23:18 / 20.02.2022
1 287

O‘zbekiston–AQSH: noyob zanjirning 30 halqasi

O‘zbekiston–AQSH: noyob zanjirning 30 halqasi
Diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan elchixonalar tayyorlagan logotiplar
O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga roppa-rosa 30 yil to‘ldi. O‘zbekiston davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan Vashington 1992 yil 19 fevralda Toshkent bilan rasman diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan edi. O‘tgan yillar mobaynida ikki mamlakat robitalari gohida asov ummon kabi jo‘shqin, gohida sokin daryo kabi vazmin kechdi.

Eng muhimi, bir zamonlar Abu Rayhon Beruniy dahosi kashf etgan olisdagi sehrli diyor bizga yaqinlashdi. Ikki davlat geosiyosatdan tortib san’atga qadar – katta-kichik jabhalarda mustahkam rishtalar orqali bog‘landi. Diplomatik munosabatlarning 30 yili bahonasida O‘zbekiston–AQSH hamkorligiga doir muhim 30 hodisa va faktni jamladik.

Oqsaroydan Oq uyga salom: Islom Karimov va Bill Klinton. Foto: AFP
I. O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 1993 yil sentabr oyida ilk bor AQSHga safar qilib, BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zladi. Uch yil o‘tib, 1996 yilning iyunida amalga oshirilgan navbatdagi tashrif davomida Oq uyda prezident Bill Klinton bilan muzokara o‘tkazdi. Prezidentlarning yuzma-yuz muloqoti o‘zaro munosabatlarda «qiblanamo» vazifasini o‘tadi.

II. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, AQSH bilan hamkorlik komplekslilik, uzoq muddatli va ko‘p qirrali jihatlari bilan ajralib turadi. Tomonlar bir qator xalqaro va mintaqaviy muammolar bo‘yicha mushtarak pozitsiyaga ega bo‘lib, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishi, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga qarshi kurash, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.

III. 2019 yilda «O‘zbekiston» nashriyotida amerikalik olim va diplomat Yujin Skaylerning (1840-1890) «Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari» deb nomlangan kitobi chop etildi. AQSHning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida mas’ul lavozimlarda ishlagan, jumladan, Moskvada konsul vazifasida faoliyat yuritgan Yu.Skayler 1870-yillarda O‘rta Osiyoga sayohat qiladi. Buxoro, Xiva, Toshkent, Qo‘qon shaharlarini ziyorat qilgan diplomat keyinroq safar taassurotlarini kitob holida chop etadi. Amerikalik diplomatning Turkiston tarixi, madaniyati va an’analari xususidagi mulohazalari ilmiy jihatdan qadrli bo‘libgina qolmay, ikki mamlakat diplomatik munosabatlarning ildizi ancha olisga borib taqalishidan dalolat beradi.

IV. Ikki mamlakat ko‘p qirrali hamkorlikda 100 dan ziyod hujjatlardan iborat bo‘lgan huquqiy asosga tayanadi. 2002 yil 12 martda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiya muhim o‘rin tutadi.

V. AQSHning yirik shirkatlari O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Dunyoga mashhur «General Motor» avtomobilsozlik rivojiga katta hissa qo‘shgan. «Boeing» shirkati «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyasiga zamonaviy uchoqlar yetkazib berayotgan bo‘lsa, «General Electric» neft-gaz, sog‘liqni saqlash va qayta tiklanadigan energiya yo‘nalishlarida hamkor sanaladi. «Exxon Mobil», «CNH Industrial», «Coca Cola», «Hyatt», «Hilton», «John Deere», «Honeywell» kabi shirkatlar ham yurtimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotir.

AQSHning O‘zbekistondagi barcha elchilari bitta suratda. Kollaj: «Xabar.uz”
VI. Diplomatik munosabat o‘rnatilganidan ko‘p o‘tmay, 1992 yilning 16 martida Toshkentda AQSH elchixonasi ish boshladi. O‘tgan yillar mobaynida Henri Klark (1992-1995), Stenli Eskudero (1995-1997), Jozef Presel (1997-2000), Jon Hyorbst (2000-2003), Jon Purnell (2004-2007), Richard Norland (2007-2010), Jorj Krol (2011-2014), Pamela Spratlen (2015-2018) kabi diplomatlar AQSH elchisi sifatida faoliyat yuritdi. 2019 yildan buyon bu vazifasida Deniyel Rozenblyum ishlab kelmoqda.

VII. 1993 yil fevral oyida AQSHda O‘zbekiston elchixonasi ochildi. O‘tgan chorak asr davomida Muhammadbobur Malikov (1993), Fotih Teshaboyev (1993-1996), Sodiq Safoyev (1996-2001), Shavkat Hamroqulov (2001-2003), Abdulaziz Komilov (2003-2010), Ilhom Ne’matov (2010-2013), Baxtiyor G‘ulomov (2013-2017), Javlon Vahobov (2017 yildan hozirga qadar) kabi diplomatlar AQSHda mamlakatimizni tamsil etdi. O‘zbekistonning AQSHdagi elchiligi istiqbolli lavozim o‘laroq baholanadi. Ayni paytda sobiq elchilardan A.Komilov – tashqi ishlar vaziri, S.Safoyev – Senat raisining birinchi o‘rinbosari, I.Ne’matov – MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

VIII. 2001 yil 11 sentabr fojiasidan keyin Afg‘oniston hududida AQSH boshchiligida terrorga qarshi keng qamrovli harbiy amaliyot boshlandi. O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida 2001 yil 7 oktabrda imzolangan bitimga ko‘ra, Qarshi–Xonobod aerodromi vaqtincha Pentagon tasarrufiga berildi. AQSH mudofaa kuchlari harbiy bazadan Afg‘onistondagi operatsiyani qo‘llab-quvvatlash, xususan, qidiruv-qutqaruv va gumanitar operatsiyalar maqsadida foydalangan. Shu tariqa «K2» nomi bilan ham mashhur bo‘lgan harbiy baza 2001-2005 yillar davomida Pentagon tomonidan istifoda etildi. 2005 yil 21 noyabr kuni AQSHga tegishli so‘nggi samolyot Xonobod aerodromini tark etdi.

IX. 2010 yil dekabrda O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida ilm-fan va texnologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi. 2018 yil 17 mayda yana ikki muhim shartnoma ma’qullandi. Bunga ko‘ra, O‘zbekiston va AQSH universitetlari o‘rtasida almashuv dasturini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

X. 1992 yilning fevralida AQSH davlat kotibi Jeyms Beyker O‘zbekistonga tashrif buyurib, prezident Islom Karimov bilan muzokara o‘tkazdi. Bu AQSH yuqori martabali mulozimining yurtimizga ilk tashrifi edi. Keyinroq Madlen Olbrayt (2000), Kolin Pauell (2001), Hillari Klinton (2010, 2011), Jon Kerri (2015), Mayk Pompeo (2020) kabi davlat kotiblari mamlakatimizda mehmon bo‘ldi. Xususan, 2020 yil 3 fevral kuni Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan Mayk Pompeo AQSH tomoni O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Tarixiy uchrashuv: Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
XI. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH yetakchisi Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. 16 yillik tanaffusdan keyin amalga oshirilgan tashrif hamkorlikning yangi ufqini ochib berdi. Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining «O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi» deb nomlangan Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida qariyb 4,8 milliard dollarli yangi shartnomalar imzolandi. Tahlilchilar Mirziyoyev–Tramp uchrashuvini «tarixiy» deb atadi.

XII. 2019 yil 28 sentabr kuni O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida ta’lim taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi birinchi keng qamrovli grant shartnomasi doirasida AQSH hukumati kelgusi besh yil davomida O‘zbekiston ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag‘ ajratadi.

XIII. 2015 yil sentabr oyida Nyu-Yorkda AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlarining «S5+1» formatidagi muloqotiga asos solindi. Mazkur muloqot shakli 2015 yil noyabrda Samarqandda o‘tgan xalqaro mashvaratda rasman ma’qullandi. Masalan, 2019 yil 22 sentabr kuni AQSH mezbonligida o‘tgan «S5+1» uchrashuvida hayot-mamot masalalari muhokama etilgan.

XIV. Keyingi yillarda O‘zbekiston–AQSH o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonlik senator va deputatlarning AQSHga safari muntazam tashkil etilmoqda. O‘z navbatda kongressmenlar ham bot-bot yurtimizda mehmon bo‘lmoqda. 2018 yil avgust oyida AQSH Kongressida O‘zbekiston bo‘yicha Kokus (do‘stlik guruhi) tashkil etilgani ham muhim natija sanaladi.

XI. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning umrboqiyligi avvalo xalqlar orasidagi robitalarning mustahkamligiga bog‘liqdir. Hozirga qadar O‘zbekiston hamda AQSHning uchtadan shahri o‘zaro birodarlik munosabatini o‘rnatgan: Toshkent – Sietl, Buxoro – Santa-Fe, Zarafshon – Klinton.

Xalq ta’limi vaziri (hozirda AKT vaziri) Sherzod
Shermatov hamda elchi Deniyel Rozenblyum. Foto: AQSH elchixonasi.

XVI. 2020 yil mart oyida O‘zbekistonda AQSHning «English Speaking Nation: Secondary Teacher Training» dasturi yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shma Shtatlarning 5 mln dollar granti hisobiga amalga oshirilayotgan dasturdan ko‘zlangan maqsad 3 yil davomida 15 mingdan ziyod ingliz tili o‘qituvchilarining bilim va malakasini oshirishdan iboratdir.

XVII. Hillari Klinton AQSHning O‘zbekistonga ko‘p bora tashrif buyurgan yuqori martabali mulozimi sanaladi. U ilk bor 1997 yilning noyabrida birinchi xonim, 2010 hamda 2011 yillarda esa davlat kotibi maqomida yurtimizda mehmon bo‘lgan. H.Klinton qalamiga mansub «Bir bolaga yetti mahalla ota-ona» kitobi Toshkentda chop etilgan.

XVIII. O‘zbekiston hamda AQSH o‘rtasida tibbiyot sohasida ham hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH COVID-19ga qarshi kurash uchun COVAX dasturi doirasida mamlakatimizga 5 million dozadan ziyod «Moderna» va «Pfizer» vaksinalari taqdim etdi. Joriy yilning sentabriga qadar mamlakatimizga AQSHdan yana 5 million doza vaksina kelishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar USAID hamda Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) orqali koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga ko‘rsatgan ko‘mak 16 million dollarga yetdi.

XIX. 1995 yil 13 oktabrda mudofaa vazirliklari imzolagan memorandum asosida harbiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘tgan yillar mobaynida vazirlar darajasidagi tashriflar amalga oshirildi. 2018 yili ikki mamlakatning besh yillik harbiy hamkorlik rejasi qabul qilindi. 2019 yil yanvar oyida Missisipida ilk bor O‘zbekiston – AQSH harbiy mashqlari o‘tkazildi.

XI. 2019 yil 1 noyabr kuni Toshkentda AQSHning ilk oliy ta’lim maskani – Vebster universiteti ish boshladi. Bu mazkur universitetning MDHdagi ilk to‘laqonli filiali sanaladi. 1915 yili Missuri shtatida ta’sis etilgan Vebster universiteti dunyoda biznes ta’limi bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri o‘laroq e’tirof etilgan.

Bosh diplomatlar Abdulaziz Komilov va Entoni Blinken. Foto: Davlat departamenti.
XXI. 2021 yil 1 iyul kuni davlat kotibi Entoni Blinken mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvda AQSH O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istagida ekanini ma’lum qildi. E.Blinken, ayni choqda, O‘zbekistonga inson huquqlari va demokratiya jabhasida kechayotgan islohotlar borasida ham ko‘mak taklif etdi.

XXII. 2018 yilda ko‘p yillik tanaffusdan keyin Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlarining Toshkentdagi ofisi qayta ochildi. Mazkur tuzilma ilmiy, professional va madaniy almashinuvlar, til o‘rgatish, ta’limni rivojlantirish va tadqiqotlar orqali o‘zaro hamfikrlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Amerika kengashlari O‘zbekistonda «Future Leaders Exchange» (FLEX), «American Windows», «Uzbekistan Business Leaders» (UBL), «Central Asia University Partnership Program» (UNiCEN) kabi 13 ta dasturli portfolioga ega.

XXIII. 2021 yilda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo aylanmasi 424,5 million dollarga yetdi. Bu pandemiyaga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichdan 53 foiz ko‘pdir. 2018 yil oktabr oyida Toshkentga tashrif buyurgan AQSH savdo vaziri Uilbur Ross savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirish va savdo aylanmasi hajmini yanada oshirishni taklif etgandi. Ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida AQSH–O‘zbekiston savdo palatasi ta’sis qilingan. Amerika tomonidan yurtimizga kiritilgan sarmoya 1 milliard dollardan oshdi. AQSH O‘zbekistonning nufuzli iqtisodiy tuzilma – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

XXIV. O‘zbekistonning Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida AQSH bilan hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri o‘laroq belgilangan. Rasmiy Vashingtonning 2019-2025 yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha strategiyasida ham O‘zbekiston bilan turli sohalardagi robitalarga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

XXV. Taniqli siyosatshunos, o‘z davrida prezident Jimmi Karterning maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan Zbignev Bjezinskiy 1990-yillardayoq Vashington hamda Toshkentning strategik hamkorligi haqida gapirib, O‘zbekiston mintaqada yetakchilikka asosiy nomzod ekanini ta’kidlagan edi. 2019 yilda esa AQSH mudofaa vaziri Jeyms Mattis O‘zbekistonni mintaqadagi muhim geostrategik davlat deb atadi.

Yuqori martabali mulozim Donald Lu mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy bilan osh damlamoqda. Foto: AQSH elchixonasi.
XXVI. O‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston va AQSH yillik siyosiy maslahatlashuvlar formati strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarildi. 2021 yil 13 dekabr kuni davlat kotibining yordamchisi Donald Lu hamda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik muloqotining birinchi majlisida ishtirok etdi.

XXVII. 2019 yil 27 fevral kuni AQSH davlat departamentining yuqori martabali vakili – Elis Uells Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida nutq so‘zlab, mamlakatlar o‘rtasidagi robitalarning tarixiy ildizlariga e’tibor qaratdi. «Xorazmlik buyuk olim al-Beruniy XI asrdayoq biz yashab turgan dunyo ilgari tasavvur qilinganidan anchagina katta ekanini tushunib yetgan. Ko‘plab olimlar Yerning yassi ekaniga ishongan kezlarda u Yer sharining narigi burchagida hali hech kimga noma’lum bir qit’a mavjudligini anglagan. O‘sha sehrli diyor – AQSH bugun xalqlar uchun oshiyon vazifasini o‘tamoqda. Uzoq tarixda, Buyuk Iskandar davridan to Italiya savdo shaharchalari yuzaga kelguncha, O‘rta Osiyo xalqaro almashuv uchun chorraha vazifasini o‘tab kelgan. Ayni paytda Markaziy Osiyoning to‘liq salohiyatini tiklash vaqti keldi», – dedi Uells xonim.

XXVIII. Amerikalik tadqiqotchi va tarjimon Mark Riz o‘zbek nasrining shoh asari – «O‘tkan kunlar» romanini «Bygone days» nomi bilan ingliz tiliga tarjima qildi. Asar 2020 yili kitob holida chop etildi. Mark Riz roman tarjimasiga 15 yil umrini sarfladi.

XXIX. AQSH rahbari Jo Bayden 2021 yil mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyevga Navro‘z bayrami bahonasida muxtasar maktub yo‘llab, ikki jihatga urg‘u berdi. «Keyingi yillarda Siz muhim islohotlarni amalga oshirdingiz va mening administratsiyam bu muvaffaqiyatni davom ettirish uchun mamlakatingiz bilan hamkorlik qilishga tayyor. Biz, shuningdek, besh yil avval davlat kotibi Jon Kerri rahbarligida boshlangan «C5+1» muloqoti doirasidagi hamkorlik davom etishidan umidvormiz», – deyiladi prezident Bayden nomasida.

XXX. AQSH elchisi Deniyel Rozenblyum diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan an’anaga ko‘ra o‘zbek tilida murojaat yo‘lladi.

«Men ikki buyuk xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada yaxshilash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilmoqdaman. Ammo shuni har doim bilamanki, mening bu yerdagi faoliyatim bir butun o‘ttiz yillik zanjirning yaqin yillardagi halqasi, xolos», – dedi u. Ayni choqda, elchi 30 yillik hamkorlik va do‘stlik uchun minnatdorlik izhor etdi.

Cobir Calim tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston–AQSH: noyob zanjirning 30 halqasi