15:00 / 04.03.2021
4 295

Islom Karimovning vafotidan so‘ng O‘zbekiston davlat to‘ntarishi ostonasiga kelib qolganmidi?

Islom Karimovning vafotidan so‘ng O‘zbekiston davlat to‘ntarishi ostonasiga kelib qolganmidi?
Sodiq Safoyev.
Kadr: YouTube / «Alter Ego»

O‘zbekiston Islom Karimovning vafotidan so‘ng davlat to‘ntarishi yoqasiga borib qolgani haqida gap-so‘zlar «haqiqatga mutlaqo yaqin emas», o‘shanda keyingi prezidentlikka Shavkat Mirziyoyevdan «boshqa muqobil nomzod» yo‘q edi. Bu haqda O‘zbekiston Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Kirill Altmanning «Alter Ego» loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Kirill Altman suhbat davomida Senat raisi birinchi o‘rinbosariga shunday savol bilan murojaat qildi: «Karimovning o‘limidan so‘ng O‘zbekiston davlat to‘ntarishi ostonasiga kelib qolgani, Toshkent aeroportiga Rossiya maxsus xizmat bo‘linmalari, samolyotlari yetib kelgani haqida mish-mishlar bor. Bu gap-so‘zlar qanchalik haqiqatga yaqin?».

- "Haqiqatga mutlaqo yaqin emas. O‘shanda men ham bor edim, Senatda ishlardim. O‘zbekistonning qadimiy davlatchilik ildizlari borligini inobatga oling, bu xalqning genetik kodida bor narsa va ba’zida, bu narsa rivojlanishimizga ham xalal beradi. Fyogel degan nemis olimi bor, u Markaziy Osiyo mamlakatlarini «gidravlik davlatlar» — suv xo‘jaligiga bog‘langan davlatlar deb atagan. Jamiyatning yashab qolishi barqaror suv ta’minoti tizimiga bog‘liqligi — bizda esa aynan shunday, qishloq xo‘jaligining 90 foizi sun’iy sug‘oriladi — har doim markazlashgan boshqaruvni talab qiladi. Busiz xaos (tartibsizlik) bo‘ladi, rivojlanish bo‘lmaydi, hatto oddiy ishlab chiqarish ham bo‘lmaydi.

Bunday holatda davlatning markazlashgan boshqaruvli bo‘lishi muhim, chunki bu jarayonlarning barini boshqaradigan yagona markaz kerak. Fyogel aytadiki, «odamlar jamiyatning barqaror taraqqiy etishi omillariga ega bo‘lish uchun ming yillar davomida o‘z erkinliklarining bir qismini topshirishga rozi bo‘lgan». Bu, uni taniqli olim aytganiga qaramay, ehtimol, bahsli fikrdir, ammo Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi shuni ko‘rsatadiki, bu yerda odamlar ham, isteblishment (qudrat egalari) ham davlatchilik institutlariga alohida hurmat bilan munosabatda bo‘lgan.

O‘sha vaqtda (Islom Karimov vafot etganida) ham keskin harakatlar bo‘lmasligi tushunarli edi, hammasi muhokamalar asosida, tabiiy bo‘lgan. Yodimda, Mustaqillik maydoni atrofidagi binolarning hech birida bahslashuvlar bo‘lmagan. O‘shanda ham kunu tun joyimizda bo‘lib, ishlaganmiz, muhokama qilganmiz. Umuman olganda, hammasi eng boshidan biz uchun kutilganidek edi", - deydi O‘zbekiston Senati raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimovning vafotidan so‘ng O‘zbekiston davlat to‘ntarishi ostonasiga kelib qolganmidi?