14:54 / 02.07.2021
2 355

Rossiya tibbiyot universitetining Toshkent filiali ochiladi


Foto: Global Education
1 iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining «N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur hujjatga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, tibbiy xizmatlar hajmi va sifatini oshirish, tibbiyot amaliyoti, ta’limi va ilmiy tadqiqotlari o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlash, davolash-tashxislash jarayoniga ilg‘or yutuqlarni va innovatsiyalarni tatbiq etish maqsadida mamlakatda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali tashkil etiladi.
Shuningdek, qarorga muvofiq:
  • sog‘liqni saqlash tizimi va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun muhim ilmiy-amaliy muammolarni hal qilishga qodir yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash;
  • tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan zamonaviy ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini joriy qilish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni rag‘batlantirish;
  • tibbiyot va tibbiyot ilm-fani sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
  • ta’lim va fanning uzluksizligi hamda uzviyligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiyalashuv hisobiga mutaxassislar, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
  • ta’lim va ilmiy faoliyatning tibbiy va farmatsevtik faoliyat bilan chuqur integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ta’lim hamda tibbiyot ilmi sohalarida uzoq muddatli munosabatlarni mustahkamlash filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
Qarorga ko‘ra, filial Toshkent shahri Yashnobod tumani Mahtumquli ko‘chasi, 103-uy manzilida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladigan bo‘ldi.

Filialga yillik qabul parametrlari tarmoq va hududlardagi tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, Rossiyadagi universitet bilan kelishilgan holda Vasiylik kengashi qarori bilan tasdiqlanadi. Shuningdek, maqsadli buyurtma bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, jumladan, filial bitiruvchilarining kelgusida ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha shartlar abituriyentlar va manfaatdor vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi kelishuvlarga muvofiq aniqlanadi.

Bundan tashqari, davlat granti asosida tahsil olgan filial bitiruvchilari yurtimizning davlat tibbiyot muassasalarida kamida 5 yil ishlash sharti bilan ishga taqsimlanadi.

Ta’kidlanishicha, filialga o‘qishga qabul qilinadigan talabalar umumiy sonining 40 foizidan ortiq bo‘lmagan talabalar va ordinatura tinglovchilarini davlat grantlari bo‘yicha o‘qitish:
  • Sog‘liqni saqlash vazirligiga har yili ajratiladigan O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari;
  • pullik-shartnoma asosida talabalarni o‘qitishdan tushgan mablag‘lar;
  • Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning maqsadli badallari va xayriya yordamlari;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grant mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, filial ta’minoti uchun budjet ajratmalari 2021 yilda mamlakatning respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida ajratiladi. 2022 yildan boshlab esa mamlakatda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratiladigan O‘zbekiston davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Filial ta’lim faoliyatini 2022/2023-o‘quv yilidan boshlaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiya tibbiyot universitetining Toshkent filiali ochiladi