12:15 / 22.04.2021
2 085

Finlyandiya ta’lim dasturlari va darsliklari o‘rganilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi «Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida Finlyandiyaning ta’lim sohasidagi ijobiy tajribasini mamlakatimiz ta’lim tizimiga hamda Milliy o‘quv dasturiga joriy qilish vazifasi belgilangan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan finlyandiyalik ekspertlar va rasmiy doira vakillari bilan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 21 aprel kuni Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Finlyandiyaning Ta’lim va madaniyat vazirligi hamda Milliy ta’lim agentligi hamkorligida «Finlyandiya ta’lim dasturlarini o‘rganish: ta’lim dasturlari va o‘quv materiallari» mavzusiga bag‘ishlangan onlayn seminar tashkil etildi.

Unda Finlyandiya Milliy ta’lim agentligi ta’lim maslahatchisi Yorma Kauppinen va agentlikning o‘quv materiallari menejeri Syuzanna Byorkell, shuningdek, Ta’lim inspeksiyasi rahbariyati, mutasaddi xodimlar va vazirlik va idoralar vakillari, uzluksiz ta’lim tizimi konsepsiyalari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda va ekspertizadan o‘tkazishda qatnashgan mutaxassislar, olimlar, 1 000 nafarga yaqin o‘qituvchi va metodistlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Finlyandiyalik mutaxassislar tomonidan Finlyandiya ta’lim tizimi, milliy va mahalliy o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv materiallari va televideniye orqali dars beruvchi o‘qituvchilarni tayyorlash bilan bog‘liq qator masalalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Jumladan, Finlyandiya Milliy ta’lim agentligi ta’lim maslahatchisi Yorma Kauppinenning ta’kidlashicha, fin ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash bo‘yicha «boshi berk nuqta» mavjud emas. Yoshlar erta bolalik davridan boshlab, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb hunar yoki oliy ta’lim muassasalarini bitirganidan keyin ham ta’limni davom ettirishadi.

Maktablarda dars soatlarining taqsimoti haftasiga 1-2-sinflar uchun eng kamida 19 soat qilib belgilangan bo‘lsa, 9-sinflar uchun esa ushbu ko‘rsatkich 30 soatni tashkil etadi. Maktablar o‘quv rejasiga ko‘ra, to‘qqiz yillik haftalik umumiy yuklama 222 soat. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonda 254 soatni tashkil etadi.

— Maktab o‘quvchilarida kasblar va sohalar bilan bog‘liq ko‘nikma va bilimlarni shakllantirishda o‘ziga xos yondashuv mavjud. Bunda bilim, ko‘nikma bilan bir qatorda yondashuv, munosabat va iroda kabi xususiyatlar ham muhim ahamiyatga ega. Ya’ni o‘quvchilarga hayotlari davomida egallashlari lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar bilan birga hayotiy transversal kompetensiyalar o‘quv dasturlarining bir qismi sifatida muntazam o‘qitib boriladi.

Bundan tashqari, munitsipalitetlar va maktablar hududdagi aholi uchun muayyan ko‘nikmalarning zaruriyatidan kelib chiqqan holda, o‘quv dasturlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishlari ham mumkin. Shu bilan birgalikda, maktablarda o‘quv jarayonlarini tashkil etishda o‘quvchilarning ehtiyojlari, imkoniyatlari va kuchli tomonlari ham hisobga olinadi, — dedi Yorma Kauppinen.

Finlyandiya Milliy ta’lim agentligi o‘quv materiallari menejeri Syuzanna Byorkell mamlakatda o‘quv materiallari (darslik, qo‘llanma) ni tayyorlash tizimi haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, Finlyandiyada o‘quv materiallari milliy o‘quv dasturiga asoslangan holda davlat tili fin yoki shved tilida tayyorlanadi. Har bir o‘quv materialini o‘quv jarayonlariga tatbiq etishda pedagogik asosga ega ekanligiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, o‘quv materiallarini tayyorlashda mamlakatdagi umuminsoniy qadriyatlar, ta’lim muhiti va o‘qitish bo‘yicha maslahatlar va o‘qituvchilar uchun alohida materiallarning mavjudligi hisobga olinadi.

Bundan tashqari, o‘quv dasturlarining ta’lim jarayonlariga tatbiq etilishida an’anaviy darsliklar bilan bir qatorda innovatsion texnologiyalar yordamida tashkil etilgan elektron qo‘llanmalar hamda turli formatdagi materiallardan ham keng foydalaniladi.

Xususan, Finlyandiya davlat teleradiokompaniyasi va Finlyandiya ta’lim agentligi hamkorligida o‘qituvchilarga kundalik hayotini mazmunli o‘tkazishi, o‘z-o‘zini rivojlantirishlari va boshqa o‘qituvchilar bilan o‘zaro muloqot qilishlari uchun alohida telekanal tashkil qilingan. Telekanal dasturlari asosan yoshlarda media va raqamli texnologiyalardan foydalanish mahorati, ta’lim olish, tillarni o‘rganish bilan bog‘liq ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Finlyandiyada qo‘llanilayotgan o‘quv dasturlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, izchillik bilan o‘rganilmoqda. Mazkur jarayonda Finlyandiya ta’lim tizimining mahalliy sharoitga mos jihatlari yangilanadigan o‘quv dasturlariga singdiriladi.

Seminar davomida Ta’lim inspeksiyasi mutasaddilari va ekspertlarning ushbu o‘quv dasturlari va darslik bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga finlyandiyalik mutaxassislardan atroflicha javob olishdi. Tadbir yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Finlyandiya ta’lim dasturlari va darsliklari o‘rganilmoqda