09:30 / 23.03.2021
1 547

O‘zbekistonda tadbirkorlarning elektr ta’minotiga ulanishi uchun yig‘im joriy etilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda tadbirkorlarning elektr ta’minotiga ulanishi uchun yig‘im joriy etilishi kutilmoqda
Foto: «Hududiy elektr tarmoqlari» matbuot xizmati
O‘zbekiston Energetika vazirligi «Iste’molchilarning elektr tarmoqlariga ulanishi bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi va 2021 yil 1 avgustdan boshlab kuchga kiritiladi. Iste’molchilarni elektr tarmoqlariga ulashning barcha bosqichlari to‘liq raqamlashtirilgan holda «Elektr» dasturiy ta’minoti hamda davlat xizmatlari markazlari, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Bunda:
  • quvvati 20 kilovattgacha bo‘lgan iste’molchilar (maishiy iste’molchilardan tashqari) tayyor holda elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» («HETK»)ga bazaviy hisoblash miqdori (22 mart holatiga ko‘ra, 245 ming so‘m)ning 30 baravari (7 million 350 ming so‘m) miqdorida;
  • quvvati 20 kilovattdan 50 kilovattgacha bo‘lgan iste’molchilar elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha «HETK»ga BHMning 60 baravari (14 million 700 ming so‘m) miqdorida bir martalik to‘lovni amalga oshiradi.

Ushbu iste’molchilarni elektr tarmoqlariga tayyor holda ulash yuzasidan barcha ishlar (elektr ta’minoti loyihasini ishlab chiqish, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish, elektr energiyasini o‘lchash vositasini o‘rnatish va plombalash naryadini rasmiylashtirish va elektr ta’minoti shartnomasini tuzish) «HETK» tomonidan amalga oshiriladi.

«HETK»ga to‘lanadigan bir martalik to‘lov summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- 97 foizi «HETK»ning bank hisobvarag‘iga;
- 2 foizi «O‘zenergoinspeksiya» bank hisobvarag‘iga;
- 1 foizi tanlov savdolari yakunida g‘olib bo‘lgan, onlayn platforma yaratgan tashkilot hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Ushbu hujjat loyihasini muhokama qilish 4 aprelgacha davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning oktabr oyida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisi Ulug‘bek Mustafoyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021—2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qilinadigan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari tarifni ko‘tarish hisobidan emas, balki ishlab chiqarishda ketadigan xarajatlarni, ya’ni tannarxni kamaytirish hisobiga erishish vazifasi qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda tadbirkorlarning elektr ta’minotiga ulanishi uchun yig‘im joriy etilishi kutilmoqda