
Futbol olamida global hamkorlikni kuchaytirishni maqsad qilgan «FIFA Series» loyihasi yana yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Eng quvonarlisi — O‘zbekiston bu tashabbusning asosiy mezbonlari qatorida yana bir bor e’tirof etildi. Bu terma jamoamizga ham, futbol muhitini rivojlantirishga ham katta ishonch belgisi sifatida qabul qilinmoqda.
FIFA rasman ma’lum qilishicha, 2026 yil mart va aprel oylarida xalqaro o‘yinlar oynasi doirasida «FIFA Series» musobaqasining to‘liq formatdagi birinchi bosqichi o‘tkaziladi. Bu safar loyiha kengaygan holda taqdim etiladi: ilk bor ayollar futboli uchun ham alohida yo‘nalish joriy etilmoqda.
2024 yil mart oyidagi pilot bosqich muvaffaqiyatidan so‘ng, FIFA loyihani yanada katta hajmda amalga oshirishga qaror qildi. Tashabbusning asosiy g‘oyasi — turli qit’alardagi terma jamoalarni an’anaviy konfederatsiya doirasidan chiqarib, bir-biri bilan raqobat va muloqotga chorlash. Xulosa qilib aytganda, futbol orqali dunyo davlatlarini yanada yaqin qiluvchi unikal platforma yaratish.
FIFA bayonotida aytilishicha, «FIFA Series» futbolchilar va murabbiylarning tajribasini boyitish, muxlislarga yangi taassurotlar ulashish, shu bilan birga futbolning universal va xilma-xil tabiatini targ‘ib qilishga qaratilgan. 2026 yilgi format esa bu ta’sirni yanada kengaytiradi: har ikki yo‘nalish — erkaklar va ayollar futboli bir vaqtda rivojlanish imkoniga ega bo‘ladi.
Erkaklar o‘rtasidagi musobaqaga Avstraliya, Ozarbayjon, Indoneziya, Qozog‘iston, Mavrikiy, Puerto-Riko, Ruanda va, albatta, O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Ayollar futboli uchun mo‘ljallangan bo‘lim esa Braziliya, Kot-d’Ivuar va Tailandda start oladi. Qator boshqa mamlakatlar ham mezbonlikka qiziqish bildirgani qayd etilgan.
O‘zbekistonda futbol infratuzilmasi, muxlislar madaniyati va tashkilotchilik salohiyati oxirgi yillarda jiddiy rivojlanayotgani inobatga olinsa, FIFAning bu ishonchi to‘liq asosli ekani yana bir bor o‘z isbotini topdi. Bu musobaqa terma jamoamizni xalqaro maydonda yanada faol ko‘rinishga, yangi raqiblar bilan kuch sinab ko‘rishga va muxlislarga o‘ziga xos futbol bayramini taqdim etishga yordam beradi.
O‘zbekiston futboli uchun yana bir imkoniyat eshigi ochildi — endi esa uni munosib baholash va yuqori saviyada qabul qilish qoldi, xolos.

Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.