Dilfuza Ismoilova: "Kuniga 30-40 ming dollar daromad qilganman"

El sevgan komik aktrisa va o‘zining sho‘x-shaddodligi bilan "Toshkentning erka qizi" deya ta’riflanadigan xonanda Dilfuza Ismoilova yaqinda bergan intervyusida ko‘pchilikni hayratda qoldiruvchi voqealarni so‘zlab berdi. San’atkor tarixda qolish istagi, salomatligi sabab qimmatbaho taqinchoqdan voz kechgani, yosh yigitlardan keladigan ishqiy takliflar hamda shaxsiy hayoti haqida ochiq-oydin gapirdi.
"Qozog‘istondan katta mablag‘ bilan qaytardim"
Xonanda o‘zida kibr tuyg‘usi yo‘qligini alohida ta’kidlab o‘tdi. "Ijodimning ilk davrlarida Qozog‘iston safarlaridan kuniga 30-40 ming dollar topib kelardim. Shvetsiyada 6 bor, Amerikaning esa 16 ta shtatida gastrol va to‘y xizmatlarida bo‘lganman. Ammo hech qachon bu bilan maqtanmaganman. Hatto zamonaviy telefonlardan foydalanishni ham yaqinda o‘rgandim. Men uchun manmanlik — pastkashlik belgisi. Faqat asliyati past kimsalargina kibr bilan o‘zini baland tutadi", — deydi ijodkor.
"O‘zbekistonning eng badavlat ayoli bo‘lish niyatim bor"
Dilfuza Ismoilova boylikni moddiyat bilan o‘lchamasligini ma’lum qildi. Uning fikricha, haqiqiy boylik — ruhiy xotirjamlik va yaqinlarning omonligidir.
"Men ruhan boy insonman. Boylik faqat qasrlar, tilla va gavharlarda emas. Yurting tinch bo‘lmasa, xalta-xalta puling ham asqatmaydi. Odamlar meni bejiz 'boy ayol' deb atashmaydi. Men Yaratganning bergan ne’matlariga shukr qilaman, biroq mol-dunyo uchun jon fido qilmayman.
Xudodan yana kasb-korimga baraka berishini so‘rayman. Yoshim bir joyga borganda 'boy xotin' degan nom bilan tarixda qolmoqchiman. Ko‘p pul topib, katta mashinamni to‘ldirib, muhtojlarga ehson tarqatsam, uysizlarga boshpana, ulovsizlarga mashina olib bersam deyman", — deya o‘z orzulari bilan o‘rtoqlashdi xonanda.
"Boylar tekin xizmat uchun aldashadi"
Xonanda ba’zida insonlarning soddaligidan foydalanishidan ranjishini yashirmadi. "Gohida fe’l-atvorim yomonroq bo‘lishini istab qolaman. Ko‘pchilik mehribonligimdan foydalanib, 'tekinga xizmat qilib bering' deb to‘yga taklif qilishadi, borsam — dabdabali marosim bo‘layotgan bo‘ladi. Bu mening yillar davomida tinmay qilgan mehnatim-ku! Dilfuza Ismoilova darajasiga chiqish uchun ijodimga yuz millionlab mablag‘ sarflaganman", — deydi u.
"Burnimdagi brilliantni derazadan otib yubordim"
San’atkorning xorijga safari bilan bog‘liq qiziqarli voqea ham tilga olindi. Amerikada bir ayolning burnidagi yaltiroq toshga havas qilgan xonandaga katta qirotli brilliant sovg‘a qilishadi.
"O‘zbekistonga kelgach, burnim yiringlab, sog‘lig‘im yomonlashdi. Shifoxonaga borib, uni oldirib tashladim va achchiq ustida o‘sha qimmatbaho toshni derazadan uloqtirib yubordim. Hatto afsuslanmadim ham, faqat o‘z vujudimni qiynaganim uchun Tangridan mag‘firat so‘radim", — deydi aktrisa.
"Yosh yigitlar turmush qurishni taklif qiladi"

60 yosh ostonasida turgan xonanda hanuz muxlislarining ardog‘ida ekanini aytdi. "Yosh-yosh yigitlar 'Sizni sevaman, menga turmushga chiqasizmi?' deb yozishadi. Ularga hazillashib, 'Ukajon, seni o‘g‘il qilib olishim mumkin, lekin senga tegolmayman' deb javob qaytaraman. Ko‘pchilik samimiyligim va tabiiyligim uchun hurmat qilishini aytadi", — deya suhbatni yakunladi Dilfuza Ismoilova.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!