9 360
Choynak piyolaga uylanarkanmi? Nima deb qo‘shiq aytayotganingizni bilasizmi, Dilso‘z?
Dilso‘z ham so‘z qolmagandek choynak-piyolaga o‘xshatib qo‘ya qolibdi. Bugun choynak-piyola, ertaga-chi, ertaga nimaga tenglashtiradi bu ovozi ham, iqtidori ham haminqadar bo‘lgan xonandalar?
Bugungi kunda yaxshi qo‘shiqni topib eshitishning o‘zi amrimahol bo‘lib qoldi. Bu haqda gap ochilsa, xonanda dardini qog‘ozga to‘kib soladigan yaxshi shoirlar yo‘qligidan noliydi. Shoir esa maromiga etkazib aytadigan ijrochi barmoq bilan sanarli ekanini aytadi. Qo‘qqisdan ikkisi yuzma-yuz kelib qolsa, bastakorni ayblashga o‘tadi. Xo‘sh, yaxshi qo‘shiqning yo‘qligida kim aybdor? Qo‘liga kitob olmay qo‘shiq aytayotgan xonandami, notani bilmaydigan bastakormi yoki Mashrabni tanimay shoirlikka da’vo qiladigan qalamkashmi?
Yaqinda radiolarda “Nihol” mukofoti sovrindori Dilso‘zning “Choynagimsan…” deb kuylayotgan qo‘shig‘ini eshitib qoldim. So‘zlari erish tuyuldi, ishxonaga kelganim zahot internetdan topib, eshitdimu yoqamni ushladim.
“O, bir dasturxon ustida turar ikki sevishgan,
Ismi choynak-piyola, bir-biriga yarashgan.
Piyolasin ustidan qaynoq mehrin quyarkan,
Piyola ham choynagin ich-ichidan suyarkan.
Voy, choynagimsan san mani, piyolangman man sani,
Boshimdan quy mehringni, shod etaylik hammani”, deb kuylaydi xonanda. Nima bu, qo‘shiqmi yo havaskorlikning yangi namunasimi? Bir vaqtlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov “meni mushukcham, meni baliqcham…”, deb qo‘shiq kuylaganida, xonandaning eshitmagan tanqidi, dashnomi qolmagan edi. Sodiqovning yorni mushukcham, baliqcham deb ta’riflagani kamlik qilganmidi? Dilso‘z ham so‘z qolmagandek choynak-piyolaga o‘xshatib qo‘ya qolibdi. Bugun choynak-piyola, ertaga-chi, ertaga nimaga tenglashtiradi bu ovozi ham, iqtidori ham haminqadar bo‘lgan xonandalar?
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov “Kamtarlik haqida” nomli she’rida choynak va piyola bilan bog‘liq ajib o‘xshatishni keltiradi.
Garchi shuncha mag‘rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?
Kamtarin bo‘l, hatto bir qadam
O‘tma g‘urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O‘par doim peshonasidan.
Erkin Vohidov va qo‘shiq she’ri muallifi Bahodir Nizomovning o‘xshatishlarida er bilan osmoncha farq borligini shoirlikdan xabari bo‘lmaganlar ham darrov anglashi aniq. Nahot, necha yildan beri ijod qilib kelayotgan, kamiga “Nihol” mukofoti bilan taqdirlangan xonanda Dilso‘z buni farqlamagan, “nimani kuylayapman”, degan savolni o‘ziga berib ko‘rmagan bo‘lsa? Axir qo‘shiqni xonanda o‘z xohishi bilan kuylamasa, uni hech kim majbur qilmaydi.
Kun botib, tong otarkan,
Umr shunday o‘tarkan.
Qurg‘ur choynak gohida,
Kosaga gap otarkan.
Sabrli shu piyola,
Jim yurarkan uyola.
Aybin bilgan choynagi,
Ketarkan yona-yona.
Bastakor, shoir va xonandadan iborat uchlik biror qo‘shiq yaratilishidan avval u tinglovchiga nima berishi haqida o‘ylab ko‘rarmikan? Agar o‘ylab ko‘rishganda edi, bugun bunday qo‘shiqlar yaratilmagan bo‘larmidi…
Tushunamiz, bugungi qo‘shiqlarning so‘zi tezda yodda qoladigan, musiqasi ham raqsbop bo‘lishi kerak – zamonning talabi shunday. Qo‘shiq qancha o‘ynoqi bo‘lsa, xonandaning to‘yi shuncha ko‘p bo‘ladi. Biroq, bu saviyaning ustidan bosib o‘tish, pulning ortidan quvib, istaganini aytish degani emas.
Dilso‘zning bundan avval yaratgan “Uylanasizmi, yo‘qmi?” nomli qo‘shig‘ini ham eshitib, uning ijodi borasidagi xulosalarimiz biroz salbiy tus oldi. Qo‘shiqni tinglamay turib, kishida bir savol tug‘iladi. San’at, san’atkor nimani targ‘ib qilyapti? Qachon o‘zbek qizlari andishani, oriyatni, g‘ururni chetga surib qo‘yib, yigitga shunday savol bilan murojaat qilgan. Zamonning zayli, xonanda va shoirlarning saviyasizligi sabab bugun bunday savollar qo‘shiqlarda jarang sochyapti.
Uyimizda sovchilarim dushanba ham tinmayapti,
Onam juda xunob bo‘lib, nima deyishini bilmayapti.
Bizni yorim va’dalarni saranjomlab miyaga,
O‘zi bitta ipni olib joylolmaydi ignaga.
Quruq va’da kimga ham asqotadi hayotda,
Bitta aytar gapim qoldi yorim qilib izzatda.
Bu qanday so‘zlar bo‘ldi, deb hayron bo‘layotgandirsiz. Bu o‘sha biz kunda-shunda eshitayotgan xonanda Dilso‘zning “Uylanasizmi, yo‘qmi?” nomli qo‘shig‘i so‘zlari. Xo‘sh, bu nima? She’rmi yoki so‘zlardan iborat allanimami? Agar uni matn deb bo‘lsa, bu matnda biz mazmun ko‘rmadik. Qo‘shiq qizning uyida sovchilar dushanba ham tinmayotganini aytishi bilan boshlanishida nima ma’no bor. Yo dushanba kuni sovchilar kelmasligi bo‘yicha aniq tartib-qoida o‘rnatilganmi?
“Bizni yorim va’dalarni saranjomlab miyaga,
O‘zi bitta ipni olib joylolmaydi ignaga”.
Bu misralar esa kishining hayratini yanada oshiradi. Yorning miyaga va’dalarni joylashi bilan ignayu ipning qanday bog‘liqligi bor? Birinchi qatorda boshlanayotgan voqelik ikkinchi qatorda umuman boshqa narsaga aylanadi. Eng qizig‘i, “shoir”ning, hatto, xonanda Dilso‘zning ham maktabda ona-tili fanidan yaxshi o‘qimagani yaqqol sezilib turibdi. Bo‘lmasa “bizni yorim” degan to‘mtoq so‘z birikmasi tuzmagan bo‘lardi.
Qo‘shiqning naqorat qismi esa qo‘liga kitob olgan, she’rning farqiga borganlarning sochini tikka qilishi aniq.
Voy, deyish kerakmi yo deyish kerakmi?
Nega unda o‘g‘irlading yurakni?
Sevdim, sevilay, jonim, tut bilakdan,
Ha, o‘zim ovqat qilay sanga yurakdan.
“She’r”da bog‘liqlik yo‘qligi etmagandek, shoir nima yozayotganini, xonanda nimani kuylayotganini payqamagan ham. “Deyish kerakmi?”, deganda nima nazarda tutilgan? “Deyish kerakmi yo deyish kerakmi?”: nima deyapsiz, Dilso‘z? Kundalik leksikondagi so‘zlardan tarkib topgan oddiy bir qo‘shiqda nima deyotganingizni bilasizmi?
Ma’lumotlarga qaraganda, yuqorida nomlari keltirilgan ikki qo‘shiqning matni ham Bahodir Nizomov qalamiga mansub. Bu o‘rinda biz na Bahodir Nizomov va na xonanda Dilso‘zning iste’dodini kulgiga olish fikridan yiroqmiz. Aksincha, ikkisi ham tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, “Yaratayotgan qo‘shig‘im tinglovchiga nima beradi?”, degan savol bilan ijodga qo‘l ursa, oldi-qochdi so‘zlardan o‘zlarini chetga olsa, aytilayotgan so‘z qo‘shiqdan katta ahamiyatga ega ekanini his qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi