17:53 / 05.03.2021
1 317

Aliment to‘lamagan ota ma’muriy qamoqqa olindi

Aliment to‘lamagan ota ma’muriy qamoqqa olindi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining ochiq sud majlisida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan otaga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish mazmunan ko‘rib chiqildi.

Huquqbuzar X.Bo‘ronov (ism-shariflar o‘zgartirildi) fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2017 yil 31 avgustdagi sud buyrug‘iga asosan turmush o‘rtog‘i M.Xodjayeva foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi D.Yo‘ldoshevning moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va barcha turdagi daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment to‘lashi lozim edi.

Biroq X.Bo‘ronov 2018 yil 01 fevral kunidan 2021 yil 01 martga qadar 18.425,5 ming so‘m aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Bu holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Xatirchi tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sudda huquqbuzar X.Bo‘ronov aybiga iqror bo‘ldi. Aliment pulini imkoni bo‘lmaganligi sababli to‘lay olmagani, oqibatda 18.425,5 ming so‘m qarzdorlik kelib chiqqanini tan oldi. Bundan chin ko‘ngildan pushaymonligini aytib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Huquqbuzar X.Bo‘ronov moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan, voyaga yetmagan shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan. Sud uning g‘ayriqonuniy harakatlari surishtiruv idorasi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasi 1-qismi bilan to‘g‘ri malakalagan deb topdi.

Huquqbuzarga nisbatan sud o‘n besh sutka ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinladi va u darhol qamoqqa olindi. Guvohi bo‘lganingizdek, qonunlarga bo‘ysunmaslik, zimmasidagi majburiyatni o‘z vaqtida bajarmaslik muqarrar javobgarlikka sabab bo‘ladi.

X.Bo‘ronovning o‘n besh sutka ma’muriy qamoqqa olingani uni kelgusida alimentdan kelib chiqqan qarzdorlikni to‘lashdan aslo ozod qilmaydi.
Balki da’vogar M.Xodjayeva foydasiga aliment pullarini undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlari to‘xtamaydi.

S.Bo‘tayev
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Xatirchi tuman sudining raisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aliment to‘lamagan ota ma’muriy qamoqqa olindi