10:25 / 19.02.2021
1 984

Prezident ilk bor jurnalistlar savollariga javob qaytardi

Prezident ilk bor jurnalistlar savollariga javob qaytardi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Davlat rahbari aholini bandligini ta’minlash maqsadida qurilgan monomarkaz faoliyati bilan tanishish chog‘ida jurnalistlar bilan uchrashdi va ularning bir qator savollariga javob qaytardi. Bu haqda «Xabar.uz» ma’lum qiladi.

— Xozir Ommaviy axborot vositalari uchun ish qizigan vaqt. Yoshi katta jurnalistlar sizga havas bilan qarayotgani aniq, chunki siz mana shunday ochiqlik davrida ishlamoqdasiz, — dedi Prezident. — Biz o‘tgan davr mobaynida so‘z erkinligini ta’minlash va OAVning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirishga intildik. Siz — jurnalistlar ko‘magi bilan bu ishning uddasidan chiqa olyapmiz, deb o‘ylayman. Aytish mumkinki, shu vaqtga qadar matbuot to‘rtinchi hokimiyat, deb yuritib kelingan bo‘lsa, hozirga kelib birinchi hokimiyat darajasiga chiqib ulgurdi. Men ham hozir sizning savollaringizga javob berish uchun keldim. Marhamat, qanday savollaringiz bor?

— Hurmatli Prezident, avvalo, bizning savollarimizga javob qaytarishga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. Ilk savolimiz, tabiiyki, Namanganga tashrifingiz haqida bo‘ladi. Viloyat ahli bu tashrifingizdan nimalarni kutsa bo‘ladi?
— O‘tgan yilning iyul oyida Namanganga kelgan edik. O‘sha safar doirasida mutasaddi rahbarlar oldiga qo‘yilgan vazifalar qay darajada bajarilganini o‘rganmoqdamiz. Yana bir masala — yaxshi bilasiz, viloyatning avvalgi hokimini Farg‘onaga ishga o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. O‘tgan besh oy mobaynida Namangan ahli yangi rahbar qo‘l ostida ishladi. Ertaga bo‘ladigan Xalq deputatlari kengashida yangi hokimni tasdiqlashimiz lozim. Menga Namanganning chang ko‘chalarini, qishda sovib ketadigan uylarini yaxshi biladigan, bu muammolarni hal qilish uchun bor kuchini sarflaydigan odam kerak. Rahbar odam xalqni o‘ylashi shart.

O‘zingiz bir o‘ylang, darhaqiqat, mahalla instituti dunyoning boshqa biror davlatida yo‘q. Shu vaqtga qadar biz bu bilan faxrlanib keldik. Ammo mahalla ish tizimini yaxshilash uchun hech qanday chora-tadbirlar qo‘llamadik. Hozir biz mahallabay ish tizimini yo‘lga qo‘ymoqdamiz, ammo ba’zilar buni tushunmasdan, turli gaplarni aytmoqda. Biz nafaqat mahallabay, balki fuqarobay ishlashga o‘tishimiz lozim. Rahbar xalq orasiga kirmasa, muammolarni o‘rganmasa, qanday qilib ahvolni o‘nglash mumkin?

Shu vaqtga qadar biror tuman markazidagi ko‘chani tekislab, yoritib qo‘yib, qarsak chalib yurdik. Ammo ichkaridagi mahallalar qarovsiz ahvolda yotdi. Biz mana shu muammolarni joyida o‘rganib, hal qilishni o‘rganishimiz kerak. Ishsizlikni bartaraf etish choralarini ko‘rish shart. Mahallabay mana shunday ishlanadi.

O‘tgan yili «temir daftar», «yoshlar daftari» va «ayollar daftari» tashkil etilganda ko‘pchilik hayron qolgan edi. Bir narsani tushuning, biz nochor ahvolda qolgan fuqarolarimiz yolg‘iz emasligini bildirishimiz shart edi. Mana shu daftarlar orqali ularni o‘rganyapmiz va muammolarini hal etishga intilmoqdamiz.

Siz mendan bir savolni so‘rashingiz mumkin: Namangandagi muammolarni bilasizmi? Bilaman. Shu vaqtga qadar imkoniyatimiz yetmagani uchun hal eta olmagan edik, endi vaqti keldi. Muammolar qanday?

Birinchidan, 50 foiz ichki yo‘llar sifatsiz, ta’mirtalab bo‘lib yotibdi.

Ikkinchidan esa Namangandagi sovuq va issiq suv ta’minotini yaxshilash kerak. Qishda uylarni isitish tizimini joriy etish lozim.

O‘tgan qish juda og‘ir keldi va bizga katta dars bo‘ldik. Ellik yillik infratuzilma ishdan chiqqanini ko‘rib oldik. Kelgusi qish yaqinlashguniga qadar Namanganda ikkita qozonxona qurishni va ko‘p qavatli uylar bilan bir qatorda mahallalardagi uylarni ham isitishni rejalashtirganmiz.

— Hurmatli Prezident, siz katta islohotlarni boshlagansiz. Ayting-chi, ular to‘laqonli amalga oshishi va fuqarolarni rozi qilishi uchun nimalar to‘sqinlik qilmoqda?
— Bu savolingizga shunday javob bergan bo‘lardim. Buning bir qator asosiy sabablari bor:
1. Kadrlar yetishmasligi.
2. Korrupsiya.
3. Ayni vaqtda ish olib borayotgan ayrim mutasaddi rahbarlarning bilimi, saviyasi va vatanparvarligi yetishmasligi.

Kadrlar yetishmasligi masalasi ta’lim bilan uzviy bog‘liq. Biz bejizga maktabgacha ta’limdan tortib, umumiy ta’lim va oliy ta’limni yaxshilash uchun ish olib bormayapmiz. Tan olish kerak, 25 yil davomida ta’lim sifati keskin tushib ketgandi. Biz o‘qituvchilarni ortiqcha ishdan ozod etyapmiz, maktablar quryapmiz, oliy ta’limda xorij bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Bu oson va tez hal bo‘ladigan muammo emas. Ammo ishlashda davom etamiz. Izlanamiz. Bekorga vazirlarni ishdan olmayapman, ularning o‘rniga munosiblarini topishimiz kerak.

Korrupsiyaga keladigan bo‘lsak, bu bo‘yicha ish olib boryapmiz, mana, korrupsiyaga qarshi kurash agentligini tuzdik. Nima, men korrupsiya barham topishini istamasmidim? Istayman, albatta. Ammo buning uchun bir kishining urinishi kamlik qiladi, barchamiz birlashishimiz lozim. Men ayniqsa sizdan, jurnalistlardan katta yordam kutmoqdaman. Mashaqqat bilan topgan pullarimiz korrupsiya qo‘lida yo‘q bo‘lib ketishiga hammamiz qarshi turishimiz kerak.

Endi, rahbarlar saviyasiga kelsak. Aytishingiz mumkin, axir janob Prezident, hokimlarni o‘zingiz tayinlayapsiz, nahotki munosiblarini topa olmayapsiz, deb! To‘g‘ri, hokimlarni o‘zim qo‘yaman, ammo bu o‘ringa ham kerakli odamlarni topish oson emas. O‘n, o‘n besh nafar nomzoddan birini tanlab olaman, ammo u har doim aravani tortib keta olmaydi. Bu masala ham ta’limga bevosita bog‘liq. Men qayerga bormay, yoshlarni, qo‘lidan ish keladigan, ko‘zi yonib turganlarni qidiraman.

Qilayotgan ishimizni hamma ko‘rib turibdi. Vaqt — oliy hakam. Vaqti kelib barchasiga xolis baho beriladi. Jurnalistlar esa har bir ishimizni kuzatib, xato va kamchiliklarimizni kerak bo‘lsa bo‘rttirib ko‘rsatib berishlari kerak. Yaxshi qilayotgan ishlarimizni xolis yoriting, kamchiliklarimizni esa oshiring mayli, faqat ko‘rsatsangiz bo‘ldi. Sizning yordamingiz, Vatanga xizmatingiz shu bo‘ladi.

— Siz har doim Namangan haqida alohida mehr bilan gapirasiz. Boshqa viloyatlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatasiz. Bunga sabab nimada?
— Davlat rahbari har bir viloyat, har bir tumanni yaxshi bilishi shart. Uning yutuqlariyu kamchiliklarini yodida tutishi kerak. Namanganga kelsak, keling, shu viloyatni qo‘shni Farg‘ona bilan taqqoslab ko‘raylik. U yerda neft zavodi, Farg‘onaazot va boshqa yirik korxonalar bor. Namanganda-chi? Umuman yo‘q. Ammo namanganliklar tartib-intizomli, mehnatsevar va yakdil birlasha oladigan xalq. Bu yerda o‘rta va kichik biznes yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Boshqa viloyatlarda asosiy soliqni yirik korxonalar to‘lasa, bu yerda tadbirkorlar, hunarmandlar va boshqa soha vakillari yukni ko‘taradi. Bunday joyni, bunday xalqni qanday qilib yaxshi ko‘rmaslik mumkin?

Men ertaga bo‘ladigan kengashdan katta natijalar kutyapman. Namanganga shunchaki qarsakvozlik uchun kelmadim, balki kerakli rahbarlarga aniq topshiriqlar berdim. Ularning ijrosi nafaqat viloyat, balki yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladi. Balki ertaga kimnidir ishdan olarman? Zimmasidagi vakolatni uddalay olmaganlar yo‘lda qolib ketaveradi.

Biz har kuni izlanishdamiz. Shu o‘rinda jurnalistlardan va ular orqali xalqimizdan bir masalani so‘rab qolgan bo‘lardim. Adolatli hakam bir savolni o‘rtaga tashlab ko‘rishi va unga xolis javob berishi kerak — oldin qanday edi va hozir qanday bo‘ldi? Mana shu savolga odilona javob bersak va ertamiz uchun birgalikda mehnat qilishda davom etsak, o‘ylaymanki yaxshi natijalarga erisha olamiz...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident ilk bor jurnalistlar savollariga javob qaytardi