
Afrika savannalarida ko‘rishga odatlanganimiz chiziqli giena aslida O‘zbekistonda ham mavjud. Ammo u shunchalik noyobki, mutaxassislar fikriga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab uning soni 30–40 donadan oshmaydi. Chiziqli giena hozirda faqat Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlarida uchramoqda.
Ushbu masala CITES (yo‘qolib ketish xavfidagi turlar bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya)ning 20-yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan “Chiziqli giena xavf ostida” nomli tadbirda keng muhokama qilindi. Tadbir O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligida o‘tkazildi. Unda bu tur global ekotizimda muhim “sanitar” vazifasini o‘tashi, ammo hali ham yetarli e’tibor qaratilmayotgani ta’kidlandi.

Tadbir davomida quyidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi bildirildi:
chiziqli gienaning transchegaraviy holatini aniqlash;
IUCN Qizil ro‘yxatida maqomini qayta ko‘rib chiqish;
moliyalashtirish va himoya choralarini milliy strategiyalarga kiritish.
Chiziqli giena sog‘lom ekotizimlar va kasalliklar oldini olishda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lsa-da, u hanuzgacha “tushunarsiz yirtqich” sifatida noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Tadbir tashkilotchilari uni ekotizimlar hamkori sifatida ko‘rsatish zarurligini ta’kidlashdi.
Giena odamlar uchun xavfli emas, lekin u chorvaga hujum qilganida ba’zan cho‘ponlar tomonidan o‘ldiriladi. Shuning uchun ekspertlar chorvadorlarga kompensatsiya to‘lash orqali ushbu turga nisbatan tahdidni kamaytirish tarafdori.
Hozirgacha bu jonivor fotoqopqonlarda ham deyarli tasvirga tushmagan. U faqat cho‘ponlar tomonidan videoga olingan holatda qayd etilgan. Bu esa uning qanchalik noyob va ehtiyotkor jonivor ekanini ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.