Angliyaning yetakchi klublaridan biri — «Manchester Siti»da o‘zbek legioneri Abduqodir Husanov o‘ng qanot himoya chizig‘ini to‘ldirib, Pep Gvardiola jamoasidagi eng zaif nuqtalardan birini kuchaytirish ehtimoli borligi ta’kidlanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yosh himoyachi «Real Madrid»ga qarshi o‘yinda o‘ng qanotda yuqori darajada harakat qildi. Vinisius Junior va Kilian Mbappe kabi dunyo darajasidagi yulduzlarga qarshi maydonda kurashishga to‘g‘ri kelganiga qaramay, Husanov o‘zini ishonch bilan ko‘rsatib, aynan ushbu pozitsiya unga mos kelishini amalda isbotladi.
UYEFA Chempionlar Ligasi doirasida Aleksander Isakka qarshi bahsda ham futbolchimiz ko‘zga tashlandi. U uch marta to‘pni xavfli hududdan uzoqlashtirdi, bir bor raqibdan to‘pni tortib oldi, yana bir bor hujumni yo‘qqa chiqardi. Shu bilan birga, 1 ta samarali blok va hujumni tezlashtiruvchi aniq pas bilan jamoasiga yordam berdi.
Statistikaga ko‘ra, Husanov o‘yin davomida bitta muvaffaqiyatli driblingni amalga oshirgan va uzatmalarda 93 foiz aniqlik ko‘rsatgan. Bu esa uning himoyada ham, hujumni qurishda ham muhim shaxsga aylana olishini ko‘rsatadi.
Angliya matbuoti Gvardiola aynan shu pozitsiyada barqarorlikka ehtiyoj sezayotganini ta’kidlar ekan, Abduqodir Husanovning o‘yini «Manchester Siti» himoyasi uchun katta topilma bo‘lishi mumkinligini qayd etmoqda.
Muxlislar esa o‘zbek futbolchisidan navbatdagi o‘yinlarda yanada kuchli va ishonchli harakat kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!