq jazo tayinlandi

Samarqandda mast holatda avtomobil boshqargan haydovchilarga qattiq jazo tayinlandi

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida yo‘l harakati xavfsizligini qo‘pol ravishda buzgan, ya’ni spirtli ichimlik ta’sirida avtomashina boshqargan 4 nafar haydovchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda YHXX xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar YHX qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, atrofdagilar xavfsizligiga jiddiy tahdid solgan. Tergov natijasida ularning har biriga nisbatan individual jazo choralari belgilandi.

Xususan, haydovchilarning uch nafariga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida jarima va uch yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bu esa ularga jiddiy saboq bo‘lishi kutilmoqda.

Yana bir haydovchi esa haydovchilik guvohnomasisiz va mast holatda avtomashina boshqargani uchun 15 sutkaga ma’muriy tartibda qamaldi.

Shuningdek, YHX xodimining qonuniy talabini bajarishdan bosh tortgan yana bir fuqaroga BHMning bir baravari miqdorida jarima solindi. Yana bir haydovchi drift qilib, yo‘lda xavfli harakat sodir etgani uchun haydovchilik huquqidan bir yil muddatga mahrum qilindi.

YHX xizmatiga ko‘ra, bu turdagi holatlar soni hali ham kamaymayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, ba’zi haydovchilar spirtli ichimlik ichgan holda rulga o‘tirish oqibatlarini yetarlicha anglab yetmayotgani ta’kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shahrisabz tumanida Damas avtomobilini haydovchilik guvohnomasisiz, mast holatda boshqargan fuqaro YPX inspektorlariga pora taklif qilgani uchun ushlangan edi. Shuningdek, Samarqand shahrida 6 nafar haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport boshqargani uchun har biri 15 sutkaga qamalgandi.

Huquq-tartibot organlari aholini yana bir bor ogohlantirdi — spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda rulga o‘tirish nafaqat shaxsiy hayot, balki atrofdagilar taqdiri uchun ham katta xavf soladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda mast holatda avtomobil boshqargan haydovchilarga qattiq jazo tayinlandi