date

“Meni Hosila emas, Xolmat deb chaqirishgan”, — Hosila Rahimova

“Meni Hosila emas, Xolmat deb chaqirishgan”, — Hosila Rahimova

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, voha toʻylarining eng talab yuqori xonandasi Hosila Rahimova 22 aprel kuni 51 yoshni qarshi oldi. Bolaligidan ot minib, chavandozlik qilgan sanʼatkorning ijodi ham oʻzi kabi joʻshqin va sergʻayrat. Shu munosabat bilan xonandaning hayoti va ijod yoʻliga nazar tashlaymiz.

Hosila Rahimova shifokorlar oilasida tavallud topgan. Uning otasi Ibrohim hoji Denovdagi eng taniqli tabiblardan biri boʻlgan. U ketma-ket uch qizli boʻlganidan keyin oʻgʻil farzand orzu qilib, kenja qiziga irim sifatida Xolmat deb ism bergan. Mahallada shu nom bilan tanilgan kurashchi va chavandoz aynan biz bilgan xonanda edi.

— Dadam rahmatli qiz farzand tugʻilavergach, irim qilib meni Xolmat deb atagan ekan. Esimni tanigan paytlarimda sochimni kalta qilib, oʻgʻil bolalardek qirdirishardi. Koʻrinishidan tortib, xarakterigacha oʻgʻil bolalarga xos edi. Ot minish, kurash tushish — eng sevimli mashgʻulotlarimdan boʻlgan, deydi xonanda.

“Dadamdan doim minnatdormiz”

Hosila Rahimova sanʼatga qiziqishiga otasining hissasi katta ekanini taʼkidlaydi. Chunki ularning uyi koʻplab sanʼatkorlar uchun mehmonxonaga aylangan.

— Juda koʻp ijodkorlar uyimizda mehmon boʻlishgan. Dadam sanʼatsevar inson edi va qiziqishimni qoʻllab-quvvatlagan, deydi xonanda.

“Jangari qiz boʻlganman”

Hozirda ijodkor piar va janjallardan yiroq yurishni maʼqul koʻradi. Ammo u bolaligida ancha jangari boʻlganini kulgu bilan eslaydi.

— Inson feʼli vaqt oʻtib oʻzgarar ekan. Bolalikdagi ayrim jihatlar saqlangan, ammo urushqoqligim yoʻqolgan. Sust bolalarni yoqtirmasdim. “Oʻgʻil bola shijoatli boʻlishi kerak”, deb mahalla bolalarini ham tinch qoʻymasdim, deydi u.

“Uyda hamshiralik qilardik”

Xonanda oila muhiti taʼsirida bolalikdan tibbiyotga qiziqqan. Hozir ham dorilardan foydalanishni yaxshi biladi.

— Oʻsha paytlarda shifokorlar koʻp martalik shprits ishlatishardi. Dadam uyda ham bemor qabul qilgani uchun opam bilan shpritslarni qaynatib, dorilarni tayyorlab yordam berganmiz, deydi u.

“Ikki farzanddan keyin institutga kirganman”

U tengdoshlariga nisbatan kechroq oliy taʼlim olgan.

— Dadam avval turmushga chiqishimni istagan. Keyin ikki farzandli boʻlgach, uning qoʻllab-quvvatlashi bilan oʻqishga kirganman, deydi u.

“Qizlarimni sogʻinib, uxlolmasdim”

1998 yilda u Toshkent davlat madaniyat institutiga oʻqishga kirgan. Ikki farzand bilan oʻqish oson kechmagan.

— Qizlarimni qattiq sogʻinar, hatto uxlay olmasdim, deydi xonanda.

“Opam menga prodyuserlik qilgan”

2001 yilda institutni tugatgach, yakkaxon ijodini boshlaydi.

— Oʻsha paytlarda prodyuser tushunchasini bilmasdim. Opam menga yordam berib, barcha ishlarimni qoʻllab-quvvatlagan, deydi u.

Ogʻir kunlar va sahna masʼuliyati

2006 yilda otasidan ayrilgan xonanda koʻp oʻtmay konsert bergan.

— Koʻnglim ogʻir boʻlsa ham sahnaga chiqqanman. Konsertdan keyin esa koʻz yoshlarimni toʻxtata olmaganman, deydi u.

Noxush voqea

2015 yilda Toshkentdagi toʻylardan birida xonandaga nisbatan noxush munosabat boʻlgan. Mast mehmonlar sabab u qoʻshiqni yarmida toʻxtatib, davrani tark etgan.

Bugungi Hosila

Bugungi kunda Hosila Rahimova tashqi koʻrinishi bilan ham koʻpchilikni hayratga solmoqda. U ikki qiz va bir oʻgʻilning onasi, olti nafar nabiraning buvisi hisoblanadi. Katta kuyovi esa xonanda Bahriddin Zuhriddinov.

Xonanda sayohatni yaxshi koʻradi va 2025 yilda Antalyadan uy xarid qilgan.

Katta sahnaga qaytish

Hosila Rahimova yana muxlislari bilan uchrashish arafasida. U 5–7 iyun kunlari “Xalqlar doʻstligi” saroyida “Qorabayir” nomli uch kunlik yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi.

— 10 yillik tanaffusdan keyin muxlislar bilan uchrashish qalbimda katta hayajon uygʻotmoqda, deydi xonanda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » “Meni Hosila emas, Xolmat deb chaqirishgan”, — Hosila Rahimova