date

Charm-poyabzal sanoatida yangi sanoat zonalari tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev charm va poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi, deb UzDaily.uz xabar berdi.

So‘nggi yillarda sohani qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va eksportni oshirish bo‘yicha qator choralar amalga oshirildi. 2026 yilning birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard so‘mga yetdi va o‘sish sur’ati 25 foizdan oshdi.

2030 yilga qadar sohada ishlab chiqarish hajmini 12 trillion so‘mga yetkazish, eksport hajmini 500 million dollarga oshirish va 12 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Taqdimotda sohada hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar ham qayd etildi. Mamlakatda katta hajmda teri va jun xomashyosi yetishtirilayotgan bo‘lsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda.

Xususan, qo‘y va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida saqlanib qolmoqda. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna junning atigi 6 ming tonnasi qayta ishlanmoqda.

Yig‘ilishda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish ulushini ko‘paytirish va eksport bozorlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan yangi sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ushbu hududlarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika markazlari, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Zonalar faoliyati maxsus direksiya tomonidan boshqariladi.

Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga mos zamonaviy sanoat zonasi barpo etilishi aytildi. Bu yerda markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha suvni qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, xomashyo bazasini kengaytirish uchun qo‘shni davlatlardan mol terisini import qilish, tadbirkorlarga “yagona darcha” asosida xizmat ko‘rsatish va transport xarajatlarini qoplab berish taklif etildi.

Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yig‘ish va birlamchi qayta ishlash punktlarini tashkil etish choralari ham ko‘rib chiqildi.

Sirdaryo viloyatida junni qayta ishlashga ixtisoslashgan yangi kompleks tashkil etish rejalashtirilmoqda. Uning quvvati yiliga 30 ming tonna junni qayta ishlash imkonini beradi.

Loyiha amalga oshirilsa, tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qo‘shilgan qiymat, eksport hajmi va yangi ish o‘rinlari sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Taqdimotda sun’iy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirda mamlakatda ushbu yo‘nalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ular doirasida 50 million pogon metr sun’iy charm mahsuloti ishlab chiqarish quvvati yaratilishi, ichki bozor talabi qisman qoplanishi va eksport hajmi oshishi ta’kidlandi.

Prezident sohada berilgan imtiyozlar faqat aniq hisob-kitob va amaliy harakat bilan samara berishini ta’kidladi. Mas’ullarga korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, quvvatlardan to‘liq foydalanish va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Charm-poyabzal sanoatida yangi sanoat zonalari tashkil etiladi