Turkiyaning Shanliurfa shahrida joylashgan Go‘beklitepa va Karahantepa arxeologik hududlari YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kirgan bo‘lib, ular insoniyat sivilizatsiyasining ilk manzilgohlari sifatida e’tirof etiladi. Taxminlarga ko‘ra, bu maydonlar 12 ming yillik tarixga ega va neolit davrining eng qadimiy jamiyatlari haqida qimmatli ma’lumot berishi bilan ajralib turadi.
Olimlar har safar qazishmalar olib borganda, insoniyat o‘tmishini yanada chuqurroq anglash imkonini beruvchi topilmalarni qo‘lga kiritmoqda. Bu safar esa haqiqatan ham noyob kashfiyot amalga oshdi: dunyodagi eng qadimiy uch o‘lchovli mifologik haykalchalar topildi. Arxeologlar qizil steril tuproq bilan maxsus tarzda muhrlangan va ramziy ma’no kasb etuvchi topilmalarni ochishdi. Ekspertlar bu kashfiyotni «neolit davri uchun asr kashfiyoti» sifatida ta’riflashmoqda.
Qazishmalarda turli tosh idishlar, likopchalar, mayda hayvon figuralari, tosh tayoqchalar va marjonlar aniqlangan. Ularning barchasi qizil tuproq bilan to‘ldirilib, muhrlangan holda topilgan. Shuningdek, uyum atrofiga bo‘ri, qoplon, kalxat va tulki kabi hayvon suyaklari joylashtirilgan. Idishlarning sirtida nozik geometrik naqshlar, hayvon tasvirlari hamda stilizatsiyalangan inson figuralari aks etgan.
Arxeologlarni eng ko‘proq hayratga solgan jihat — kichik tosh qopqoq bilan yopilgan idishdan chiqqan haykalchalar bo‘ldi. Uning ichida uchta hayvon — tulki, kalxat va yovvoyi cho‘chqa haykalchasi bor edi. Aytishlaricha, kalxat haykalchasi idish muhrlangandan keyin uzukdan chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Neolit ikonografiyasida bu turlar odatda yirik tasvirlar yoki me’moriy elementlarda uchraydi. Biroq bunday mayda uch o‘lchovli haykalchalar insitu holatida ilk bor topildi.
Ilgari Shanliurfa hududida ko‘pincha ikki o‘lchovli tasvirlar ochilgan bo‘lsa, bu gal topilgan haykalchalar aniq tartibda joylashtirilgani bilan farq qiladi. Kichkina idish ichidagi kompozitsiya, uning kattaroq idishga ehtiyotkorlik bilan joylashishi — barchasi uch o‘lchamli hikoya sifatida ko‘rilmoqda. Shubhasiz, bu kashfiyot neolit davrini anglashda eng muhim qadamlardan biri sifatida ta’riflanmoqda.
Karahantepadagi qazishmalar “Kelajakka meros” loyihasi doirasida olib borilmoqda. Go‘beklitepa esa so‘nggi yillarda jahon diqqat markazida bo‘lib kelmoqda — 2024 yilda uni 709 mingdan ortiq sayyoh ziyorat qilgan. Ziyoratchilarning ko‘pchiligi bu bilan cheklanmay, Karahantepaga ham tashrif buyurishadi.
Anqaradagi Prezident qarorgohida ochilgan “Arxeologiyaning oltin asri” ko‘rgazmasi ham bu kashfiyotlarning ahamiyatini yanada namoyon etmoqda. U yerda Karahantepadan topilgan artefaktlar bilan birga turli tarixiy asarlar ham namoyish qilinmoqda. Bu ko‘rgazma mamlakatning arxeologik merosga bo‘lgan sadoqatini ham ko‘rsatib berdi.
Asr kashfiyoti: Turkiyada 12 ming yillik uch o‘lchovli haykalchalar topildi (foto)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar