18:28 / 21.09.2021
2 044

Uyida eshaklarni so‘yib sotish bilan shug‘ullangan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Uyida eshaklarni so‘yib sotish bilan shug‘ullangan shaxsga sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sayyor sudida 2021 yilning aprel oyida eshak so‘yib, go‘shtini sotish bilan shug‘ullangan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni Qarshi shahar «Arabxona» MFY Yangibog‘ ko‘chasida yashovchi fuqaro X.Sh.ning xonadonida fuqaro X.J. eshaklarni so‘yayotgani viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va Qarshi shahar IIO FMB xodimlarining tezkor sa’y-harakatlari natijasida aniqlangan edi.

Tekshiruv davomida xonadondan bo‘g‘izlangan eshaklar va uning ajratilgan terilari, uyning xonalaridan birida eshak go‘shti deb gumonlangan so‘yilgan lahm go‘sht mahsulotlari, 20 dona tirik eshak ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Sud jarayonida sudlanuvchi X.J. aybiga qisman iqror bo‘lib, eshaklarni itlar uchun so‘yib sotganini ma’lum qilgan. Biroq sud hujjatlarida to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro pul evaziga buyurtmachiga go‘shtlarni yetkazib bergan.

Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro X.J. Jinoyat kodeksining 186-modda (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi tayinlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Uyida eshaklarni so‘yib sotish bilan shug‘ullangan shaxsga sud hukmi o‘qildi
[/banner_pushhouse