18:00 / 17.08.2021
3 411

Umid Shahobov shou-biznesdan zerikkani va noma’lum kasallikdan qiynalgani haqida gapirib berdi (video)

Umid Shahobov shou-biznesdan zerikkani va noma’lum kasallikdan qiynalgani haqida gapirib berdi (video)
«Farishtam endi yo‘q», «Faryod», «Olib ketaman» kabi xit qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan, so‘nggi yillarda shou-biznes olamida ko‘rinmay qolgan xonanda Umid Shahobov «Daryo» internet-nashriga intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Umid Shahobov suhbat davomida ijodidagi tanaffus, shou-biznesdan zerikkani va noma’lum kasallikdan qiynalgani haqida gapirib berdi.

- "Bir ish bilan ko‘p shug‘ullanib yuborsam, zerikib qolaman. Ochig‘ini aytaman, aldab nima qilaman, san’atdan sal zerikdim. Bir xil odamlar «san’atdan ham zerikadimi odam, demak ichingdagi o‘zing xohlagan kasbing boshqa ekanda», deyishadi. Bilmadim. Bu sohaga qiziqishim to‘qqiz yoshimda boshlangan. Juda qiziqqanman. O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga ham kirganman. Mustaqil ijodim 1999 yilda boshlangan. «Balki 9 yoshimdan buyon san’atda bo‘lganim uchun zerikkandirman.

Xalqimizda ham san’atga nisbatan avvalgidek qiziqish yo‘q. Bo‘lar-bo‘lmas qo‘shiqlar ham ko‘paydi. Vatanga, oilaga muhabbat haqida, jiddiy mavzularda ijodlar kamayib ketdi. Tarbiyaviy qo‘shiqlar kamayib ketdi. Sayozlashib ketdi. Balki shundan so‘ng hafsalam pir bo‘lib, ijod qilgim kelmay qolgandir.

Bundan tashqari oilaviy muammolar ham bo‘ldi. Har bitta oilada o‘ziga yarasha muammolar bo‘ladi. Bu dunyo mashaqqatdan iborat bo‘lgani uchun, hech bir narsa tekis ketmaydi. Depressiyaga tushgan vaqtlarim ham bo‘ldi.

Sog‘lig‘imda muammolar bo‘ldi. 3-4 yil yuragim bo‘g‘zimga tiqilib yurgandek, nafasim tiqilib, yurak notekis urayotgandek bo‘lib yurdi. Buni aytmoqchi emasdim, lekin shunaqa holatlar bo‘ldi. Bu holat 2015 yillarga to‘g‘ri keladi.

To‘ylarga borganimda ovoz kuchaytirgichning ovozidan yuragim teskari urayotganga o‘xshab, nafasim tiqilib qolardi. Qo‘shiqlarning avjida boshlarim aylanib ketib, yiqilmaslik uchun, musiqa asboblarini ushlab olardim. O‘zimcha bu holatni o‘tish davrida bo‘ladigan vaziyat deb o‘yladim. Yoshi ulug‘ insonlar ham «o‘ttizning oxiri, qirq yoshning boshlarida insonda o‘tish davri bo‘ladi», deyishardi.

Shifokorlarga qon bosimimni o‘lchatib, yuragimni tekshirtiraman, ularning hammasi «yaxshisan», deyishardi. «Hozir o‘lib qolaman», degan vahimalar ham bo‘lgan. Buni tibbiyot tilida fobiya deb atashar ekan. Ibodatda bo‘ldim, hech qanday dori-darmonsiz bu davrni o‘tkazib oldim. Hozir Allohga shukr, sog‘ligim joyida", - deydi Umid Shahobov.

Ma’lumot uchun, Umid Shahobov 1976 yil, 7 noyabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasining «An’anaviy xonandalik va ijrochilik» yo‘nalishini tugatgan. «Shuhrat» medali sohibi. 300 ortiq mualliflik qo‘shiqlari bor. Oilali, uch farzandning otasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Umid Shahobov shou-biznesdan zerikkani va noma’lum kasallikdan qiynalgani haqida gapirib berdi (video)