date

Janni Infantino Milliy futbol markaziga yuqori baho berdi

Janni Infantino Milliy futbol markaziga yuqori baho berdi

Yurtimizga tashrif buyurgan FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston futbolida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar bilan yaqindan tanishishda davom etmoqda. Xususan, delegatsiya a’zolari Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markaziga tashrif buyurib, uning imkoniyatlari bilan tanishdi, deb xabar berdi O‘FA matbuot xizmati.

Ma’lumki, ikki yil avval Infantino ushbu hududga kelib, markaz qurilishiga ramziy g‘isht qo‘ygan va loyihalar taqdimotida ishtirok etgandi. Endilikda markazda bir vaqtning o‘zida bir nechta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi mumkin. Zamonaviy stadionlar, ta’lim binolari, sport zallari hamda futbolchilar uchun barcha shart-sharoitlarga ega mehmonxona ishga tushirilgan.

Shuningdek, sport tibbiyoti markazida basseyn, mashg‘ulot zali va reabilitatsiya bo‘limlari tashkil etilgani qayd etildi. Jarohatlarning oldini olish va futbolchilarni qisqa muddatda tiklantirish uchun xorijdan zamonaviy uskunalar olib kelingani, ilg‘or usullar joriy etilgani ma’lum qilindi.

FIFA delegatsiyasi futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi, ilmiy-tadqiqot bo‘limlari, VAR tizimi, milliy terma jamoalar tayyorgarlik markazi hamda Respublika futbol akademiyasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Janni Infantino tashrif davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari bilan uchrashib, ularni jahon chempionati yo‘llanmasi bilan qutladi.

“Sizlarni tarixiy natija bilan tabriklayman. Bu yutuq mamlakatingizda sport va futbolga qaratilgan e’tiborning samarasidir. Oldingizda katta mas’uliyat — jahon chempionatida munosib ishtirok etish vazifasi turibdi. Siz millionlab muxlislarga quvonch ulashmoqdasiz. Ishonchim komilki, dunyo jamoangiz orqali yana bir bor O‘zbekiston futbolining salohiyatiga guvoh bo‘ladi”, — dedi Infantino.

FIFA delegatsiyasi O‘zbekistonda barpo etilgan Milliy futbol markazi infratuzilmasini yuqori baholab, bu yerda milliy termalar xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun barcha sharoit yaratilganini e’tirof etdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Janni Infantino Milliy futbol markaziga yuqori baho berdi