La Liganing 7-turidan o‘rin olgan derbida "Real Madrid" jamoasi Madridning boshqa klubi "Atletiko" mehmoni bo‘lib, 5:2 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi. Katta qiziqish bilan kutilgan o‘yin so‘nggi paytlarda yaxshi sport formasini namoyish qilayotgan "qaymoqranglilar" uchun kutilmagan natija bilan yakunlandi.
Uchrashuvdan keyin "Real"ning bosh murabbiyi Xabi Alonso jurnalistlar oldida chiqish qilib, jamoa harakati va maydondagi kamchiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ispaniyalik mutaxassisga ko‘ra, bu safar jamoasi ko‘plab yo‘l qo‘yilgan xatolar oqibatida to‘liq mag‘lubiyatga loyiq bo‘lgan.
– "Yomon o‘yin ko‘rsatdik va og‘riqli mag‘lubiyatni qabul qildik. Bugun bizga ko‘p jihatlar yetishmadi. To‘p nazoratini yo‘qotdik, duellarda yutqazdik, vaziyat yarata olmadik. Natijada raqibga haddan tashqari ko‘p imkoniyat berib qo‘ydik. Biz barcha jabhalarda yutqazdik va o‘z darajamizni ko‘rsata olmadik", – dedi Alonso.
Murabbiyning aytishicha, bu mag‘lubiyat jamoa uchun dars sifatida xizmat qilishi lozim. – "Mavsumdagi ilk yo‘qotishimiz bo‘ldi. Bu og‘ir, ammo shundan saboq olib, o‘z o‘yinimizni yaxshilashimiz shart. Buni tahlil qilamiz va tuzatishga harakat qilamiz. Biz hali shakllanish bosqichida turibmiz, progress yo‘lidamiz", – deya qo‘shimcha qildi ispaniyalik murabbiy.
Alonso ayni paytda jamoa xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishi va kelgusi bahslarda o‘z o‘yinini kuchaytirishi kerakligini ta’kidladi. – "Ikkinchi taymda ham kutilgan darajada harakat qila olmadik. Bundan saboq olib, keyingi o‘yinlarda to‘g‘ri yo‘lga tushishga intilamiz", – dedi u.
Endilikda "Real Madrid" navbatdagi bahsda "Vilyarreal" bilan kuch sinashishi kutilmoqda. Undan oldin esa klub Yevrokubok doirasida Qozog‘istonga safar qilib, muhim o‘yin o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!