Sanʼatkorlar soliq boʻyicha bahslarni avj oldirmoqda: vazir izoh berdi

Oʻzbekiston madaniyat sohasida yana bir muhim masala kun tartibiga chiqdi. 21 aprel kuni boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sanʼatkorlarni soliqqa tortish boʻyicha yangi tartib yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi. Uning soʻzlari nafaqat ijod ahlini, balki keng jamoatchilikni ham oʻylantirib qoʻydi.
Vazir taʼkidlaganidek, bugungi kunda xonandalar va konsert faoliyati bilan shugʻullanuvchi ijrochilar amalda soliq toʻlab kelmoqda. Ammo muammo shundaki, ayrim sanʼatkorlar bu jarayondan bexabar. Yaʼni, ular turli manbalar orqali toʻlovlarni amalga oshirayotgan boʻlsa-da, buni soliq sifatida qabul qilmayapti yoki tushunmayapti.
«Bu hali tasdiqlangan qaror emas, faqat loyiha. Muhokama jarayonida ayrim sanʼatkorlar oʻzlarining soliq boʻyicha savodsizligini namoyon qildi. Aslida barcha toʻlayapti — toʻydan ham, konsertdan ham. Faqat masala — bu soliq tizimi qanchalik toʻgʻri va adolatlimi, shu haqda», — deya izoh berdi vazir.
Shu bilan birga, u soliq toʻlashdan bosh tortish tushunchasini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, bu masala muhokama emas, balki burch sifatida qaralishi kerak. Chunki aynan soliqlar orqali mamlakatda tinchlik, taʼlim va iqtisodiy barqarorlik taʼminlanmoqda.
«Bu yerda soliq toʻlaymizmi yoki toʻlamaymizmi, degan masala muhokama boʻlmasligi kerak. Hamma toʻlaydi, soliq toʻlamaydigan odam yoʻq. «Soliq toʻlamayman» deyishga or qilish kerak. Bugun soliqlar orqasidan tinch uxlayapsiz, bolalaringiz maktabga boryapti, xotirjam biznes qilyapsiz», — deya izoh berdi Nazarbekov.
Maʼlum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tartibga koʻra, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab barcha konsert-tomosha xizmatlari “Soliq” mobil ilovasi orqali rasmiy roʻyxatga olinadi. Yangi tizim “bir xizmat — bir toʻlov” tamoyili asosida ishlaydi.
Ushbu mexanizmga muvofiq, ijrochilarning daromad soligʻi qatʼiy belgilangan miqdorda boʻlib, ularning reytingiga qarab hisoblanadi. Soliq miqdori BHMning 0,25 barvaridan 3 baravarigacha yetishi mumkin. Qoidalarga amal qilinmasa, jiddiy jarimalar qoʻllanilishi koʻzda tutilgan.
Albatta, bu yangiliklar barcha tomondan birdek qabul qilinmayapti. Ayrim sanʼatkorlar oʻz eʼtirozlarini bildirishmoqda. Jumladan, xalq artisti Yulduz Usmonova ham bu masala yuzasidan keskin fikr bildirib, jamoatchilikda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2025 yilda 728 nafar xonanda oʻz daromadlari boʻyicha soliq deklaratsiyasini taqdim etgan. Ularning umumiy daromadi 3 milliard 728 million soʻmdan oshgan boʻlib, shundan 437 million soʻmdan ortiq soliq hisoblangan.
Koʻrinib turibdiki, sohada tartibni yanada shaffof qilish va tizimni soddalashtirishga ehtiyoj bor. Yangi qoidalar aynan shu maqsadga qaratilgan. Endi eng muhim savol — bu islohotlar sanʼatkorlar uchun haqiqatan ham qulay va adolatli boʻladimi? Vaqt bu savolga javob beradi.