07:30 / 08.03.2021
890

Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi?

Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi?
“COVID-19" ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi? Emlangandan keyingi asoratlar bo‘lishi mumkinmi? SSV matbuot xizmatining shu kabi muhim savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat ATABEKOV javob berdi.

— Emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi, — deydi Nurmat Atabekov. — OIV infeksiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari mavjud bo‘lgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha bo‘lgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.

Har qanday holatda ham emlash to‘g‘risidagi qaror tibbiy ko‘rik natijasida qabul qilinadi. Mabodo emlashga mone’lik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan shifokor, albatta, unga e’tibor qaratadi.

— Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada bo‘lganlarni emlash mumkinmi? Buni qayerda va qanday amalga oshirish mumkin?
— Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor ko‘rigidan so‘ng emlanadi.

— Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?
— Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan so‘ng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi. Keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yo‘li bilan muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularning sog‘lig‘i, ahvoli ko‘zdan kechirilib, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Barcha emlash maskanlarida mutaxassislar (vaksinatorlar), asbob-anjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi. Emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaksiyalarni aniqlash va lozim bo‘lgan taqdirda tegishli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. “COVID-19» ga qarshi emlanish bilan bog‘liq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etiladi.

Yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz, fuqarolar emlanishdan oldin, albatta, tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu kutilmagan asoratlarning oldini olishga zamin yaratadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi?