18:20 / 03.06.2021
4 362

Qashqadaryoda unashtirilgan yigit va qizni asossiz jazolab, ularni qo‘rqitib bosim o‘tkazgan IIB xodimlari ishdan bo‘shatildi


Qashqadaryo viloyati Koson tumanida unashtirilgan yigit va qizni asossiz jazolagan, qizni yengiltabiat ayollar ro‘yxatiga tirkash bilan qo‘rqitib bosim o‘tkazgan IIB xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Ularning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar tuman prokuraturasiga taqdim etilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 8 aprel kuni Koson tumani Do‘stlik mahallasi hududida fuqaro G‘.A. unashtirilgan qizi O.H. bilan «Kobalt» mashinasida o‘zaro suhbatlashib o‘tirganda, katta leytenant I.Fayzullayev hamkasbi katta leytenant F.Astanov bilan birga borib, ulardan hujjat so‘ragan va «Kobalt»ni asossiz ravishda va hech qanday hujjatlarsiz jarima maydoniga kiritgan.

So‘ng, O.H.ni yengil tabiatli ayol sifatida ro‘yxatga olishlarini aytib, dastlab tuman tibbiyot birlashmasida tan jarohati bor yoki yo‘qligi haqida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan, keyin tuman IIBga olib borishgan.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari I.Fayzullayev va F.Astanovdan G‘.A. va uning unashtirilgan qizi O.H.ni nima sabab tuman IIBga olib kelinib, sababsiz ushlab o‘tirgani so‘ralganda, ular hech qanday asoslantiruvchi hujjatlar taqdim eta olmagan.

Holat yuzasidan mas’ul xodimlar tomonidan katta leytenant I.Fayzullayev va katta leytenant F.Astanovlardan tushuntirish xati olib bo‘lingandan so‘ng, ular holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirishga harakat qilib, bildirgi yozib ro‘yxatdan o‘tkazishga erishishgan.

Mas’ul xodimlar tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida I.Fayzullayev va F.Astanov G‘.A. bilan O.H. mahalladosh ekani, ularning shaxsi, yashash manzili aniq bo‘lishiga qaramasdan, hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan 4 soat davomida ushlab o‘tirgani aniqlangan.

Bundan tashqari, ular G‘.A.dan 4,9 million so‘m miqdorda pul olib kelishini talab qilib, uning yonida bo‘lgan «Samsung» rusumli qo‘l telefoni va 200 ming so‘m pullarini olib, «Kobalt»ni jarima maydonchasidan chiqarishga ruxsat berganligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Koson tumani IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, katta leytenant I.Fayzullayev va katta leytenant F.Astanovlar IIO safidan bo‘shatilgan va to‘plangan hujjatlar ularning harakatiga qonuniy baho berish uchun Koson tuman prokuraturasiga yuborilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda unashtirilgan yigit va qizni asossiz jazolab, ularni qo‘rqitib bosim o‘tkazgan IIB xodimlari ishdan bo‘shatildi