“Uzuk, gul va sirli qiz: Shahzod Sultonov nima rejalashtirmoqda?

Aktyor va ayni paytda xonandalik yo‘nalishida ham faoliyat olib borayotgan Shahzod Sultonov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali muxlislari bilan qiziqarli va muhokamalarga sabab bo‘layotgan videolarni bo‘lishmoqda.
San’atkor uyalanmoqchi bo‘lgan qizini topgani va uning roziligini olgani haqida ketma-ket videopostlar joyladi. Ilk videolardan biri ostida u o‘z his-tuyg‘ularini quyidagicha ifoda etgan:
“Qarorim qat’iy! Shu qizga nasib uyalanaman. Bu shunchaki bir hissiyot emas — bu yuragimning eng toza, eng samimiy tanlovi. Go‘yo hayotimning yo‘nalishi aniq bo‘lib qoldi. Bu qarorni shoshilib emas, his qilib qabul qildim”, — deya yozdi u.
Keyingi videolarda esa qiz yana aloqaga chiqqani, u bilan uchrashishga rozi bo‘lgani va berilgan sovg‘alarni qabul qilgani aks etgan. Eng so‘nggi videoda Shahzod qizning oldiga guldasta va uzuk bilan kelib, unga sovg‘a qilgani hamda onasining telefon raqamini so‘ragani tasvirlangan.
Mazkur post ostida u hazilomuz tarzda: “Endi buyog‘i nasib — to‘y-a? Nima deysizlar? Qizga menimcha yoqdim! Oyisi rozi bo‘larmikan?” — deya yozib qoldirgan.
Izohlarda esa fikrlar turlicha. Ko‘plab muxlislar san’atkorga baxt tilab, “nihoyat to‘y bo‘lar ekan”, deya quvonchini bildirgan. Biroq ayrim foydalanuvchilar qiz haqida ko‘proq ma’lumot so‘rab, “nega ruscha gapiryapti?”, “o‘zbek qizmi?”, “nega yuzini ko‘rsatmaysiz?” kabi savollarni qoldirishgan. Yana boshqalar esa bu holat navbatdagi prank emasmikan, degan taxminlarni ham ilgari surmoqda.
Hozircha esa barcha diqqat markazida bitta savol turibdi: bu voqea haqiqiy muhabbat tarixi yoki navbatdagi syurprizmi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!