Ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolovning navbatdagi jang sanasi e’lon qilindi. U 14 noyabr kuni Toshkentdagi “Humo Arena” majmuasida Lift Promotions tomonidan tashkil etiladigan boks oqshomida ringga ko‘tariladi. Hozircha uning raqibi kim bo‘lishi borasida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Shuningdek, ushbu kechada Shahram G‘iyosov, Lazizbek Mullajonov, A’loxon Abdullayev, Ozodbek Aliyev va Suhrob Qayumov kabi o‘zbekistonlik bokschilar ringga chiqishi kutilmoqda. Oqshomning asosiy jangida Lazizbek Mullajonov ishtirok etishi rejalashtirilgan. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, Lazizbek WBC kamari uchun jang qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov so‘nggi jangini 6 oktyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “IBA Pro 10” turnirida mahalliy Vitaliy Kuduxovga qarshi o‘tkazib, hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongandi.
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov shu kunga qadar professional boksda 16 marta jang o‘tkazib, ularning 14 tasida muddatidan avval g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 bahsda ochkolar hisobiga raqibdan ustun kelgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!