07:30 / 27.08.2018
5 285

Izro Malakov: “Ona-Vatanimizda kuylamoqlik biz uchun eng katta baxt”

Izro Malakov: “Ona-Vatanimizda kuylamoqlik biz uchun eng katta baxt”
Foto: “Xalq soʻzi Online”/Hasan Paydoyev
Shu yilning 28 avgust kuni poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida hozirgi paytda Amerika Qoshma Shtatlarida istiqomat qiladigan Ozbekiston xalq artistlari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva konsert beradi. Bundan tashqari, xalq artistlari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 6—10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida ilk bor oʻtkaziladigan Xalqaro maqom sanʼati anjumanida ishtirok etadi. Bu haqda “Xalq soʻzi Online” da maqola eʼlon qilindi. Quyida ushbu maqola bilan tanishishingiz mumkin.

Bugun ushbu sanʼatkorlar yurtimizga yetib keldi. Fursatdan foydalanib, ulardan eksklyuziv intervyu oldik. Dastlab Izro Malakov oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

Izro Malakov, Oʻzbekiston xalq artisti:

— Chorak asrdan ortiq vaqt davomida Oʻzbekistondan tashqari mamlakatda istiqomat qilib kelayotgan boʻlsam-da, kindik qonim toʻkilgan yurtga boʻlgan mehrim, muhabbatim qalbimning tub-tubida yashamoqda. Oʻyim, his-tuygʻularim, qarashlarim, qilayotgan ishlarim oʻzbeklarga xos. Xatti-harakatlarimda oʻzbekona samimiyat, soddalik, tantilik yaqqol sezilib turadi.

Oʻzbekiston — biz uchun tabarruk diyor. Bu yerda shu qadar katta eʼtibor, mehr topganmizki, dunyoning boshqa joyida bunday gʻamxoʻrlikni koʻrmaganmiz. Shu bois Oʻzbekiston soʻzini eshitganimizda har birimizning kayfiyatimizda koʻtarinkilik uygʻonadi, koʻksimizda mehr otashi yonib, koʻzimizda uchqunlari porlaydi.

Buyuk Amir Temur yurti — Shahrisabzda tugʻilib, voyaga yetdim. Oʻzbek xalq sanʼati — maqomning umuminsoniy mohiyatini, sehrli kuchini shu yerda angladim. Onam aytgan dilbar qoʻshiqlar meni sanʼatning sirli koʻchasiga boshladi. Oʻsha jozib ohanglar meni hali ham oʻziga chorlab turadi va ular bir umrga tark etmasa kerak.

Xalqimizdek sanʼatni sevadigan, uning insoniyat taqdiridagi beqiyos oʻrnini anglab, qadriga yetadigan, sanʼatkorga hurmat, izzat-ikrom koʻrsatadigan xalqni uchratmaganman. Vatandoshlarimiz hozirgacha bir vaqtlar ijro etgan “Shashmaqom”, “Qurbon oʻlam”, “Samarqand ushshogʻi” kabi ashulalarimizni sevib tinglashini aytishganida quvonchdan toʻlqinlanib ketaman.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning may oyida Amerika Qoʻshma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida koʻp yillik samarali ijodim, oʻzbek maqom sanʼatini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targʻib etishga qoʻshgan hissam uchun “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlaganida buni yana bir bor chuqur his qildim. Toʻgʻrisini aytsam, oʻshanda xursandligimdan koʻzlarimga yosh keldi, kuchli hayajon, gʻurur butun vujudimni qamrab oldi va bu tuygʻular hozir ham koʻksimni toʻldirib, oʻzimga ishonchimni mustahkamlab turibdi. Yangidan yangi kuch bagʻishlayapti. Bundan keyin ham maqom sanʼatining yanada ravnaq topishiga, xalqimizning mazkur noyob madaniy merosini dunyoga keng yoyishga hissa qoʻshishga undaydi.

Bugungi kunda Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Shashmaqom” akademiyasini ochib, unda yuzga yaqin isteʼdodli yoshlarga ushbu nodir sanʼatning sir-asrorlaridan saboq beryapmiz. Shu bilan birga, ularning qalbida oʻzbek xalqiga boʻlgan hurmat-ehtirom yuksalmoqda, ulugʻ tarixi, urf-odatlari, qadriyatlariga qiziqish ortmoqda.

Konsert dasturidan tashqari, tugʻilgan goʻsham — Shahrisabzda oʻtkaziladigan nufuzli Xalqaro maqom sanʼati anjumanida qatnashishni rejalashtirganmiz.

Foto: “Xalq soʻzi Online”/Hasan Paydoyev
Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan maqom sanʼati oʻzining boy qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va ijodiy anʼanalari bilan milliy musiqa madaniyatimizning asosini tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ushbu sanʼat bayramining tashkil etilishi dunyo xalqlariga milliy musiqa sanʼati anʼanalarini targʻib qilish bilan birga, uni asrab-avaylash hamda yanada rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odatlari turlicha boʻlgan millat va elatlarni sanʼat vositasida birlashtirish, ularni goʻzallik, nafosat hamda ezgulikka daʼvat etishga xizmat qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Izro Malakov: “Ona-Vatanimizda kuylamoqlik biz uchun eng katta baxt”