14:08 / 26.04.2021
3 379

«Bu apisalni sabrani, piratakol yozilopti!»


Joriy yilning 19-20 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ikki kun davomida moddama-modda muhokama qilingan 29 moddadan iborat bo‘lgan qonun loyihasining 9-moddasigacha keldik, xolos. Aniqlashtirilishi lozim bo‘lgan jihatlarning ko‘pligi bois qonun loyihasi muhokamasi boshqa kunga qoldirildi. Keyingi muhokamagacha mas’ul qo‘mita deputatlar fikrlari ustida ishlashi kerak.

Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov umrining poyonida o‘z qo‘li bilan tartib bergan «Yarim asr daftari» nomli, adib vafotidan so‘ng 2014 yilda chop etilgan kitobidan shu masalaga daxldor «Siyosiy hushyor rais» sarlavhali voqeiy hikoyaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

«Ustoz Said Ahmad aka boshliq bir guruh adib va shoirlar (bilan) bir viloyatga bordik. Kolxozchi-dehqonlar hayotini «o‘rganish» uchun katta-kichik zallarda uchrashuvlar qilish (o‘sha paytlarda) odat tusiga kirib qolgan edi.

Xullas, dong‘i ketgan xo‘jaliklardan birida galdagi uchrashuv bo‘ldi. O‘sha xo‘jalikning raisi esa «to‘y ichida challarni ham o‘tkazib yuboradiganlar»ning toifasidan ekan, ijodiy uchrashuvni hisobot majlisiga aylantirib yubordi. Keyingi yillarda kolxoz erishgan yutuqlar haqida uzoq gapirgandi. Faqat bir kamchiligi — rus tilini bilish masalasida «mundayroq» ekan.

– Tavarish kalxozniki! – dedi baqirib. – Pilon xlopka gatop. Pilon masa gatop! Pilon kokana (gap pilla rejasi haqida) gatop! Pilon jivot – deya shu yerda tutildi.

«Jivot… jivot…” dediyu, «jivotnovodstvo» (chorvachilik) degan so‘zga tili unchalik kelishmay terlab ketdi, sho‘rlik! Men yonida o‘tirgan edim. Sekin uning bilagidan tutdim:
— O‘zbekcha gapiravering, rais buva, (bu) zalda o‘tirganlarning hammasi o‘zbekku!
— Ibi! – dedi rais bosh chayqab. – Bu yerga sholi birgad boshlig‘i tavarish Pak o‘tiribdi.

O‘rtaroq qatorda o‘tirgan pastakkina bo‘yli bir yigit dik etib o‘rnidan turdi.
— O‘zbekcha gapiravering, rais bova, – dedi ovozini baralla qo‘yib. – Men o‘zbekchani yaxshi bilaman.

Rais yana bosh chayqadi:
— Bu apisalni sabrani (rasmiy majlis), piratakol yozilopti!

Nachora! Tag‘in yarim soatcha «siyosiy hushyor» raisning almoyi-jalmoyi gaplarini eshitishga majbur bo‘ldik».
Mana nima uchun qonun loyihasining har bir so‘zi ustida tortishuvlar ketmoqda. XULOSA O‘ZINGIZDAN!
Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bu apisalni sabrani, piratakol yozilopti!»