18:26 / 11.08.2021
2 544

Vaksinalar va homiladorlik: asossiz da’volar nimalardan iborat? Mutaxassislar javobi


Covid-19 vaksinalari homiladorlikka zarar yetkazadi va homilaning tushishiga olib keladi, degan asossiz va yolg‘on da’volar har qancha ilmiy dalillarga qaramay, internetda tarqalishda davom etmoqda.

Shifokorlar avvalboshda homiladorlik paytidagi koronavirusga qarshi emlash masalasiga nisbatan ehtiyotkorroq tarzda yondashib, vaksina olmay turishni tavsiya qilishgandi.

Ammo hozirda xavfsizlik bo‘yicha juda ko‘p ma’lumotlar qo‘lga kiritilgani sababli bu borada berilgan maslahat o‘zgardi. Endilikda vaksina homilador ayollarga faol targ‘ib qilinmoqda. Chunki koronavirusni yuqtirib olish homiladorlikni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

BBC nashri homiladorlik va koronavirusga qarshi emlashlar haqidagi asossiz da’volar va ularning nima uchun yolg‘on ekanligi haqidagi dalillarni ko‘rib chiqdi.

«Vaksina tuxumdonlarda to‘planadi» – yolg‘on!
Bu nazariya Yaponiyada o‘tkazilgan bir tadqiqotni noto‘g‘ri talqin qilish tufayli kelib chiqqan.
Ushbu tadqiqotda sichqonlarga odamlarga qaraganda ancha yuqori emlash dozasi yuboriladi (1 ming 333 marta ko‘p).

In’eksiyadan 48 soat o‘tgach, sichqonlarning tuxumdonida umumiy dozaning atigi 0,1 foizi kuzatiladi.
Umumiy miqdorning 53 foizi bir soatdan keyin, 25 foizi esa 48 soatdan keyin in’eksiya joyida aniqlanadi (Odamlarning qo‘lida).

Vaksina to‘plangan navbatdagi joy esa qondagi chiqindilarni tozalashga yordam beruvchi organ – jigardir. 48 soatdan keyin umumiy vaksina miqdorining 16 foizi jigarda paydo bo‘lgani kuzatiladi.

Yuqoridagi yanglish iddaoni qo‘llab-quvvatlaydiganlar esa tuxumdonlarda topilgan yog‘ miqdori haqida gapirishadi.
Emlashdan 48 soat o‘tgach, tuxumdonlarda yog‘ miqdori oshgan, chunki vaksina tarkibi in’eksiya joyidan tana bo‘ylab ko‘chgan.
Ammo eng muhimi, tuxumdonlardan topilgan bu miqdor virusning genetik materialini o‘z ichiga olganiga oid hech qanday dalil yo‘q.

Noto‘g‘ri iddaoni ilgari surganlar garchi tadqiqot bilan bog‘liq ma’lumotlar internetda ochiq bo‘lsa ham, u «sizdirilgan» deb da’vo qilishdi.

«Kuzatuv ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, vaksinalar homilaning tushishiga olib keladi» – yolg‘on!
Ba’zi xabarlarda Buyuk Britaniya va AQSHdagi vaksinalarni kuzatib borish ma’lumotlar bazalarida homilaning tushish holatlari qayd etilgani ta’kidlanadi.

Emlangan har bir inson ushbu kuzatuv tizimlarida emlashdan so‘ng boshdan kechirgan alomatlar yoki o‘z sog‘lig‘iga oid boshqa ma’lumotlarni qoldirishi mumkin. Ammo emlanganlarning hammasi ham bu haqda xabar qoldirmaydi. Shu ma’noda, bu ixtiyoriylik asosida yaratilgan ma’lumotlar bazasidir.

Darhaqiqat, ma’lumot bazalarida homila tushishi bilan bog‘liq xabarlar mavjud. Biroq unutmaslik kerakki, homila tushib qolishi, aslida, keng tarqalgan holatlardan biridir. Biroq bu – emlash tufayli homilaning tushib qolishi sodir bo‘ladi, degani emas.

Bu borada o‘tkazilgan bir tadqiqotda emlanganlar orasidagi homila tushish darajasi umumiy aholi orasida kutilayotgan tushish darajasiga – 12,5 foizga mos ekani haqidagi xulosaga kelindi.

London Imperial kolleji reproduktiv immunologi, doktor Viktoriya Meylning aytishicha, ushbu kuzatuv tizimlari vaksinalarning kam uchraydigan yon ta’sirini aniqlash uchun juda qo‘l keladi.

Agar siz to‘satdan emlangan odamlarda g‘ayrioddiy alomatlarni ko‘ra boshlasangiz, bilingki, bu xavfli belgidir. Ammo hayz ko‘rish davrining o‘zgarishi, homila tushishlari va yurak muammolari kabi aholi orasida keng uchraydigan holatlarni kuzatishda kuzatuv tizimlari unchalik yaxshi ish bermaydi. Ma’lumotlar bunday holatlarga duch kelinsa, vahima qilmaslik kerak, chunki vaksina olgan yoki olmagan odamlar ham bu kabi sog‘liq bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi mumkin.

Basharti emlangan insonlarda emlanmagan odamlarga qaraganda homila tushish holati ko‘p bo‘lsa, mazkur ma’lumot bu boradagi sirishtiruvlar boshlanishiga yo‘l ochishi mumkin. Lekin holat bunday emas.

Ba’zi odamlar ma’lumotlar bazalarida Covid-19 vaksinasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirganlar soni boshqa vaksinalar va dori-darmonlar haqidagi bildirishnomalarga qaraganda ancha ko‘p ekaniga e’tibor qaratishmoqda va bu Covid-19 vaksinasining xavfsizligi pastligini iddao qilish uchun ishlatilmoqda. Ma’lumotlar bazasidagi fikr va bildirishnomalar sonining ortishi, aslida, aholining katta qismi emlangani bilan bog‘liq.

«Vaksinalar yo‘ldoshga hujum qilishi mumkin» – dalil yo‘q!
Ilmiy tadqiqotchi Maykl Yidonning taqdimotida Pfızer va Moderna vaksinalarida topilgan koronavirusning bosh oqsili yo‘ldoshning shakllanishida rol o‘ynaydigan syncytin-1 oqsiliga o‘xshashligi da’vo qilindi.

Yidonning taxminicha, virusga qarshi antitanalar rivojlanib borayotgan homilaga hujum qilishi mumkin.
Ba’zi ekspertlarning fikriga ko‘ra, ayni shu taxmin Covid-19 vaksinalari tug‘ilishga zarar yetkazishi mumkin, degan fikrning manbayidir.

Aslida, syncytin-1 va koronavirusning bosh oqsili har qanday ikki tasodifiy oqsilday o‘xshash. Agar tana shu qadar oson «qorishib» ketganda edi, har safar infeksiyaga chalinganda va antitanalar ishlab chiqqanda vujud o‘z organlariga hujum qilish xavfi ostida qolgan bo‘lardi.

Ammo Yidon nazariyasini rad etishga yordam beradigan dalillar to‘plandi. O‘zi his qilgan xavotirlarga javob berishni istagan amerikalik akusher, doktor Rendi Morris EKO qilingan bemorlarni emlash homiladorlikning muvaffaqiyatli kechishiga ta’sir qilish-qilmasligini o‘rganish maqsadida tadqiqot o‘tkazdi.

Morrisning tadqiqoti natijasiga ko‘ra, emlangan, emlanmagan va ilgari virus yuqtirib olgan 143 nafar kishining muvaffaqiyatli embrion implantatsiyasiga ega bo‘lishi va homiladorlikni davom ettirish imkoniyatlari teng ekani ma’lum bo‘ldi.

Albatta, 143 kishilik eksperimental guruhga tegishli bo‘lgan tadqiqot kichik tadqiqotdir. Ammo mazkur tadqiqot boshqa ko‘plab dalillarni to‘ldirishga xizmat qiladi. Agar yuqoridagi da’vo rost bo‘lganda edi, shunday hajmdagi tadqiqotda ham bu iddao namoyon bo‘lishini kutish mumkin bo‘lardi.

Doktor Morrisning so‘zlariga ko‘ra, bu vahimani tarqatgan odamlar emlashdan olingan antitanalar tug‘ilishga zarar yetkazar ekan, tabiiy ravishda paydo bo‘lgan antitanalar nima uchun zarar yetkazmasligini tushuntirishmagan.

Muammo shundaki, olimlar bu da’volarga qarshi insonlarga tasalli beruvchi dalillarni topishga harakat qilayotgan bir paytda fitna nazariyachilari har safar yangi bir da’vo bilan chiqishmoqda.

Xuddi doktor Morris aytgani kabi: «Muayyan fitna nazariyasining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u rad etilgan payt siz boshqa bir da’voga e’tibor qaratasiz».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vaksinalar va homiladorlik: asossiz da’volar nimalardan iborat? Mutaxassislar javobi