08:02 / 08.04.2018
3 831

Dalillarning soxtalashtirilishi uchun – 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish

Dalillarning soxtalashtirilishi uchun – 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish
«Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun e’lon qilindi, deb yozmoqda Norma.

Jinoyat kodeksiga dalillarni va tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish (qalbakilashtirish) uchun 2 ta alohida modda (230-1 va 230-2) kiritildi. Prezident 30.11.2017 yildagi PF–5268-son Farmonida ana shunday tashabbus bilan chiqqan edi.

Yangi moddalar kimlarga nisbatan tatbiq etiladi
Faqat alohida sub’ektlar uchun jinoyatlarning yangi tarkiblari bo‘yicha javobgarlik nazarda tutilmoqda. Ularga quyidagilar kiradi:

• isbotlashni amalga oshirayotgan shaxslar (JPKning 86-moddasi 1-qismi), – tergovga qadar tekshiruv o‘tkazuvchi mansabdor shaxslar, surishtiruvchilar, tergovchilar, prokurorlar, sud tarkibi a’zolari;
• isbotlashda ishtirok etish uchun jalb qilinayotgan shaxslar (JPKning 86-moddasi 3-qismi), – JPKda belgilangan tartibda dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash bilan bog‘liq huquqlarni amalga oshiruvchi va majburiyatlarni bajaruvchi mutaxassislar, xolislar, shuningdek boshqa fuqarolar va mansabdor shaxslar;
• tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga vakolatli shaxslar (ularning ro‘yxati idoraviy hujjatlar bilan belgilanadi).

Qonun hujjatlarida qarama-qarshilik yuzaga keldi. JPKning 86-moddasi 1-qismida isbotlashni amalga oshirayotgan shaxslar ro‘yxatida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazuvchi xodimlar mavjud emas. Biroq, JPKning 39-2-moddasi bilan ularga mazkur sohada aniq vakolatlar berilgan.

Bundan tashqari, «isbotlashni amalga oshirayotgan shaxslar» noaniq formulirovkasini «isbotlashda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar» atamasi bilan chalkashtirilishi mumkin. Jinoyat protsessining bunday ishtirokchilari sirasiga himoyachi (advokat), gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari kiradi. Himoyachining dalillarni to‘plash imkoniyatlari kengaytirilganligi sababli bu ayniqsa muhimdir. Shu bois ushbu normaga hech bo‘lmaganda Oliy sud Plenumi qarori darajasida aniqlik kiritilishi zarur.

Shuningdek ushbu modda ekspertlarga (agar ular mutaxassis vazifasini bajarmasalar) va tarjimonlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ekspertning bila turib noto‘g‘ri xulosa berishi va bir tildan ikkinchi tilga bila turib noto‘g‘ri tarjima qilish uchun javobgarlik JKning 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) bo‘yicha yuzaga keladi.

Jinoyatning o‘zi nima, u qanday jazolanadi
Dalillarning soxtalashtirilishiga ta’rif berilgan – tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlari materiallari bo‘yicha dalillarni to‘plash, tekshirish va baholash chog‘ida g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda hujjatlarga yoxud ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlarni kiritish va o‘zga buzib ko‘rsatish. Bu EKIHning 300 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud muayyan huquqdan mahrum etib, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, JPKning 81-moddasi 1-qismiga muvofiq dalillar – ijtimoiy xavfli qilmishning yuz bergan-bermaganligini, shu qilmishni sodir etgan shaxsning aybli-aybsizligini va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni surishtiruvchining, tergovchining va sudning qonunda belgilangan tartibda aniqlashiga asos bo‘ladigan har qanday haqiqiy ma’lumotlar.

JPKning 90-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’lumotlar va narsalardan, ular tergov harakati bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etilganidan keyingina dalil sifatida foydalanish mumkinligi sababli, muallif fikriga ko‘ra, bayonnomada soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) dalilning aks ettirilishi jinoyat sodir etilib bo‘lgan payt hisoblanadi. Bu paytgacha qilmish qasd qilish deb hisoblanishi kerak. Demak, undan ixtiyoriy voz kechilishi ham mumkin.

Bayon etilgan jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa yoxud shaxsni ushlab turishga, qamoqqa olishga, jinoiy javobgarlikka tortishga yoki jinoiy javobgarlikdan ozod etishga, hukm qilishga yoxud oqlashga sabab bo‘lsa, jazo ko‘paytiriladi – muayyan huquqdan mahrum etib, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga olib keladi.

Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat to‘g‘risidagi jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish), xuddi shuningdek dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, – muayyan huquqdan mahrum etib, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bu yerda faqat jinoyat ishlari doirasida dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) to‘g‘risida so‘z bormoqda. Fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy ishlar hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha xuddi shunday harakatlar Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bo‘yicha jazolanadi. Masalan, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bo‘yicha.

Shuningdek ushbu modda bila turib berilgan, guvohlar va jabrlanuvchilarning yolg‘on ko‘rsatuvlari, ekspertlarning xulosalari va tarjimalarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday harakatlar yolg‘on guvohlik berish (JKning 238-moddasi) deb topiladi, yolg‘on guvohlik berganlik uchun jazo haqida quyida so‘z yuritilgan.

Tezkor-qidiruv faoliyati natijalari bilan ish yuritish mushkulroq
Qonun hujjatlarida tezkor-qidiruv faoliyati (TQF) natijalariga aniq ta’rif berilmagan. Muallifning fikricha, bunda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish davomida olingan va belgilangan qoidalarga muvofiq rasman rasmiylashtirilgan axborot va materiallar tushuniladi.

TQF natijalari bo‘yicha javobgarlik yuzaga kelishi uchun qo‘shimcha shart kiritildi – jinoyatchining (jinoyatchilarning) quyidagi maqsadlaridan biri isbotlanishi shart:

• jinoyatni sodir etishga aloqasi yo‘qligi oldindan ayon bo‘lgan shaxsni jinoiy ta’qib qilish;
• shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga zarar yetkazish.

TQF natijalari davlat siri hisoblanishi inobatga olinsa, ular TQFni amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan qaror asosida surishtiruv, tergov organlariga, prokurorga taqdim etiladi («Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning 19-moddasi). Shu sababga ko‘ra, fikrimizcha, natijalarni keyinchalik taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish uchun ularning rahbarga berilishi jinoyat sodir etilib bo‘lgan payt hisoblanadi. Rahbarning o‘zi uchun esa – ma’lumotlar surishtiruv, tergov organlariga, prokurorga taqdim etilgan paytdan boshlab. Nazarimizda, bunday qilmish yolg‘on xabar berishni o‘z ichiga qamrab oladi va JKning 237-moddasi bo‘yicha qo‘shimcha baho berishni talab qilmaydi.

Agar soxtalashtirilgan (qalbakilashtirilgan) ma’lumotlar va TQF materiallarini oshkor qilish yo‘li bilan shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga zarar yetkazilgan bo‘lsa, muallifning fikricha, MJTKning yangi 230-2-moddasi bo‘yicha emas, balki 40-moddasi (tuhmat) yoki UKning 139-moddasi (tuhmat) bo‘yicha javobgarlik yuzaga kelishi kerak. Soxtalashtirilgan tezkor-qidiruv faoliyati natijalari bunday davlat sirlaridan xabardor bo‘lish vakolatiga ega bo‘lgan shaxslarga ishonchli deb taqdim etilgandagina («xizmat obro‘sini tushirish») qilmish JKning 230-2-moddasi bo‘yicha baholanadi.

Kim tergov qiladi
JPKning 345-moddasiga (tergovga tegishlilik) o‘zgartirishlar kiritilmadi, shu sababli 230-1 va 230-2-moddalarda nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergovni o‘tkazishga qaysi tergov organi vakolatli ekanligini aniq belgilash mushkul.

Bu yerda ketma-ketlik sub’ektga qarab belgilanadi. Masalan, prokuror va tergovchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari prokuratura organlarining mutlaq vakolatiga kiradi («Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunning 49-moddasi). Harbiy xizmatchi maqomiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan esa – harbiy prokuratura vakolatiga (JPKning 345-moddasi 3-qismi).

Biroq isbotlash amalga oshiriladigan qolgan ishtirokchilarga nisbatan aniq ko‘rsatmalar mavjud emas.

Tahririyatdan: Mazkur maqolada bayon etilgan qonun hujjatlari talqini rasmiy talqindan farqlanishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Dalillarning soxtalashtirilishi uchun – 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish