1 307
«Qaroqchi» jurnallarda eng ko‘p ilmiy maqola chiqarayotganlar biz bo‘lamiz, o‘zbekistonliklar!
Bir ilmiy seminarda qatnashdim, himoyadan avvalgi rasmiy jarayon. Talabgor ikki ixtisoslik bo‘yicha ilmiy ish yoqlayapti. Seminar kengashi tarkibida yo‘qman, sababi kiritishmagan. Lekin bir hamkasbimiz dissertatsiya avtoreferati va ZOOM havolasini yubordi. «Domla, qatnashmasangiz bo‘lmaydi!»
Qatnashdim. Ma’ruzani eshitdim… Xullas, zamonaviy fan yo‘q. Savollar ko‘p. Beshta savol berdim. Bu yog‘i endi uloq, maydon keng. Savol-javob tugadi, muhokama boshlandi. Ikkinchi bo‘lib gapirdim. Taxminan shunday:
«Hurmatli domlalar, fan o‘zgaryapti, rivojlanyapti. Fan bizning tasavvurimizda qotib qolgani yo‘q. Men bunaqa ish qilmagan bo‘lardim, o‘lib qolsam ham! Essiz shuncha vaqt, mehnat, mablag‘… Kimni aldayapmiz? Pul xalqniki, davlatniki, yuzimizni yorug‘ qilaylik. Xorijda olimlar bunaqa ishlarni qilishmayapti. Ikkita ixtisoslik bo‘yicha doktorlik darajasiga da’vo qilinyapti, men bitta ixtisoslik talabi ham bajarilganini ko‘rmayapman…»
Yana bir kishi gapirdi. Yoshi katta. «Sharoitdan kelib chiqib fan bilan shug‘ullaniladi, hali zamonlar keladi, biz ham zamonaviy fan bilan ishlaymiz, shuning uchun doktor Rasulovning (ya’ni, mening) so‘zlari o‘rinsiz…» Oxirigacha eshita olmadim, Juma vaqti kirayotgandi.
Hovliga chiqdim. Ko‘p hamkasblar so‘zlarimni eshitishgan ekan. «Rahmat, domla, haqiqatni ham aytsa bo‘larkanku!», «Domla, yaxshi gapirdingiz, qachongacha sifatsiz ishlar qilib, o‘zlari tuzgan seminarlarda urra-urra qilishadi…»
Ko‘p yillar xorijda ishlaganim bois, bunday jarayonlardan uzoqda edim. Bilmasdim. Bir seminar misolida tushundimki, fanning rivojlanmasligida hech ham davlat yoki biror vazirlikni ayblab bo‘lmas ekan!
Ayb o‘zimizda ekan! O‘zimizning olimlarda.
Qotib qolgan tasavvurimizdagi fan bilan shug‘ullanamiz. Inglizcha birorta maqola yoki abstraktini o‘qimas ekanmiz. Dunyo nima bilan ishlayapti, qaysi ilmiy usulni qo‘llayapti va o‘sha usulni amalga oshirishga qaysi jihoz kerak, bilmaymiz.
Fanga, aytaylik, metabolomika yoki proteomika kirib kelganiga ancha yillar bo‘ldi, lekin bizga bu yo‘nalishlar qorong‘u, demak, biz ularni rad etamiz, eski usullar bilan ishlayveramiz (bu gapim hamma olimlarga taalluqli emas, zamonaviy ishlar shug‘ullanayotgan biologlarimiz ham bor, gap egasini topadi). Shuning uchun obro‘li jurnallarning yaqiniga ham borolmaymiz. OAK ham farqiga bormaydigan qaysidir chet jurnalida maqola e’lon qilamiz, himoya qilishga ulguramiz, haligi jurnal ertaga «qaroqchi» jurnallar ro‘yxatiga tushib turibdiku!
Esingizdan chiqarmang, «qaroqchi» jurnallarda eng ko‘p ilmiy maqola chiqarayotganlar biz bo‘lamiz, o‘zbekistonliklar! Jurnal shubhali bo‘lsa, undagi maqolalar ham shubhali bo‘ladimi? Mantiqan shunday!
Yana eng yomoni, o‘sha ustoz, tasavvuridagi fandan boshqasini tan olmaydigan «avtoritet» «pachkalab» shogirdlar oladi – PhD, Dsc… Bu yog‘i endi konveyer. Fanlar akademiyamizga bu haqda gapirilsa, qulog‘i kar, ko‘zi ko‘r.
Fan rivoji kerakmi, PhD va Dsc bo‘lishni istaganlarni zamonaviy fanni tushungan olimlarga shogirdlikka berish kerak. Zamonaviy fan bilan shug‘ullanayotganlarning maqolalari, H-indekslari bilan tanishib olishsa bo‘ladi. Lekin buni ko‘pchilik ham xohlamas ekan.
Nega?
Sababi, har bir PhD yoki Dsc uchun ilmiy rahbarga qo‘shimcha to‘lanadi. Oylikka qo‘shilib tursa yomonmi? 700 ming–1 mln atrofida deyishdi, anig‘ini bilmayman. Shuning uchun, «fidoiylar»ning shogirdlari uzilmaydi, 3-4 yil qo‘shimcha olib yuraveradi. Shogird bechoraning umri o‘tadi, eski-tuski kovlab vaqti ketadi.
Taklifim shunday (buni avval ham FAga yetkazganman): PhD va Dsc bo‘lishni istaganlarni H-indeksi bor yoki yuqori olimlarga berilishi lozim. Ilmiy seminarlar va ixtisoslashgan kengashlar tarkibi qayta ko‘rib chiqilishi shart!
Fan tanish-bilishchilik bilan, guruhvozlik bilan rivojlanadigan soha emas. Fan, ayniqsa, kelajak fani, muhim strategik ahamiyatga ega. Davlat rivoji va xavfsizligida muhim vosita. Uni shaxsiy manfaatlarimiz yo‘lida qurbon bermasligimiz lozim.
Baxtiyor Abdug‘afur
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi