16:10 / 17.11.2021
11 751

«Xalqlar do‘stligi» saroyida yil oxirigacha o‘tkaziladigan konsertlarga kirish qanchaga tushadi?

«Xalqlar do‘stligi» saroyida yil oxirigacha o‘tkaziladigan konsertlarga kirish qanchaga tushadi?
Konsert-tomoshalarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingach, karantin sabab qoldirilgan konsert dasturlari namoyishi boshlandi. Quyida yil so‘ngiga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsert chiptalarining narx-navosiga qiziqdik.

Foto: Instagram
Qiziqchi Avaz Oxunning konsert dasturidan so‘ng rus estradasi vakillari HammAli va Navaining konsert dasturi namoyish etiladi. 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan konsert biletlari 250 ming so‘mdan, 750 ming so‘mgacha narxda sotuvga chiqarilgan. Sotuv onlayn tarzda ham amalga oshirilmoqda.

Foto: Instagram / @bunyodbeksaidov
21–24 noyabr kuni Bunyodbek Saidovning «Xalqim bilan» nomli konsert dasturi namoyish etiladi. Konsert biletlari 20 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda sotuvga chiqarildi. Ammo hozir balkondan tashqari bo‘lgan joylardan bilet xarid qilish muammo. Old qatorlardagi biletlar allaqachon sotib bo‘lingan.

Tohir Sodiqov, Rayhon, Shohrux reper, Munisa Rizayeva va Shohruxxon ishtirokidagi «7 yulduz» gala-konsert biletlari 2020 yildan sotuvga chiqarilgan edi. Uzoq kutishlardan so‘ng nihoyat konsert 26—30 noyabr va 1—2 dekabr kunlari namoyish etiladi. Konsert biletlarini 30 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda xarid qilish mumkin.

Foto: Instagram
Turk xonandasi Mustafo Sandalning 4 dekabr kuni «Humo arena» muz saroyida o‘tkaziladigan konsert dasturi biletlari «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyi kassasida ham sotilmoqda. Biletlar afishalarda yozilganidek 150 ming so‘mdan boshlanmaydi, aksincha shu summada yakunlanadi. Eng yaxshi o‘rinlarni 1 500 million so‘mdan xarid qilish mumkin.

Foto: Instagram / @dizayn_shou_official
«Dizayn» kulgi jamoasining 4—13 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan konsert biletlari 35 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda sotuvga qo‘yilgan. Jamoaning avvalgi yillardagi konsertlariga nisbatan bu yilgisiga talab u qadar yuqori emas. Pulingizga qarab istalgan o‘rinni band qilishingiz mumkin.

Foto: Instagram / @alisherfayz_official1
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayz konsertining biletlar savdosi havas qilgudek. 14—19 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan konsert dasturining biletlari deyarli sotib bo‘lingan. Faqat sahnaning chekka qismidagi biletlarni 150 ming so‘mdan va balkonning yuqori qatorlaridagi joy biletlarini 30 ming so‘mdan xarid qilishingiz mumkin.

Foto: Instagram / @nodirbek_hayitov_official
Har yili bir necha kunlab konsert beradigan qiziqchi Nodirbek Hayitov bu yil bir kunlik konsert bilan kifoyalandi. «Odamlar nima deydi?» deb nomlangan konsert 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Konsertda yoshlar orasida ommalashgan qoraqalpog‘istonlik qo‘shiqchi Osman Navro‘zov mehmon sifatida ishtirok etadi. Chipta narxlari boshqa konsertlarga qaraganda ancha arzon. Hamyoningiz ko‘targancha, 25 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda xarid qilishingiz mumkin.

23—24 dekabr kunlari «Tarona shou» konsert dasturi namoyish etiladi. Afishalarda qaysi san’atkorlar chiqishi ochiqlanmagan konsert biletlarini 30 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda xarid qilishingiz mumkin.

Foto: Instagram
26—27 dekabr kunlarini opera xonandasi Jenisbek Piyozov band etgan. Konsert uchun chiptalarni 25 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda xarid qilishingiz mumkin. Biletlar hali serob.

28—29 dekabr kunlari «Yangi yil yulduzlar davrasida» nomli konsert dasturi o‘tkaziladi. Mazkur konsert uchun ham 25 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda chiptalarni xarid qilishingiz mumkin. Bu tomosha ishtirokchilari nomi e’lon qilinmaganligi uchunmi, talab yuqori emas. Chiptalar savdosi anchagina sust.

Yilning eng so‘nggi tomoshasi doimgidek bolajonlarga bag‘ishlanadi. «Yangi yil qaroqchilari» deb nomlangan konsert dasturining chiptalari boshqa konsertlarga qaraganda ancha arzon. Chiptalar ochiq kassada emas, hamkorlar ko‘magida sotiladi.

Ha aytgancha, yo‘q deyilayotgan konsert biletlari doimgidek ko‘chada topiladi. Faqat kassa narxidan biroz qimmatga sotib olasiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Xalqlar do‘stligi» saroyida yil oxirigacha o‘tkaziladigan konsertlarga kirish qanchaga tushadi?