08:00 / 15.08.2021
2 045

«Afg‘onistondagi vaziyat yumshab, O‘zbekiston manfaatlari va tinchligi yo‘lida hal bo‘lishidan umidvormiz» — senator Alisher Sa’dullayev

«Afg‘onistondagi vaziyat yumshab, O‘zbekiston manfaatlari va tinchligi yo‘lida hal bo‘lishidan umidvormiz» — senator Alisher Sa’dullayev
Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi Prezident Shavkat Mirziyoyevni bejiz xavotirga solmagani yanada oydinlashdi. Bu haqda O‘zbekiston Senati a’zosi, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev 14 avgust kuni, Afg‘oniston shimolidagi Mozori-Sharif shahri ustidan nazorat «Tolibon» ixtiyoriga o‘tib, afg‘on hukumat kuchlari O‘zbekiston tomon qochayotgani haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng fikr bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlari hukumatning shimoldagi so‘nggi tayanchi hisoblangan Mozori-Sharif shahrini deyarli jangsiz «Tolibon»ga topshirgan. Harbiy xizmatchilar va fuqarolarning katta guruhi O‘zbekiston chegarasi oldida yig‘ilgan, O‘zbekiston tomondan chegaraning ochilishini kutmoqda. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi o‘zbeklar yetakchisi marshal Abdurashid Do‘stum vertolyotda O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

- "Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» o‘rtasidagi munosabatning keskinlashuvi bejizga Prezidentimizni xavotirga solmaganligi yanada oydinlashmoqda.

Uzoqni o‘ylab, bir necha bor ikki taraf bilan ham muzokaralar olib borildi. Toshkentda ham bu mavzu yuqori minbarlarda bejizga muhokama qilinmadi.

Vaziyat yumshab, O‘zbekiston manfaatlari va tinchligi yo‘lida hal bo‘lishidan umidvormiz. Tinchlik bo‘lsin.", - dedi senator, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev.

Qayd etish joiz, Afg‘onistonda, shuningdek, Termiz ostonasida (chegarada) yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan O‘zbekiston tomoni hozircha biror rasmiy munosabat bildirgani yo‘q. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq so‘nggi (iyun oyi oxirida berilgan) bayonotida «O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini davom ettirish, neytralitetni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligi»ni qat’iy ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, Toshkentda 2018 yil martida Afg‘oniston masalasida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida xalqaro konferensiya, 2021 yil iyulida esa «Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilgan edi. Har ikkala tadbirda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani qatnashgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Afg‘onistondagi vaziyat yumshab, O‘zbekiston manfaatlari va tinchligi yo‘lida hal bo‘lishidan umidvormiz» — senator Alisher Sa’dullayev