date

Ibrohim Totlisas merosini farzandlariga emas davlatga qoldiradi

Ibrohim Totlisas merosini farzandlariga emas davlatga qoldiradi

Turkiyaning mashhur xonandasi Ibrohim Totlisas butun mol-mulkini farzandlariga emas, balki davlat tasarrufiga vasiyat qilishini maʼlum qildi. U bu haqda 22 aprel kuni shifoxonadan chiqish chogʻida “Cumhuriyet” nashriga bergan intervyusida aytib oʻtdi.

— Bolalarimga bir tiyin ham yoʻq, merosimning barchasini davlatga qoldiraman. Ularning ayrimlari tufayli oilamning bir qismi aziyat chekdi. Otam menga hech qanday pul qoldirmagan, u oddiy oshpaz edi. Boylikni oʻz mehnatim bilan topganman, xohlasam sarflayman. Men ularga katta meros qoldirdim, ammo buni anglab yetishmadi. Ibrohim Totlisas nomi bilan barcha eshiklar ochiladi, lekin ular bundan foydalanishni bilmadi, — deydi sanʼatkor.

Totlisasning boyligi qancha?

Maʼlumotlarga koʻra, Ibrohim Totlisasning umumiy boyligi taxminan 150 milliondan 850 million dollargacha baholanadi. Uning Turkiyaning Bodrum va Izmir shaharlarida mehmonxonalar, villalar, kvartiralar, kabobxonalar, telekanallar hamda avtomobillar parki mavjud ekani aytilmoqda.

Oʻzini ancha yaxshi his qilayotganini taʼkidlagan xonanda ayrim farzandlari otaning qadriga yetmagani sabab ulardan voz kechganini ham yashirmadi.

— Doʻstlarim meni yolgʻiz qoldirmadi, Izmir va Anqaradan kelib holimdan xabar oldi — barchasiga rahmat. Doʻst ana shunday kunda bilinadi. Alloh farzandlarimdan rozi boʻlsin, lekin hammasidan emas. Tugʻcha qizimdan Alloh rozi boʻlsin. Ammo “A” harfini alifbodan oʻchirib tashladim, — deydi u, Ahmad ismli oʻgʻliga ishora qilib.

Sanʼatkorning taʼkidlashicha, ayrim farzandlari hatto uning ogʻir ahvolida ham yonida boʻlmagan.

— Men, agar otam shunday holatda boʻlganida, uni hech qachon yolgʻiz qoldirmasdim, hatto jonimni berardim. Otalarning qadrini qachon tushunisharkin — bilmayman, — deydi u.

Shonliurfada shifoxona ochish niyati bor

Shuningdek, Ibrohim Totlisas davolanish jarayonida yordam bergan shifokorlarga minnatdorlik bildirib, tugʻilgan shahri Shonliurfada shifoxona ochish taklifini ilgari surdi.

— Shonliurfada 4,5 sotix yerim bor. U yerda xususiy shifoxona yoʻq, odamlar Gʻoziantepga borishga majbur. Kelinglar, oʻsha hududni koʻrib chiqaylik, imkoniyat boʻlsa, shu yerda ham shifoxona tashkil etaylik, — deydi xonanda.

Sogʻligʻi haqida

Maʼlumot oʻrnida, Ibrohim Totlisasda oʻt pufagi bilan bogʻliq bakterial kasallik — xoletsistit aniqlangan va antibiotiklar bilan davolash boshlangan edi. Keyinchalik u 11 aprel kuni jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtgach, shifokorlar uni yana bir muddat reanimatsiyada kuzatuv ostida saqlashlarini, soʻngra uyiga javob berishlarini maʼlum qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Ibrohim Totlisas merosini farzandlariga emas davlatga qoldiradi