Bulgakov va men
Besh-olti yil oldin Bulgakov haqida faqat uzuq-yuluq, yarmi chin, yarmi cho‘pchak bo‘lgan narsalarni bilardim: “Usta va Margarita” asosida film ishlamoqchi bo‘lgan odamlarning kayfiyatlari tushkun bo‘lib qolgani, Margarita rolini o‘ynagan aktrisa o‘zini g‘alati his qilgani, xuddi “Drakula”dagi aktyorlar kabi ko‘rinmas qora kuchlar bezovta qilgani, va hokazo...
Yaqin kunlarda allaqaysi rus saytlarining birida ham o‘qidim. Unda yozilishicha, 2005-yilda ekranga chiqqan “Usta va Margarita” seriali rejissori Vladimir Bortko romanda hech qanday sirlilik yo‘q deb bir necha bor ta’kidlaydi, biroq bir intervyusida shunday deydi:
– Ancha yillar oldin, suratga olish ishlariga sho‘ng‘ib ketganimda men bilan g‘alati hodisa sodir bo‘ldi. Ko‘l bo‘yida ssenariyni ba’zi qismlarini qayta ko‘rib chiqayotganimda to‘satdan bir notanish odam yonimga kelib: “Baribir qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi!” – dedi-yu gumdon bo‘ldi...
Yana yozilganki, serial yakuniga qadar 13 nafar aktyor turli sabablarga ko‘ra o‘lgan.
Albatta, bu bir tasodif bo‘lishi mumkin, lekin fakt bu – fakt va aynan shu ma’lumotlar Bulgakovni tezroq o‘qishimga turtki bergan. Uning hajman kichik bo‘lgan “Ityurak” qissasini bir nafasda o‘qiganman. Menga adibning “real olam” hamda “tasavvur olami”ni o‘zaro uyg‘unlashtirgan uslubi yoqqan.
“Sehrli realizm”
Shu uslubga qisqacha to‘xtalib o‘tsam: bugungi kunda umumestetik tushunchaga aylanib ulgurgan “magik realizm”ning maydonga kelishi aynan inson erkinligi taqiqlangan yoki qat’iy ravishda cheklangan davrga to‘g‘ri keldi. Dastlab bir guruh yosh rassomlarga nisbatan qo‘llanilgan bu istilohning ma’no ko‘lami vaqt o‘tib orta bordi. Endi u faqatgina nemis rassomchiligidagi postekspressionizm oqimini anglatuvchi atama bo‘libgina qolmay, san’atning boshqa turlariga ham kirib bordi. Italyan adibi Bontempelli “sehrli realizm”ni badiiy adabiyot namunalariga nisbatan qo‘llay boshlagan bo‘lsa, Emir Kusturitsa, Akira Kurosava singari taniqli rejissorlar “Tushlar”, “Arizona maqsadi” kabi filmlari bilan uning kinematografiya sohasidagi rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
Magik va fantastik unsurlarning asar ichiga, personajlarning ruhiyatiga singib ketishi, ramzlarga tez-tez murojaat etish, folklor elementlarining mavjudligi, insoniy hissiyotlarning batafsil yoritilishi, o‘tmish hozirgi zamon bilan, fizik borliq absurd borliq bilan qarama-qarshi munosabatda bo‘lishi, voqealarning alternativ nuqtayi nazardan yuzaga kelishi – hikoya qilib beruvchining ovozi birinchi shaxsdan uchinchi shaxsga bemalol ko‘chib o‘tishi va yana ko‘plab unsurlar rus adibi Mixail Bulgakovdan tashqari, kubalik Alexo Karpentyer, argentinalik Xulio Kortasar, meksikalik Xuan Rulfo-yu Karlos Fuentes, va albatta, kolumbiyalik Gabriel Garsiya Markeslarga ulkan shuhrat olib keldi.
Asar haqida qisqacha
Zabardast rus adibi Mixail Bulgakov qalamiga mansub “Ityurak” qissasi 1925-yil yanvar oyidan mart oyiga qadar yozilgan. 1926-yil g‘alati tarzda tushunimsiz bahona bilan kelgan allaqanday sirli odamlar Bulgakovga tegishli barcha narsalarni tintuv qilish davomida asar qo‘lyozmasini qo‘lidan tortib olishadi. 1960-yillarda asarni bosib chiqarishga nomdor nashriyotlarning yuragi dov bermagach, “qo‘lbola” shaklda tarqalib ketadi.
1967-yilga kelib esa Bulgakovning xotini Y.S.Bulgakovaning harakati bilan asarning bir nechta nusxasi Yevropaga berib yuboriladi va 1968-yilda Frankfurtdagi “Grani” hamda Alek Flegonning Londondagi “Student” nomli rus jurnallarida chop etiladi. 1987-yilga kelibgina, (qayta qurish davrida) Rossiyadagi “Znamya” jurnali o‘z sahifalarida bosishga jur’at topa oladi. Muxtasar qilib aytganda, Bulgakovning “Ityurak”i 60 yildan oshiqroq vaqt davomida odamlar e’tiboridan chetda jon saqladi.
Sujet
Qahraton qish kunlarining birida bir it och va sovqotgan ahvolda Moskva ko‘chalarida biron saxiy odam izlab daydib yuradi. Baxtiga Filipp Filippovich ismli mehribon kishi uchraydi, Filipp itning oshpaz qaynoq suv sepib kuydirgan tanasiga achinib, shu yerning o‘zida uning qornini to‘qlaydi va o‘z uyiga yetaklab boradi. Bu mehribon janobning uyida ko‘ppak oshpaz ayol Darya Petrovnani, professorning shogirdi Ivan Arnoldovich Bormentalni uchratadi. Dastavval, it professorga nima uchun kerakligini tushunmaydi, axir zotdor bo‘lmasa, kamiga ochlik sillasini quritgan - odamlar e’tiborini tortadigan jussa, chiroy yo‘q. Aksincha, ko‘rganning ko‘ngli ag‘dariladi.
O‘sha yerda unga Sharik laqabi qo‘yiladi. It ichida kulib qo‘yadi. Chunki Sharik laqabi semiz hamda aslzoda kuchuklarga nisbatan qo‘llanilardi.
Filipp Filippovich Preobrajinskiyning asl maqsadi keyin namoyon bo‘ladi. U ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan eksperimentlar qilishdan charchamaydigan qobiliyatli jarroh edi. U shogirdi Ivan Arnoldovich bilan sho‘ring qurg‘ur Sharik ustida operatsiya o‘tkazishmoqchi, ya’ni inson gipofizini itga ko‘chirib insonni yoshartirish yo‘lidagi galdagi tajribani sinab ko‘rishmoqchi bo‘ladi. Afsuski, bu butunlay aks natija beradi. Qandaydir mo‘jiza sabab tirik qolgan Sharik asta-sekin odamga aylana boshlaydi.
Itning odamga aylanishi to‘g‘risidagi jarayon Bormentalning shaxsiy kundaligiga yozib boriladi. Operatsiyadan omon qolgan it bosqichma-bosqich insonlik qobiliyatlarini namoyon qila boshlaydi: yunglari to‘kiladi, ikki oyoqda yurishni o‘rganadi, aksariyat so‘zlarni buzib bo‘lsa-da, talaffuz eta boshlaydi. Itning odamga aylangani ko‘pgina kishilarni qiziqtiradi.
It odamga aylangach, axloq nimaligini unutadi. Umuman olganda, itning yuragi urib turgan ongli odamning bunday ahmoqona qiliqlarini tabiiy qabul qilish kerak: it baribir it!
Ammo, kommunist Shvonder bilan tanishuv Sharikning dunyoqarashini o‘zgartirib yuboradi. Shvonder uni Filipp Filippovich va Ivan Arnoldovich misolida burjua zulmidan azob chekayotgan proletar ekaniga ishontiradi. Shvonder Filipp Filippovichdan Sharikka ism berilishini talab qiladi. Sharik o‘ziga Poligraf Poligrafovich Sharikov degan ism oladi. Poligraf bu orada professor va Bormentalni haqoratlashni, uydagi ayollarning tinchini buzishni, xonadonga tegishli narsalarni o‘g‘irlashni, turli farosatsiz qiliqlar qilishni boshlaydi.
Unda professorga qarshi nafratga o‘xshagan nimadir uyg‘onadi, garchi anglashning o‘rta bosqichiga ham yetib bormagan bo‘lsa-da, it o‘zini proletar, professorni esa burjuaziya vakili sifatida ko‘ra boshlaydi. O‘rtadagi konflikt shu darajaga yetib boradiki, Sharik uydagi barcha ishlar haqida ma'lumot yig‘ib, professorni hukumatga topshirmoqchi bo‘ladi.
Shunda Filipp Filippovich va Bormental unga uydan chiqishini talab qiladi, biroq “o‘z huquqlarini tushunib olgan” Sharikov buni qat’iyan rad etib, ularga to‘pponcha bilan tahdid qiladi. Toqati toq bo‘lgan professor uni qayta operatsiya qilib, tag‘in o‘zining it holiga qaytaradi.
Xulosa o‘rnida ham tahlil
Asarni ikki xil tahlil qilish mumkin. Birinchisi, adib ushbu qissasi orqali o‘z davri ijtimoiy-siyosiy jarayonlari ustidan makkorona mazax qiladi. Bulgakov asar qahramonlaridan o‘sha davr tuzumi haqida, revolyutsiya oqibatlari, qashshoq fuqarolar va partiya o‘rtasidagi keskin munosabatlarni chiroyli badiiy uslub orqali ifoda eta olgan. Asar yozilgan yilni eslab ko‘ramiz: hokimiyat dunyoni butunlay o‘zgartirish da’vosi bilan chiqqan bolsheviklar qo‘liga o‘tganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan davr. Bir yonda qahatchilik, bir yonda siyosiy zulm, tazyiq, zo‘ravonlik...
Bunday holatlardan yuragi zada adib mustabid tuzum sharoitida haqiqatlarni ochib tashlashga faqat ramziylik vositasida, ishoralar bilan erishishi mumkin edi. Shunday qildi ham. “Ityurak”da qoloq hukumatning kirdikorlari magiya va fantastika ko‘zoynagi yordamida ochib berildi. Yanayam aniqroq qilib aytganda, asar o‘sha davr rahbarlari ustidan yengilgina kulgan hamda Sharikov ko‘rinishida bolsheviklarning hukumat tepasiga kelishi o‘zini oqlamaganini ko‘rsatib bergan. Ular ham Sharikovdek revolyutsiya orqali qandaydir huquqlarga ega bo‘lishdi, yangi bir tabaqaga aylanishdi.
Biroq ular baribir oddiy xalq edi va ularda qo‘lidagi hukumatni boshqarish uchun kerak bo‘ladigan bilim, ko‘nikma va liderlik shakllanmagandi. Ular Sharikov Shvonderga ishongandek partiya nima desa shunga ishondi, partiya uchun istalgan insonni sotib berdi, qamadi, o‘ldirdi, maqsadni to‘liq anglab yetmagan holda barcha iflosliklarni qildi. Asar rostdan siyosiy satira ekanligi inobatga olinsa, jaholatga qarshi bir pamflet bo‘lsa, qahramonlar quyidagilarning ramziy obrazlari ekanligini payqash qiyin kechmaydi:
- Jarroh Preobrajenskiy – Lenin.
- Sharikov – Stalin.
- Shvonder – Partiya
- Bormental – Trotskiy
Ikkinchi tarafdan, yozuvchi ushbu qissasi orqali tabiiy evolyutsion jarayonga aralashishga urinishni qoralagan. Itni tibbiy operatsiya orqali odamzodga aylantirgani bilan u qalban inson bo‘la olmasligi, ortidan keladigan ulkan fojialar dahshatli ekanligini mohirona tasvirlab bergan. Shu bilan birga, mazkur qissadan ayniqsa hozirgi zamon uchun katta xavf tug‘dirayotgan “ilm-fan yutuqlari”ning – sun’iy urchitish yo‘li bilan turli jonivorlar, va hattoki inson klonini yaratishga urinishlarning oqibatida turli manqurtlar, mutantlar paydo bo‘lishi mumkinligi ham anglashiladi. Ityurak Sharikovlarning hayotimizga kirib kelishini, ularning Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”da tasvirlagan ikszurriyodlardek, qing‘irlikni ko‘zlagan har xil siyosiy kuchlar qo‘lida o‘yinchoqqa aylanishini, vayronkor g‘oyalar yo‘lida xizmat qilishini bashorat o‘laroq ta’kidlagan.
Asardan iqtiboslar
-
Har qanday bemor uchun eng muhimi – bir burdagina bo‘lsa-da, nimadir yeb olish.
-
Ammo, ko‘zlar… bu shunday narsaki, uzoqdan ham, yaqindan ham o‘zgarmaydi, adashtira olmaysan. Xuddi barometrga o‘xshaydi ular. Ko‘zga qarab, odamning qalbida nimalar kechayotganini bilish mumkin, hammasini payqasa bo‘ladi.
-
Odam hech qayoqqa shoshilmasa, hamma narsaga ulguradi.
-
Inson va hayvonga faqat ishontirish yo‘li bilan ta’sir o‘tkazish mumkin.
-
Xo‘sh, ozodlik deganlari nima o‘zi? Tutun, sarob, sharpa… Baxtiqaro demokratlarning alahsirashi bu!
Qiziqarli faktlar
– Professor Preobrajenskiyning prototipi muallifning tog‘asi ginekolog Nikolay Mixaylovich Pokrovskiy degan farazlar mavjud. Uning kvartirasi Filipp Filippovich kvartirasining tavsifi bilan mos keladi va qo‘shimcha ravishda uning iti ham bor edi. Bu fikrni Bulgakovning birinchi rafiqasi Lappa ham o‘z xotiralarida tasdiqlaydi.
– Asar asosida 1988-yilda film suratga olingan.
– Bulgakov bu qissa yaralishida Gerbert Uellsning “Doktor Moro oroli” romanidan ilhomlangan degan taxminlar bor.
Manba: Daryo.uz
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring