14:06 / 14.08.2018
4 983

Qo‘l ostidagilari tashabbusidan bexabar Nazarbekov yoki «O‘zbekkonsert» man etmagan «Kiki»

Qo‘l ostidagilari tashabbusidan bexabar Nazarbekov yoki «O‘zbekkonsert» man etmagan «Kiki»
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov «O‘zbekkonsert»ning to‘y-hashamlarda kuylanadigan qo‘shiqlar bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqish rejasiga «O‘zbeklarda ‘sal shoshibdi’ deyiladi. Can’at asarlari xalq fikridan kelib chiqib tanlanmaydi, balki omma orasida targ‘ib qilinadi. To‘yda nimani ijro qilaylik, degan masalani xalqqa tashlashdan ko‘ra, uni targ‘ib qilish to‘g‘riroq bo‘lardi», deb izoh berdi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.

Ozodbek Nazarbekov oddiy san’atkor bo‘lganda bu otalarcha tanbehni qabul qilardik. Biroq u Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari hisoblanadi va bir talay tashkilotlar qatori aynan «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi faoliyati uchun javob beradi. Nahot qo‘li ostidagilar u bilan maslahatlashmay shunday antiqa tashabbuslar bilan chiqsa?

Muassasaning ushbu g‘oyasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ulardan biri «O‘zbekkonsert» bu ketishda yaqinda «tavsiya etiladigan kelinlar ro‘yxati»ni tuzishiga shubha qilmasligini ta’kidlagan bo‘lsa, yana biri bu tashabbus «issiq ta’sirida qabul qilingan bo‘lsa kerak», degan fikrni ilgari surgan.

O‘zini san’atkorlar vazirligi qabilida tutadigan «O‘zbekkonsert» istasa majlisiga kelmagan qo‘shiqchini tavbasiga tayantiradi, xohlasa tadbirga bormagan xonandani litsenziyasini olib qo‘yadi. Xo‘sh, bu qattiqqo‘l muassasa nega Yulduz Usmonova ishtirokidagi «Kiki Challenge»ga e’tiroz bildirmadi? Axir yurib ketayotgan mashinadan tushib qolib, raqs ijro etish nafaqat «ma’naviyatga zid», balki hayot uchun ham xavfli-ku?

Xonanda bu e’tirozlarga javoban videomurojaat ham yo‘lladi.

«Hayotdan mamnun bo‘lishni o‘rganish kerak, tirnoq tagidan kir qidiravermasdan. Stadionda 30-40 ming muxlis yig‘ilsa, ular uchun o‘ynaymiz, birov bir narsa demaydi. «Kiki»ga o‘ynaganimizda kayfiyatimiz a’lo edi, to‘ylarni zo‘r o‘tkazib qaytayotgandik», deyiladi unda.

To‘ydan primadonnamizning gonorarini olib qaytganimizda balki biz ham mashinadan tushib, xursandchilikdan xirom aylagan bo‘larmidik. Ammo bu uni videoga yuklab, ommalashtirish kerak degani emas. Qolaversa, sahna yoki stadionda qo‘shiq kuylab, raqs ijro etish bilan avtodan tushib, gavjum yo‘lda muqom qilishni farqlash uchun katta aql shart emas.

Ma’lumot uchun, 2018 yil yozida dunyoda «Ko‘proq suv iching!», «Quyoshdan himoyalaning!» kabi ogohlantirishlar qatorida «Harakatlanayotgan mashinadan sakramang va yo‘lda raqsga tushmang!» degan chaqiriq eng ko‘p yangragani bildirilmoqda.

Yo‘llarda yuz berayotgan dahshatli YTHlar bo‘yicha shundoq ham peshqadam bo‘lib oldik. Sifatsiz yo‘llarimiz qatoriga ulardagi xavfli raqslar qo‘shilmasin.

Darvoqe, gapimiz ajabtovur tashabbus haqida edi, chalg‘ibmiz. Yaqinda paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanadi. «O‘zbekkonsert» siyosiy hushyor tashkilot, qalb amriga binoan san’atkorlarni dalaga haydashi mumkin. Har ehtimolga qarshi davlat muassasasiga eslatmoqchimiz: O‘zbekistonda majburiy mehnat man etilgan. Bu taqiq nafaqat o‘qituvchi yoki shifokorlar, balki san’atkorlarga ham tegishli…

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qo‘l ostidagilari tashabbusidan bexabar Nazarbekov yoki «O‘zbekkonsert» man etmagan «Kiki»