date

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 avgust kuni Samarqandga tashrif buyurdi. An’anaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Davlat rahbari majmuadagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Ziyoratgohning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi qurib bitkazilgan. Majmuaning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar qurilgan.

Prezident bu majmua faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Imom Buxoriyning izlanishlari, bilimi va kamoloti bu yerga keluvchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi qayd etildi.

Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etilmoqda. U Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.

Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Davlat rahbari qurilishni sifatli bajarish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, majmua atrofida yashil maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi